Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

424 nafar yosh uchun daromad manbayi

1.11.2023 454

Dilfuza Eshmurodova, Yoshlar ishlari agentligining Qashqadaryo viloyati yoshlar media loyihalarini qoʻllab quvvatlash boʻyicha bosh mutaxassisi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida bogʻ va tokzorlar orasida ekin ekib, doimiy va qoʻshimcha daromad manbayiga ega boʻlish bo‘yicha “Qashqadaryo tajribasi”ni yaratish yuzasidan topshiriq berilgan edi.

Topshiriqqa binoan Yakkabogʻ tumanidagi “Darmon farm” xususiy korxonasiga qarashli 12 gektar bogʻ qator oralari yoshlarga Toʻqsonbosdi ekinlari ekish uchun ajratib berildi hamda har bir yoshga 100 kg dan sarimsoqpiyoz urugʻi tarqatildi.

Shuningdek, “Esat” mahallasi hududidagi 30 gektar yer maydonida “Yoshlar bogʻi” tashkil etish maqsadida ishsiz yoshlarga 22 ming 500 dona tok koʻchatlari topshirildi.

Shu tariqa Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanida istiqomat qiluvchi 90 nafardan ortiq ishsiz, xorijdan qaytgan yoshlarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish, mineral oʻgʻitlar bilan boyitish hamda sarimsoqpiyoz yetishtirish boʻyicha tushunchalar berish maqsadida dala maydonida seminar tashkil etildi.

Seminarda Yoshlar ishlari agentligi masʼul vakili, tuman sektor rahbarlari, Shahrisabz shahar DXX boshligʻi hamda Yoshlar ittifoqi faollari, mutaxassislar, ishsiz yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumot oʻrnida, Yakkabogʻ tumanida yoshlarga bogʻdorchilik uchun 350 gektar, tokzorlar uchun 150 gektar va Toʻqsonbosdi ekinlar ekish uchun 30 gektar yer ajratilgan. Bu jarayonlarga 424 nafar ishsiz yoshni qamrab olish va ularga qoʻshimcha daromad manbayini yaratish rejalashtirilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish