Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Talaba bo‘lishni orzu qilgan bokschi: “ERISHGANLARING EMAS, YO‘QOTGANLARING SENI CHEMPION QILADI”

10.8.2023 3378

Sadoqat RASHIDOVA, O‘zJOKU talabasi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarining eng katta voqealaridan birini eslaysizmi?  Kubalik tajribali bokschi, 92 kg vazn toifasida besh karra jahon, ikki karra Olimpiya chempioni  Xulio Sezar La Kruzni 4:1 hisobida mag‘lub etib, muxlislarini hayratga slogan yosh bokschimiz Lazizbek Mullajonov haqida ko‘proq bilib olishga nima deysiz?

“Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Oson erishilgan narsalar esa tez qo‘ldan ketadi. Chempionlik ham xuddi shunday, sen qanchalik qiynalib, ko‘p mehnat qilsang, g‘alaba ham shuncha totli bo‘ladi. Menimcha, erishganlaring emas, yo‘qotganlaring seni chempion qiladi. Yiqilganda qayta tura olish va xatolarini bartaraf etib, yo‘lida davom etish sportchining eng katta g‘alabasidir. Men ham o‘z ustimda yana-da ko‘proq ishlab, 2024-yili Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lishni niyat qilganman”.

“Sportdagi tengdoshim” ruknining bu galgi qahramoni  sportning boks turi bo‘yicha 2021-yil harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionatining oltin medal sohibi, 2022-yili bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati g‘olibi, 2023-yil Toshkent mezbonlik qilgan boks bo‘yicha Jahon chempionati bronza medali sovrindori – Lazizbek Mullajonov. Boks bilan shug‘ullanishni 13 yoshida boshlagan qahramonimiz hozir terma jamoamiz safida og‘ir va super og‘ir vazn toifasida tashkil etilayotgan milliy hamda xalqaro turnirlarda muntazam ishtirok etib keladi.

Futboldan boksgacha

– Sport bilan shug‘ullanishni futboldan boshlaganman. Chunki yoshligimda futbolga qiziqishim juda kuchli bo‘lgan. Boksga kirib kelishimga esa birinchi murabbiyim Sherzod Husanov sababchi bo‘lgan. Futbol bilan shug‘ullanib yurgan paytlarim ustozim menga “Laziz, harakatlaring, jismoniy holating, texnikang yaxshi, sen o‘zingni boksda sinab ko‘rishing kerak. Futbol jamoaviy o‘yin, unda sen yaxshi o‘ynaganing bilan qolgan jamoadoshlaring harakat qilmasa, natija bo‘lmaydi. Boks esa individual sport turi. Unda hamma o‘zi uchun harakat qiladi”, deganlar. Shundan keyin 13 yoshimdan boshlab sportning boks turi bo‘yicha shug‘ullanishni boshladim. Boshida uncha ko‘nikolmadim. Keyin mashg‘ulot jarayonlarini kuchaytirib, musobaqalarga chiqib, g‘olib bo‘la boshlaganimdan so‘ng boksga qiziqishim ortdi.

Talaba bo‘lishni juda ham istaganman...

– Talabalik baxtiga erishishimga ham sportdagi muvaffaqiyatlarim sabab bo‘lgan. 2017-yili yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etib, yo‘llanma yutib olganman. Bu esa menga Qo‘qon davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga kirishga imkon bergan. Talaba bo‘lishni juda ham istaganim uchunmi, yo‘llanmani qo‘lga kiritgan paytim rosa xursand bo‘lganman. To‘g‘ri, ko‘p vaqtim terma jamoa bilan yig‘inlarda o‘tardi, shu sababli ba’zan 1-2 oylab o‘qishga bora olmasdik. Lekin yo‘nalishim jismoniy tarbiya bo‘lib, bizda ko‘proq amaliy bilimlar berilgani uchun o‘qish bilan bog‘liq hech qanday muammolar bo‘lmagan. Talabalikdan ham o‘ziga xos xotiralar qolgan.

 

Toshkentdagi jahon chempionati va ona yig‘isi

– Toshkentdagi jahon chempionati juda ham esda qolarli o‘tdi. Chempionatga yurtimiz mezbonlik qilishi haqida eshitganimda, g‘olib bo‘lish ishtiyoqim yana ham kuchayib ketdi. Chunki yurtdoshlari, oilasi, muxlislar oldida, ular bilan birga g‘alabani nishonlashni, yurti bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarishni har bir sportchi orzu qiladi, menimcha. Eng avvalo, chempionatning tashkiliy jarayonlari juda ham yuqori saviyada bo‘ldi. Shukr, men ham terma jamoamiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni olishiga o‘z hissamni qo‘shib, bronza medalga ega chiqdim. Bizga nasib etgani shu ekan, bundan juda xursandman. Bu chempionat menga hech qachon unutilmas damlarni sovg‘a qildi. Albatta, bu yutuqlarga erishishimda meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga, biz bilan birga mehnat qilayotgan ustozlarimga, ortimdan duo qilib turgan ota-onamga kattakon rahmat aytaman. Musobaqada qatnashish uchun ketishimdan avval otam yonlariga chaqirib “O‘g‘lim, senga oilang, qishlog‘imiz, butun O‘zbekiston ishonmoqda. Sen uchun shuncha qo‘llar duoga ochilgan. Iltimos, oxirigacha g‘alaba qozonib, hammamizni xursand qil, ishonchimizni oqla. Sen yutqazsang, onang yig‘laydi, onangni yig‘latma, o‘glim”, dedilar. Otamning bu gaplari menga juda katta mas’uliyat yukladi va ringga har doimgidanda ko‘proq ishtiyoq bilan chiqishga undadi. Albatta, hech qaysi o‘g‘il onasining yig‘lashini istamaydi. Men ham bu uchun qo‘limdan kelganicha harakat qildim.

 

Kelajak rejalaringiz?

– Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Oson erishilgan narsalar esa tez qo‘ldan ketadi. Chempionlik ham xuddi shunday, sen qanchalik qiynalib, ko‘p mehnat qilsang, g‘alaba ham shuncha totli bo‘ladi. Menimcha, erishganlaring emas, yo‘qotganlaring seni chempion qiladi. Yiqilganda qayta tura olish va xatolarini bartaraf etib, yo‘lida davom etish sportchining eng katta g‘alabasidir. Men ham o‘z ustimda yana-da ko‘proq ishlab, 2024-yili Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lishni niyat qilganman.

Qaysi yosh sportchi bilan yaqindan tanishishni istaysiz? Takliflaringizni yoshlar-ovozi@mail.ru pochta manziliga yo‘llang!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish