Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

104 YOSHLI MUZEYDA MILLION DOLLARLIK EKSPONAT SAQLANMOQDA

18.11.2022 2273

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

U nafaqat muzey, madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasa hamdir. 1918-yili asos solingan maskan bu yil 104 yoshni qarshi oldi!

Tengdoshlarni muzey sayohatiga va boy tariximizni chuqur o‘rganishga undovchi “Muzey va yoshlar” loyihasining navbatdagi soni yana siz bilan! Bugungi manzilimiz “otaxon” muzey – O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi. Xalqimizning qadimiy va boy sanʼati haqidagi qimmatli maʼlumotlarni olish bilan birga, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Vyetnam, Myanma mamlakatlarining tasviriy va amaliy sanʼatidan iborat eksponatlarni tomosha qilish­ni istaysizmi? Unda sayohatni boshladik!

EKSPONATLAR

Sanʼat muzeyida asrlar davomida shakllan­gan millatimiz amaliy sanʼatiga mansub ganch, yog‘och va tosh o‘ymakorligi namunalari, zargar­lik, gilamchilik, kashtado‘zlik, kulollikka mansub eksponatlar, Italiya, Fransiya va Germaniyaning o‘rta asr kolleksiyalariga tegishli Nikolay Karazining “Qirg‘iy ovi”, Zinaida Kovalevskayaning “Hovli”, An­drey Bellolining “Cho‘milayotgan ayol” kabi shoh asarlari bu muzeyga bir emas, bir necha marta tashrif buyurishingizga sabab bo‘ladi va arziydi.

Muzey ekspozitsiyasi xronologik tartibda sanʼat janri hamda turlariga ajratilgan holda tuzilib, har bir zaldagi eksponatlar sanʼat turlari, maktablari, anʼanalar va hozirgi rivojlanish markazlariga ko‘ra joylashtirilganiga guvoh bo‘lasiz. Muzey fondining katta qismini O‘zbekiston tasviriy sanʼati asarlari tashkil qiladi. Yurtimiz tabiati kuychisi O‘rol Tan­siqboyev, Abdulhaq Abdullayev, Shamsiro‘y Hasanova, Chingiz Ahmarov, Rahim Ahmedov, Neʼmat Qo‘ziboyev, Saʼdulla Abdullayev, Ro‘zi Choriyev ijodi, tasviriy sanʼat taraqqiyotida ularning hissasi muzey ekspozitsiyalarida o‘z aksini topgan.

Muzey binosining to‘rt tomoniga o‘rnatilgan zamonaviy oynalar zallarni bir xilda mayin yoritib, sanʼat asarlarini tabiiy yorug‘likda ko‘rish imkonini beradi.

ESHITGANDAN KO‘RGAN AFZAL!

Biz nega aynan bu muzey­ga sayohat qilishimiz kerak? U boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi, degan savolimizga O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi ilmiy xodimi Saodat Shodmonova shunday javob beradi:

– Markaziy Osiyoda eng yirik va noyob kolleksiyalari bi­lan mashhur muzeyimiz haqi­da yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal. Bu yerda siz eramizdan oldingi I asrga tegishli Xolchayon, yaʼni ho­zirgi Surxondaryodan topilgan haykaltaroshlik namunalarini uchratasiz, Buxoro amiri, va­zirlarning tilla va kumush suvi yugurtirib ishlangan chopon va boshqa qimmatbaho kiyimlarini tomosha qilishingiz, ularning yaratilish texnikasi bilan tanishishingiz mumkin. Muzeyning keyingi qismiga or­tiqcha taʼrif bermaymiz, agar tasviriy sanʼatning asl namu­nalarini, bir necha million dollarga baholan­gan qimmatbaho eksponatlarni ko‘rish orzungiz bo‘lsa, muzeyimizga keling. Yoshlarni dunyoning ko‘plab xalqlariga tegishli sanʼat namunalari ham hayratga solishiga ishonaman. Chet ellik sayyohlarda esa o‘zbek sanʼati ustalarining asarlari katta qiziqish uyg‘otadi. Muzeyimizda sizlarni ko‘rish bizni xursand qiladi, keling, ko‘ring va bahramand bo‘ling.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish