“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu bois, 2024-yil uchun Davlat byudjeti loyihasini shakllantirishda bu sohalarga ham alohida ahamiyat qaratilgan.
Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun qariyb 103 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Ajratilgan ushbu mablag‘ umumiy byudjet xarajatlarining 33 foizini tashkil etadi. Maktablarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 4,1 trillion so‘m ajratilishi belgilanmoqda. Qonun loyihasi bilan oliy ta’lim muassasalari uchun kelgusi yil byudjetidan 3,9 trillion so‘m, ta’lim krediti uchun 2,2 trillion so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasi uchun 2024-yilda dori vositalari, tibbiyot buyumlari, vaksina va bakpreparatlar uchun joriy va davlat dasturlarida nazarda tutilgan xarajatlar bilan birgalikda 3,8 trillion so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi tashkil etilgan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish uchun 530 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa tadbirlar uchun yo‘naltiriladi.
Bu haqda parlament quyi palatasining majlisida 2024-yilgi Davlat byudjeti loyihasi muhokamalarida aytib o‘tildi.