Yoshlar siyosatida tub burilish. Endilikda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, 3 toifaga ajratiladi.
Bunda:
- yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol 4,4 million nafar yoshlar “yaxshi” toifaga;
- turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “oʻrta” toifaga;
- davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli ogʻir” toifasiga ajratildi.
Asosiy eʼtibor uchinchi toifaga qaratilmoqda. Mazkur toifadagi yoshlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha roʻyxatga olindi:
116 ming nafari – nogironlik;
30 ming nafari – surunkali kasalligi bor;
32 ming nafari – profilaktik hisobda turgan;
16 ming nafari – probatsiya nazoratida;
9 min nafari – muntazam dars qoldiradi.
Har bir vazir, vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy o‘quv yurti rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga 50 nafardan uchinchi toifadagi yoshlar nomma-nom biriktirdi.
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “BIRLIK” mahallasida ham xatlov natijalariga asosan:
790 nafar yosh quyidagicha toifalandi:
373 nafari – “yashil”,
364 nafari – “sariq”,
24 nafari – “qizil”.
“Qizil” toifaga olingan yoshlar 11 nafar rahbarga biriktirildi va ular bilan ishlash boʻyicha manzilli “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi. Hozirga qadar:
3 nafar yoshga – oʻzini oʻzi band qilish uchun subsidiya asosida mehnat qurollari olib berildi;
2 nafar yosh – kasb-hunarga oʻqitildi;
2 nafar yosh – muntazam dars mashgʻulotlariga qaytarildi.
“Hayotimga mazmun, ushalmas orzularimga qanot bo‘layotganlardan minnatdorman”
Azizbek 9-sinf o‘quvchi. U yolgʻiz onasiga yordam berish, kunlik ishlarga chiqib pul topish uchun muntazam dars qoldirgani sabab “qizil” toifaga roʻyxatga olindi.
Azizbek ARIPOV, Chinoz tumanidagi “Birlik” mahallasidan:
– Onam akam ikkalamizni yolgʻiz katta qildi. Uyimiz ham bir xonali, taʼmirtalab holda edi. Onam deyarli har kuni ishlardi. Biz ham katta boʻlib, onamga yordam berish, ro‘zg‘or tebratish uchun mavsumiy ishlarga chiqa boshladik. Koʻchalarda bolalar bilan koptok tepib, futbol oʻynash, velosiped minib yurish menga ushalmas orzu boʻlgan. Maktabga ham muntazam borolmaganman. Oʻqishni juda ham xohlardim, lekin roʻzgʻorga qarashib, pul topishim, kasalmand onamga yordam berishim kerak edi. Tengdoshlarim koʻcha changitib yugurib yurganini koʻrganimda xoʻrligim kelardi. Tengdoshlarim qatori uyda koʻrib oʻtiradigan televizorimiz ham boʻlmagani juda alam qilardi.
Bir kuni mahallamiz yoshlar yetakchisi Sarvar Mirzayev uyimizga kelib, nima uchun koʻp dars qoldirayotganimni soʻradi. Meni davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj yoshlar toifasiga olishini, bu borada Chinoz tumani hokimi B.Alimbekov yordam berishini aytdi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, Chinoz tumani hokimi, Yoshlar ishlari agentligi Chinoz tumani boʻlimi boshligʻi D.Qodirov mahalla faollari bilan kelib, uyimizni koʻzdan kechirdi. Oʻsha kunning ertasigayoq qum va shagʻal olib kelinib, uyimiz yonidan 4 xonali uy qurilishi boshlab yuborildi. Shuningdek, menga televizor, telefon, hatto velosiped ham hadya qilishdi. Hayotimga mazmun, ushalmas orzularimga qanot bergan odamlarning barchasidan minnatdorman!
***
Mahalla yoshlar yetakchisi Sarvar Mirzayev xonadon qurilishida koʻngilli yoshlar bilan hashar uyishtirmoqda. Yoshar ham bunday savobli ishga hissa qo‘shayotganidan mamnun.
Davlatimiz rahbari aytganidek, “Odamlar ertaga yoki kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”. Azizbek kabi yoshlarga bu hayotbaxsh soʻzlar mislsiz kuch va umid beradi.