Yoshlarni mutolaaga chorlash, kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni maqsad qilgan “Birga o‘qiymiz” loyihasining navbatdagi – 7-soni e’tiboringizga havola etilmoqda. Bu gal kitobsevar mushtariylarimiz o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari, yangi va qiziqarli ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun jahon adabiyotining shoh asari, Mixail Bulgakov qalamiga mansub “Ityurak” qissasini tanladik!
Hajman kichik, ammo mazmunan romanga tenglashtirilgan asarni qisqa vaqt ichida o‘qib, uzoq vaqt davomida mulohaza qilishingiz tarafdorimiz. Darvoqe, asar voqealari shu qadar qiziq va shiddat bilan kechadiki, har qanday kitobxonni o‘ziga bog‘lab olishi hech gap emas! Tibbiyot oliy o‘quv yurtini tamomlagan yozuvchining 3 oyda yozib tugatgan, 62 yil deganda
nashr etilgan asarini o‘qib chiqish uchun bugunning zamonaviy kitobxonidan uzog‘i ikki soat vaqt talab etiladi, xolos!
IT YURAGIDAGI ODAMMI
YOXUD... Asarni o‘qib ikki xil tushunchaga ega bo‘lasiz. Birinchisi, shunchaki ko‘z yugurtirib, fantastik qissa sifatida qabul qiluvchilar uchun tibbiyot sohasida katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan olimning kashfiyoti, keyinroq bu kashfiyotning ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi; ikkinchisi, qissadagi yashirin – ko‘chma ma’noni, xalq tili bilan aytganda, “Kosa tagidagi nim kosa”ni anglay olganlar uchun esa asar katta bir roman mazmuniga ega. Unga ramziy ma’nolarga tayanib, kelajak bashoratnomasi sifatida ishonishgan!
“BO‘LMAS ASLO ODAMI!”
Ko‘pincha birinchi mutolaadan so‘ng Hazrat Alisher Navoiyning quyidagi misralariga bo‘lgan munosabatingiz o‘zgaradi. Ammo bu ikki baytdagi ulkan ma’noni anglash uchun butun bir qissani o‘qib chiqqaningiz sizni hayratga solmay qo‘ymaydi! Mixail Bulgakov “Ityurak” qissasida isbotlamoqchi bo‘lgan g‘oyani g‘azal mulkining sultoni bundan ancha vaqt avvalroq, birgina qit’ada, bir necha satrlarida yozib qoldirgan:
Nokas-u nojins avlodin kishi bo‘lsun debon,
Chekma mehnatkim, latif o‘lmas kasofat olami.
Kim, kuchuk birla xo‘tukka necha qilsang tarbiyat,
It bo‘lur, dog‘i eshak, bo‘lmaslar aslo odami.