Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanida 1950 nafar yosh turli sabablarga koʻra yordamga muhtoj yosh sifatida “qizil” toifaga olingan. Ular 3 ta viloyat, 24 ta tuman miqyosidagi jami 27 nafar rahbarlarga biriktirilgan. Bugunga qadar yoshlarning 845 nafari oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib yordam olgan. Jonibek Choriyev ham II guruh nogironi boʻlgani bois “ahvoli ogʻir” toifaga olingan yoshlardan.
Jonibek CHORIYEV, Shoʻrchi tumanidagi “Yoshgʻayrat” mahallasidan:
– Yoshim 19 da. May oyida mahallamiz yoshlar yetakchisi Asliddin Qudratov va “Agrobank” Shoʻrchi tumani filiali rahbari Nurbek Xurramov xonadonimizga kelib, mendan qanday ehtiyojim borligini soʻragandi. Ularga otamdan temirchilikni oʻrganganimni, payvandlash uskunasi boʻlganida oʻzim mustaqil darvoza va toʻsiqlar yasay olishimni aytgandim. Oradan oz vaqt oʻtib, menga soʻragan anjomlarimni olib kelib berishdi. Hozir mustaqil ish boshlab, kuniga 100-150 ming soʻm daromad topyapman. Kelajakda shaxsiy ustaxonamni ochib, yonimga bir nechta yoshlarni ishga olishni maqsad qilganman.
Oʻralbek TOHIROV, Shoʻrchi tumanidagi “Navroʻz” mahallasidan:
– Jismoniy imkoniyatim cheklangan boʻlsa-da, kompyuterda ishlashni mustaqil oʻrganganman. Uyda oʻtirib, daromad ham topaman. Daromadimni koʻpaytirish maqsadida zamonaviy kompyuter olishni niyat qilgandim. Ammo bunga mablagʻ topolmayotgandim. Bir kuni xonadonimizga tuman “Xalq banki” boshqaruvchisi Nazar Saidov kelib, menga nima yordam kerakligini soʻradi... Tez kunda kompyuterli boʻldim. Hozir daromadim oyiga 1,5 million soʻmdan oshyapti.
Otabek ZIYODULLAYEV, Shoʻrchi tumanidagi “Hurlik” mahallasidan:
– Profilaktik hisobda turganim uchun tuman prokurori – Farrux Xoliqovga biriktirilgan edim. Menga dehqonchilik qilishim uchun 20 sotix yer maydoni berildi. Unga pomidor ekib, parvarish qildim. Yaqinda hosilni yigʻib olaman. 15 million soʻm daromadni koʻzlab turibman.