Siz ushbu maqolani o‘qiyotgan ekansiz, demak, Xonqa tumani Madir qishlog‘ida kulolchilik sanʼati bilan shug‘ullanayotgan 6-avlod vakili – Sevara Rahimova haqida bilib olish imkoniyatiga egasiz! Qahramonimiz 2019-yilda o‘tkazilgan “Mustaqillik ijodkorlari” festivalining kulolchilik yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2022-yil “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” Respublika tanlovining Tasviriy va amaliy sanʼat yo‘nalishi “Amaliy sanʼat” nominatsiyasi bo‘yicha tuman va viloyatda ham faxrli ko‘rsatkichni qayd etdi.
– Men hozirda Urganch Innovatsion Universitetini birinchi bosqichini tamomladim. Esimni taniganimdan beri kichkina hushtak, turli xil hayvonchalar shaklidagi haykallar yasab kulolchilikning sir-sinoatlarini sekin-asta o‘rganishni boshladim. Oliygoh taʼlimi bilan birgalikda kulolchilik ilmini ham o‘zlashtirishga harakat qilyabman. Yoshligim dadam bilan birgalikda ustaxonada o‘tgan, bu kasb mening qon-qonimga singib ketgan, mehrim o‘zgacha. Dadam har doim “Qaysi kasbni tanlashingdan qatʼi nazar, o‘sha sohani shunday mustahkam egallaginki, dunyoda o‘sha kasb bo‘yicha sendan o‘tadigan inson bo‘lmasin”,deydilar. Dadamning so‘zlariga quloq solgan holda kulolchilik ilmini chuqur o‘rganmoqchiman. Oylik daromadimga kelsak har oy bir xil bo‘lavermaydi. O‘rtacha oylik daromadim 20 millionni tashkil qiladi. Bu men uchun yaxshi natija deyolaman. Chunki oddiy kulolchilik hunarim uchun oyiga 20 million topishim 20 yoshim uchun yaxshi ko‘rsatgich Kulolchilik rastalarini bezab turgan bejirim sopol idishlar siz o‘ylaganchalik oson tayyorlanmaydi. Har bir kasb zamirida o‘ziga yarasha zahmat yotadi. Qanday kasbni o‘rganishimizdan qatʼiy nazar shijoat va hafsala bilan yondoshmog‘imiz lozim – deydi yosh kulol.