Yaqin 10 yilda qanday mutaxassislarga talab kuchli bo‘ladi? Shubhasiz, zamonaviy kasb egalariga! Zamonaviy kasblar deganda, asosan internet bilan bog‘liq yoki masofadan bajarilishi mumkin bo‘lgan kasblar tushuniladi. Ularga SMM mutaxassisi, kopirayter, dasturchi, veb-dizayner, grafik dizayner va boshqalar kiradi.
Bu kasblarni egallash uchun yillab oliy ta’lim muassasalarida o‘qish va diplom olish zarur emas. O‘qish uchun oylik kurslarda qatnashib, tajriba va mahoratni oshirish kifoya. Ammo ko‘pchilik yoshlar mablag‘i bo‘lmagani sababli kurslarda o‘qiy olmaydi. Bu muammoga yechim topish maqsadida, yurtimizda yoshlarni o‘qitish va yaxshi kasb egasi bo‘lishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jumladan, “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida 1000 nafar xotin-qiz uchun SMM o‘quv kurslarida bepul ta’lim olish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu kurslarda qatnashuvchilar o‘z yashash joyiga yaqin o‘quv markazlarida kasb sirlarini o‘rganib, SMM mutaxassisi, kopirayter yoki kontent menejer sifatida uyda turib pul topish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi. Quyida bu kurslarda o‘qiyotgan yoshlar fikri, reja va maqsadlari haqida bayon qilamiz.
Ha, bepul!
– SMM sohasiga 2 yildan beri qiziqaman, – deydi 22 yoshli Nilufar Omonova. – Bu soha haqida eshitganimda o‘qishga, o‘rganishga xohish paydo bo‘lgan edi. Lekin talabaligim sababli bu maqsadni biroz chetga surib turishga to‘g‘ri keldi. Chunki kontrakt masalasi bor. Bundan tashqari SMM yo‘nalishida o‘qish kurslari ham arzon emas edi.
Nilufar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti turizm yo‘nalishida o‘qiydi. Sirtqi ta’lim shaklida tahsil olgani uchun bo‘sh vaqtlarida ishlab, kontraktini o‘zi to‘lashga harakat qiladi. O‘zi istagan sohani o‘rganishni reja qilib yurgan qiz uchun “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida e’lon qilingan “1000 SMMchi qizlar” loyihasi va bepul ta’lim olish imkoniyati yaxshi yangilik bo‘ldi.
– “1000 SMMchi qizlar” loyihasi haqida “Toshkent yoshlari” telegram sahifasida e’lon qilingan edi, – deydi Nilufar. – Avvaliga bepul ekaniga ishonolmadim. Keyin boshqa sahifalarda ham tarqala boshlaganidan so‘ng maxsus bot orqali ro‘yxatdan o‘tdim. Natijasi esa ajoyib! Bir necha yillik istagim amalga oshganidan xursandman. Bizga sifatli bilim berishyapti. Bu hech bir pulli o‘quv kurslaridan farq qilmaydi.
“Bizni darslardan o‘tadigani yo‘q”
– SMMga qiziqishim baland bo‘lgani uchun “Zakovat arena” binosida o‘tkazilgan SMM sohasida faoliyat yuritadigan tajribali mutaxassislar bilan uchrashuvga borgandim, – deydi Avazjon Karimova. – Uchrashuvda yana bir maqsadimga erishdim. “1000 SMMchi qizlar” loyihasi haqida e’lon qilishdi. O‘sha yerning o‘zida ro‘yxatdan o‘tdim va darslarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Avazjon Karimova O‘zbekiston Milliy universitetining 1-bosqich talabasi. Fransuz tilida so‘zlasha oladi. Kelajakda bir nechta tillarni o‘rganish niyatida. Til bilish ko‘nikmasi SMM sohasida o‘z o‘rnini topishiga ko‘mak beradi.
– Darslarimiz 5 hafta davom etadi, – deydi Avazjon. – Xosiyat Hasanovadan saboq olyapmiz. To‘g‘risini aytsam, darslarimiz juda qiziqarli. Barchamizi qiziqib o‘rganyapmiz, ustozimiz esa bilimini ayamasdan o‘rgatmoqda. Hatto har birimizga Instagram profillari berib, ishlashimiz uchun sharoit yaratib berdilar. Ham amaliy, ham nazariy bilimga ega bo‘layotganim meni juda quvontiradi. Kelajagimni shu soha bilan bog‘lashni niyat qilganman.