Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘QISHNI KO‘CHIRISH: 10 savolga 10 javob

11.7.2024 717

Shahruza SATTOROVA tayyorladi.

Tabiiyki, ko‘plab talabalarni xususiy OTMdan davlat muassasasiga o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi, xorijdan O‘zbekistonga yoki mahalliy universitetlararo o‘qishni ko‘chirish tartibi qanday degan savollar o‘ylantiradi.

Quyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-sonli qaroriga asosan bu boradagi savollarga kengroq tushuntirish beramiz.

Tartibga ko‘ra, mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish uchun talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15-iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

O‘qishni ko‘chirish uchun platformalar

O‘qishni ko‘chirish uchun arizalar 5-avgustga qadar quyidagi saytlar orqali qabul qilinadi:

  • edu.uz – mahalliy davlat oliy ta’lim muassasalariaro ko‘chirish uchun;
  • uzbmb.uz – xorijiy yoki nodavlat OTMdan davlat OTMga ko‘chirish uchun.

Kerakli hujjatlar

  • ariza (onlayn tarzda);
  • transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki PDF shakli);
  • akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).

Qanday hollarda ruxsat beriladi?

2022-yildan mahalliy OTMlardan o‘qishni ko‘chirishga faqat 2 ta holatdagina ruxsat beriladi:

1) Talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lsa;

2) Davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida).

Boshqa hollarda mahalliy OTMlararo o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Boshqa hududga ham, o‘z hududidagi boshqa OTMga ham.

Xorijdan o‘qishni ko‘chirish

Bunda eski tartib saqlanib qolgan:

1) Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda o‘tish balini to‘plash talab etiladi.

2) O‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi;

3) Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Test o‘tgach, har bir talabaning hujjati qayta tekshiriladi. Kimdir “xorijda o‘qiyapti” degan soxta hujjat tayyorlagan bo‘lsa, natijalar bekor qilinadi va soxta hujjat tayyorlash fakti yuzasidan prokuraturaga murojaat etiladi.

Xorijiy va xususiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish

Nodavlat yoki xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan mahalliy davlat OTMga o‘qishni ko‘chirishda:

1) Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiriladi hamda o‘tish balini to‘plash talab etiladi;

2) O‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi;

3) Mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalish uchun esa bir martalik “super-kontrakt” to‘lab ko‘chirishi mumkin.

Davlat OTMdan nodavlat OTMga

Buning tartibini nodavlat OTMlarning o‘zi mustaqil belgilaydi.

Nodavlat OTMdan nodavlat OTMga

Buning tartibini nodavlat OTMlarning o‘zi mustaqil belgilaydi.

Xorijdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish

Buning tartibini nodavlat OTMlarning o‘zi mustaqil belgilaydi.

Bir davlat OTM ichida o‘qishni ko‘chirish

Bu masala OTM rektori tomonidan hal qilinadi, ariza ham rektor nomiga yoziladi. Bunda ko‘chirilayotgan yo‘nalishning mos va turdoshligi, ko‘chirilish sababi, OTM imkoniyatlari va boshqa holatlar inobatga olinadi.

Ta’lim shakli va tilni o‘zgartirish

Bu masala ham OTM ma’muriyati tomonidan hal qilinadi. Bunda ko‘chirish maqsadi, OTMning imkoniyati (masalan, auditoriya sig‘imi, o‘qituvchilar soni) va boshqa faktorlarga qaraladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish