O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida yozib qo‘yilganki, “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.”
Va yana O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 25-moddasida yozilgandek “Shaxsning qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi qilmishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar to‘xtatilgan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish deb topiladi. Qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi.”
Xuddi shu kodeksning maxsus qismi 102-moddasiga binoan ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ehtiyotsizlik orqasida ikki va undan ortiq odam o‘ldirish ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xo‘sh, unda bizni sekinlik bilan o‘ldirib borayotganlar nega javobgarlikka tortilmayapti? Nima sababdan ularning xatti-harakati jinoyat deb baholanmayapti? Nima uchun biror-bir kuchishlatar tizim bu jarayonni to‘xtatib qolmaydi?
“Bu yerlar sokindir haddan tashqari…”
Termizda chang-to‘zon, Zarafshonda qum bo‘ronlari, Toshkentda esa smog… Tabiat biz bilan “omon qolish o‘yinlari” o‘ynayotgandek xuddi.
Goh anomal sovuq, goh anormal issiq. Noyabrda bodom gullaydi. Mayda qor yog‘adi. Beixtiyor o‘zingni iqlim nazoratidagi tajriba quyonchasidek his etasan kishi.Birdan uyg‘onib ketishni, kimdir chiqib “stop, kadr olindi, endi keyingi sahna” deyishini kutasan.
Afsuski, unday bo‘lmaydi. Hech kim bu fantastik filmlarni to‘xtatmaydi. Sahna ortidan rejissyorning “tasvirga olish tugadi, hammaga rahmat” degan ovozi eshitilmaydi. “Xafa bo‘lish yo‘q” deb kimdir chiqib kelarmikan deb kutaverasan-kutaverasan…
Har yili moratoriylar e’lon qilinadi: qurilishga, daraxt kesishga, unga, bunga. Lekin moratoriylarga tupurilgan holda har kim har ko‘yiga, kal qiz o‘z to‘yiga borishda davom etaveradi.
Har yili daraxtlar ekiladi, milliardlagan summalarga tantanali ko‘chat ekish marosimlari, cho‘llanishga qarshi sessiyalar-u dabdabali marosimlar o‘tkaziladi, Senat raisining o‘zi ko‘chat ham ekib keladi hatto. Ammo bunday tadbirlar “Shop-shop bobolarim” yomg‘irni qanchalik tez tindirishi bilan bir xil natijador tomoshabozlikdan farq qilmaydi.
Yiliga 200 million ko‘chat ekish bo‘yicha “Yashil makon” otli loyiha haqida eshitib quvonasan. Lekin bir uyg‘onib qarasang, hech vaqo yo‘q. Vazir chiqib, 2 million ko‘chat yolg‘ondan hisobotga qo‘shilganini, 7 milliondan ziyodi sug‘orish imkoni yo‘q, “ollo-xudo” debmi, “Sust xotin” aytibmi, bilmayman, yomg‘ir yog‘dirilsagina nam ko‘radigan yerlarga ekilganini aytadi. Ko‘zingni yumib, bu mantiqsiz, yolg‘on va reallikdan uzoq voqealardan uzilib qolishni istaysan. Lekin, yo‘q…
Gʻalati holatlar haqiqatan ko‘p. Mutaxassis kuzatadi, tahlil qiladi, bir nimalarni aniqlab “havo ifloslanishi changdangina iborat emas, baraka topkurlar, biz ko‘p ko‘mir yoqvoryapmiz” deydi. (Ehtimol “biz ko‘p…” jumlasini ishlatmagandir, lekin o‘zini haq sanaydigan odamlar bizda shu jumlani ishlatishadi-ku, to‘g‘rimi?) Endi yechim topilar, biror yaxshilik bordir deb umid qilib turgan joyingda butun boshli ekovazirlik “Ko‘mir jahon standarti, hamma o‘tyapti” deb chiqadi. Hah, o‘ynab qo‘yay, deysan labingni chap burchining pastki tomoni bilan…
Tashqaridagi havo shu darajaga kelib qolganki, chang yutib, guvala tuflasang, yozda uy ko‘tarib olasan. Albatta, ungacha tirik qolsang. Lekin hamma jim, hech kim hech narsani bilmaydi. Bilganlar ham bilishini bildirmaydi. Beixtiyor xayolingda shoirning she’ri aylanaveradi:
Bu yerlar sokindir haddan tashqari,
bu bo‘z ko‘chalarni tutmagan suron.
Shundanmi,
qimtinib, qisinib qarar
kesilmagan boshi egik olomon.
Bunda bolalar ham jiddiy, boadab,
badaviy sahroning yobonlariday.
Shovqin solib chopsa biri mabodo,
ikkinchisi urar tovonlariga...
Ha, bu yerlarda hammaning tovoni birdek qontalash, xipchin izi qotib qolgan…
Sun’iy intellektdan tabiiy intellekt egalariga yordam
Tashqarida havoning o‘zi seni o‘ldiraman deb tursa, dumi qisilgan kuchukdek iningdan chiqolmay ham qolarkansan kishi. Shu bahona “texnika moʻjizasi” — sun’iy neyrotarmoqdan o‘zimcha bir nimalarni so‘rab o‘tiraman. Buyam bir ermakda:
Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan vaqtlarda odamlar va hukumatlar turli choralarni ko‘rishlari mumkin. Mana ba’zi tavsiyalar:
Savol: Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan vaqtlarda odamlar qanday chora ko‘rishlari kerak? Hukumat-chi?
