Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YO OTA, DEB KO‘TAR, EY YODGOR!

15.3.2023 249

Shahriyor SHAVKAT

Kuch ber qo‘lga, bilakka kuch ber,

Kim o‘zini yov kabi tutgan,

Kim do‘st bo‘lib yovdanam o‘tgan.

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor!

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor,

Sening otang Alpomish o‘tgan!

 

Xo‘rlik bekor, haqorat bekor,

Kim shoh bo‘lib, elin unutgan,

Kim Qultoylik yengini tutgan.

Kim oshini indamay yutgan,

Kim boshini dorlarga tutgan,

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor!

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor!

Ajdodlaring sarbador o‘tgan.

 

Otang bozor, ham onang bozor,

Dalang mozor, ostonang mozor,

Sandiqlarni bosguncha mog‘or

Kim miltig‘in qo‘rqib berkitgan.

Kim qo‘shnisin uyini titgan,

Kim yov uchun og‘asin tutgan,

Yo unutgan, yo esda tutgan,

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor!

Ajdodlaring “bosmachi” o‘tgan.

 

Bugun boshda ozodliging bor,

Yaxshi ajrat yaxshi-yomonni,

Sendan boshqa ko‘tarolmaydi

O‘n to‘rt botmon O‘zbekistonni!

Kim hali ham haqni berkitgan,

Kim pisinib, vaziyat kutgan,

Kim o‘z yo‘lin vaqtida tutgan,

Kim Vatan deb baralla aytgan!

Yo ota, deb ko‘tar, ey Yodgor!

Ajdodlaring pahlavon o‘tgan!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish