Oybek To‘rayev bir vaqtning o‘zida 35 ta universitetga qabul qilingan. U hozir Kolumbiya universiteti qoshidagi Bard kollejining dasturiy injenerlik yo‘nalishi 3-bosqich talabasi hamda US-CAEF (AQSh Markaziy Osiyo taʼlim jamg‘armasi) dasturi aʼzosi.
22 yoshli Oybek bu natijaga qanday erishdi? AQShdagi hayoti qanday kechmoqda?
– O‘qishga kirishingiz va imtihonlar haqida gapirib bersangiz.
– Boshqa davlatda o‘qish uchun iqtisodiy sharoit yaxshi bo‘lishi kerak, deb o‘ylardim. Bir kuni ijtimoiy tarmoqda 100 foiz grantga erishgan hamyurtimizning intervyusini ko‘rdim. O‘z imkoniyatimni taqqosladim va tushundimki, imtihonlarda yaxshi ball olsa, esseni yaxshi yozsa, maktab yoki litsey paytlarida faol bo‘lsa, buning iloji bor ekan. So‘ng grant yutgan talabalarni o‘rganib chiqdim va o‘z oldimga reja qo‘yib, shu bo‘yicha harakat qildim. Amerikadagi universitetga kirish uchun SAT va SAT Subject (“Mathematics 2” va “US History” fanlaridan) testlar, shuningdek, IELTS yoki TOEFL imtihonlaridan natijalar talab qilinar ekan. Kerakli kitoblarni yig‘ib, internetdagi ijtimoiy (butun dunyo bo‘yicha SAT imtihonlariga tayyorlanadigan talabalar) guruhlarga qo‘shilib tayyorlanganman. Agar SAT imtihoni natijasi bo‘lsa, IELTS yoki TOEFL ingliz tili sertifikatlari talab qilinmaydi.
– Nega aynan Amerikani tanlagansiz?
– Amerikadagi talabalar hayoti, erkin muhit, yaʼni professorlar bilan muloqot meni o‘ziga jalb qilgan. Shuningdek, bu yerga butun dunyodan eng yaxshi talabalar yig‘iladi. Ular bilan fikr almashish mumkin. Axborot texnologiyasining tarmoqlari juda ko‘p, men kiberxavfsizlik sohasiga qiziqaman va shu soha da karyeramni davom ettiraman. Kelajakda barcha sohalarga AKT kirib keladi, AKT bor joyda xavfsizlik ham muhim rol o‘ynaydi. Shu bois bu sohani mamlakatimizda ham rivojlantirishni maqsad qilganman.
– AQShdagi taʼlim haqida nimalar deya olasiz?
– Abituriyentlik paytimda o‘qishga kirib olsam, ancha yengil bo‘ladi, deb o‘ylardim. Ammo keyinchalik tushundimki, universitetdagi masʼuliyat va o‘qishlar ikki barobar ko‘proq ekan. Bu yerda hech kim sizni yaxshi o‘qishga, uyga vazifalarni qilishga majburlamaydi. Vaqtida bajarilmagan har bir dars sabab pand yeganingizda, barchasini o‘z vaqtida qilish zarurligini anglab yetasiz. Bitta auditoriyada 15-16 talaba bo‘ladi. Bunday yondashuv professor va talabalar orasida samarali dars muhitini yaratadi, hech kim chetda qolib ketmaydi.
Universitet hududi 10 gektar, tabiat bag‘rida dars qilish uchun sharoitlar yaratilgan. Eng katta kutubxona tizimi va mashhur gazetalarga, boshqa resurslarga bepul aʼzolik imkoniyati bor. Universitetda hozirgi jamiyatga, siyosatga, falsafaga aloqador fanlar faol tarzda o‘rgatiladi. Bunda haqiqiy liderlik uchun har tomonlama yetuk inson bo‘lish lozim, degan maʼno yotadi. Universitetda 150 ga yaqin klub bor va ular moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Masalan, “Muslim Students Association” (Musulmon talabalar) klubida anʼanaviy bayram tadbirlari, suhbatlar tashkillashtiriladi.
– Amerikada nimalarga erishdingiz?
– O‘zimni rivojlantirish uchun turli ko‘rik-tanlov va dasturlarda qatnashaman. “American Council” va “US Embassy”ning “C5+1 Youth Council” dasturida “Cyber SecurityChampionship” lideriman. 5000 AQSh dollari miqdorida grant yutib bajargan loyihamiz “The Best Project Team” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Nepalda o‘tkazilgan Xalqaro “Everest International MUN, EIMUN” konferensiyasida qatnashdim. Jamoamiz nomidan “OSUN Capstone Project” dasturi bo‘yicha Budapesht, Vengriyada o‘tkazilgan “Policy Labs”da bo‘ldim. Universitetdagi iqtidorli talabalar markazida tengdoshlarimga matematikadan dars o‘taman. Bu markazda GPAsi (o‘rtacha bali) yuqori bo‘lgan iqtidorli talabalarni saralab olishadi va o‘qish mobaynida ishlashga ruxsat berishadi. Yozda “Regional Internship” dasturi bo‘yicha Toshkentdagi “Eurosoft” kompaniyasida ish o‘rgandim.
– O‘qishni tugatgach nima qilmoqchisiz?
– “Cybersecurity” O‘zbekistonda endi rivojlanayotgan sohalardan. Kelajakda bu sohani yanada mustahkamroq egallashga, davlat xavfsizlik maʼlumotlarini, biznes sohasidagi xavfsizlik tarmoqlarini va madaniyatni bu yerda o‘rganayotgan bilimlarim, tajribalarimdan foydalanib rivojlantirishga harakat qilaman.