SI javobi: Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan vaqtlarda odamlar va hukumatlar turli choralarni ko‘rishlari mumkin. Mana ba’zi tavsiyalar:
Odamlar uchun choralar:
1. Ochiq havodagi faoliyatni cheklash: Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan paytlarda ochiq havodagi mashg‘ulotlarni kamaytirish yoki cheklash tavsiya etiladi. Bu, havo ifloslanishidan zararlanishni kamaytirishga yordam beradi.
2. Niqob taqish: Maxsus havo ifloslanishi uchun mo‘ljallangan niqoblar (masalan, N95 niqoblari) zararli zarrachalar va gazlarning nafas yo‘llariga kirishini kamaytiradi.
3. Suv iste’molini ko‘paytirish: Ko‘proq suv ichish, tanani tozalashga va zararli moddalarni tanadan chiqarishga yordam beradi.
4. Uydagi havo sifatini yaxshilash: Havo tozalagichlar va o‘simliklar yordamida xona ichidagi havo sifatini yaxshilash mumkin.
5. Jamoat transportidan foydalanish: Shaxsiy transport o‘rniga jamoat transportidan foydalanish havo ifloslanishini kamaytirishga yordam beradi.
Hukumatlar uchun choralar:
1. Havo sifatini kuzatish va ogohlantirish tizimlari: Havo sifatini doimiy ravishda kuzatib, aholini ogohlantirish va maslahat berish.
2. Eko-transportni rivojlantirish: Elektr transporti, velosiped yo‘llari va boshqa atrof-muhitga zarar bermaydigan transport turlarini qo‘llab-quvvatlash.
3. Sanoat chiqindilarini qat’iy nazorat qilish: Sanoat korxonalari tomonidan chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qat’iy nazorat qilish va me’yorlarni belgilash.
4. Daraxt ekish va yashil maydonlarni ko‘paytirish: Ko‘proq daraxtlar ekish va yashil hududlarni kengaytirish orqali havo tozalanadi.
5. Aholini xabardor qilish va zaruriy choralarni o‘rgatish: Aholini havo ifloslanishining salbiy ta’siri va uni kamaytirish yo‘llari haqida xabardor qilish.
Bu choralarni birgalikda amalga oshirish orqali havo ifloslanishining salbiy ta’sirini kamaytirish va atrof-muhitni himoya qilish mumkin.
Savol: Havo ifloslanishi inson salomatligiga qanday zarar yetkazadi?
SI javobi: Havo ifloslanishi inson salomatligiga turli yo‘llar bilan zarar yetkazishi mumkin. Bu zararlar quyidagilardan iborat:
1. Nafas yo‘llari kasalliklari: Havo ifloslanishi sabab o‘pkaga kiradigan zarrachalar va gazlar nafas yo‘llari kasalliklariga, jumladan, astma, bronxit va boshqa o‘pka kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
2. Yurak-qon tomir kasalliklari: Havo ifloslanishi yurak-qon tomir tizimiga ham salbiy ta’sir qiladi. Bu yurak xurujlari, insultlar va boshqa yurak-qon tomir kasalliklarining xavfini oshirishi mumkin.
3. Allergiya va nafas siqishi: Iflos havo ko‘p hollarda allergik reaksiyalarini kuchaytirishi yoki yangi allergiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, nafas olish qiyinlashuvi kabi muammolarga sabab bo‘ladi.
4. Ko‘rish qobiliyatining pasayishi: Havo ifloslanishida uchraydigan ba’zi moddalari, masalan, ozon yoki mayda chang zarralari, ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
5. Teri kasalliklari: Iflos havodagi kimyoviy moddalar va zarrachalar teri muammolariga, masalan, ekzema, teri yallig‘lanishi hamda boshqa teri kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
6. Uzoq muddatli salomatlik bilan bog‘liq muammolar: Uzoq muddatli havo ifloslanishiga duchor bo‘lish saraton, o‘pka kasalliklari va hatto erta o‘lim xavfini oshirishi mumkin.
7. Homilador ayollar va bolalar uchun xavfli: Homilador ayollar iflos havodan nafas olganda, bu homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, bolalar va yoshlar havo ifloslanishining salbiy ta’siriga kattalarga qaraganda ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin.
Shu sababli, havo ifloslanishining salbiy ta’siridan himoyalanish uchun muhimdir. Bu, shaxsiy himoya choralari qo‘llash, sog‘lom turmush tarzini yuritish va havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan davlat va jamiyat darajasidagi sa’y-harakatlarni o‘z ichiga oladi.Va hokazo-hokazolar.
Aslida, sen umid ko‘zi bilan boqayotgan “yuqoridagilar”dan ko‘ra, shu hissiz tarmoqning senga foydasi ko‘proq bo‘lib chiqishidek haqiqat qarshisida javobsiz, mum tishlab qolaverasan. Ammo, hech kim yuqorida aytilgan va neyrotarmoq ta’kidlagan erta o‘lim xavfing uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Birov bo‘yniga qo‘ymaydi ham hatto. 36 milliondan oshiq odam shunchaki bo‘g‘ilib boraveradi. Bu — o‘sha 36 milliondan oshiq odamning yashash huquqiga tajovuz, ochiq suiqasddan boshqa narsa emas!