Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir tug‘ilgan farzand uchun to‘lab beriladi.
Bir martalik nafaqa summasi — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya’ni hozirgi kunda 688 940 so‘mni tashkil etadi.
Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Bugungi kunda bola tug‘ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi barcha ma’lumotlar tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) tomonidan "Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan barcha zaruriy ma’lumotlar tibbiyot muassasasi va FHDYO axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda «Suyunchi» nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.
Bunda, bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish orqali «suyunchi» nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga ko‘ra ushbu nafaqalar Xalq bankiga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.
Ma’lumot uchun: bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.