Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

12 YOSHLI TENGDOSHINGIZ OYIGA 500 DOLLAR TOPADI, SIZ-CHI?

1.2.2023 1353

Marjona QURBONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bugungi qahramonimiz “Everest Innova­tive School”ning 6-sinf o‘quvchisi Samandar Ismoilov. 12 yoshli Samandar yaxshi dasturchi sifatida eʼtirof etilmoqda. U yaratgan bot va murakkab dasturlash ishlari bunga sababdir.

Bot yaratishni 7 yoshida internet orqali o‘rgangan qahramonimiz keyinchalik o‘z usti­da ko‘proq ishladi. Dasturlar yaratishni, bir so‘z bilan aytganda, internet sir-asrorini “ISYSTEM ACADEMY”da o‘rganib, “Back End Java” va “Data Sciense” (sunʼiy intellekt) bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkam­lamoqda. “CIC school” uchun telegram-bot yaratib, o‘zining birinchi millionini ishlab topgan Samandar hozir Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ibrat farzand­lari” loyihasi uchun tele­gram-bot yaratish ustida ish olib bormoqda.

Qahramonimiz shu vaqtgacha “CIC School”, “Everest Innovative School” uchun tele­gram-bot yaratgan. Kundalik.com uchun yaratgan alternativ botning qulay­liklari va funksiyalari odatdagidan tubdan farq qiladi. “Himmat Project” uchun ishlab chiqqan har bir harakatni tahlil qilib beruvchi administrator tizimi, “Hamroh Books” tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarni nazorat qilish uchun yaratilgan telegram-bot uning eng yaxshi ishlaridan hisoblanadi.

Ayni vaqtlarda “Middle Backend” kampani­yasida developer (kompyuterga maʼlum bir dastur tilini taqdim etish orqali kompyuter das­turlarini yoki ilovalarni yaratadigan ki­shi) sifatida “Upwork”, “Fiver” bir­jalarida “freelancer” sifatida ish yuritmoqda. Qahramoni­mizning oylik daromadi 400- 500 AQSh dollarini tashkil etadi.

– O‘g‘limning kompyuterga qiziqishini 6 yoshida payqaganmiz, – deydi onasi Madina Mingboyeva. – U kichik bo‘lishiga qaramasdan telefon va ijtimoiy tarmoqlar­ni yaxshi tushunar edi. Shu sa­bab unga qo‘limizdan kelgancha imkoniyat yaratib berdik. O‘ylaymanki, kelajakda bundan ham katta yutuqlarga erishadi. Agar siz ham farzandingizni qaysidir soha borasida yuqori marralarga erishishini xohlasangiz, uning qiziqishini inobatga olib, moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashingiz kerak. Shunda, albatta, natija aʼlo bo‘ladi.

– Bo‘sh vaqtimda iloji boricha gadjetlardan chalg‘ishga harakat qilaman. Chunki shusiz ham kunimning 8-9 soati kompyuter yonida va internet olamida o‘tadi. Ishimni qanchalik yaxshi ko‘rmayin, kompyuter qarshisida soatlab o‘tirish sog‘ligimga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Hamma narsa vaqt bilan o‘lchanadi. Tengdoshim, siz ham vaqtingiz borida harakat qiling, izlaning, faqat xohish bo‘lsa bas. Vaqtida harakat qilsan­gizgina, o‘z maqsadingizga erishasiz, deydi kichik tengdoshimiz Samandar.

“Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi”, degan ekan faylasuflardan biri. Bugungi kunda o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan taniqli insonlar hayoti va faoliyati tahlillari ularning muvaffaqiyatining asosiy kalitlaridan biri vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olganliklarida ekanini ko‘rsatmoqda. Buni inkor etishning sira iloji yo‘q, yosh bo‘lishiga qara­masdan ilm pillapoyasida odimlayotgan Sa­mandarning yutuqlari ham buni tasdiqlaydi. Biz unga omad tilaymiz, kelajakda dunyo tanigan dasturchi bo‘lishiga ishonamiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish