Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

1-noyabrdan nimalar o‘zgarmoqda?

1.11.2023 358

Shahruza SATTOROVA tayyorladi.

O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-noyabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi. Jumladan:

 

Psixologik yordam ko‘rsatiladi

“Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Unga koʻra, tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.

 

Xonadonlarga internet tarmog‘i olib kiriladi

“BMTning “Elektron hukumat taqdimoti hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingi yaxshilanishiga doir qoʻshilcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga muvofiq, “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda aholi xonadonlariga internet tarmog‘ini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturini amalga oshirish boshlanadi.

 

Hokimlar shaharsozlik kursida o‘qiydi

Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-sonli qaroriga koʻra, qurilish vazirligi tomonidan mahalliy hokimiyat va hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun shaharsozlik sohasida bilimlarni oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

 

Avtoraqamlar uchun to‘lov oshadi

2023-yil 10-avgust kuni ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bu haqidagi buyruqni imzolagan. Buyruq iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.

Unga koʻra, avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari berilganligi uchun to‘lov BHMning 3,5 baravarini (avval 1,5 baravari), mototransport uchun — BHMning 1,75 baravarini (avval 0,75 baravari) tashkil etadi.

 

Jamoat transportida yangi tarif

Poytaxt jamoat transportida yangi, qo‘shimcha va rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etilmoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.

Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalari orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.

Yo‘lovchilar ATTO transport kartalaridan foydalangan holda bir soat ichida ikkinchi marotaba avtobusdan foydalansa, yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘laydi. Bir soat davomida yo‘lovchilar avtobusdan uchinchi va to‘rtinchi marotaba maʼlum bir manzilga harakatlanishi esa mutlaqo bepul bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish