Davlatimiz rahbarining “2026-yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi” “Professional ta’lim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarini har yili uch bosqichda tizimli o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Xo‘sh, mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bugungacha yurtimizdagi mavjud ta’lim maskanlarida qancha shaxmat musobaqalari o‘tkazildi, ushbu tadbirlar asnosida qancha yoshlar qamrab olindi?
Yurtimizdan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir va Shamsiddin Vohidov singari bir qator nomdor grossmeysterlarning yetishib chiqayotgani keyingi yillarda “aql gimnastika”si bo‘lgan shaxmatga e’tibor xalqimiz orasida ancha yuksalganidan dalolatdir. Nafaqat ta’lim dargohlarida, mahalla va guzarlarda ham musobaqalar, turnirlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildiki, natijada iqtidorli shaxmatchilarni aniqlash, saralash omillarini vujudga keltirdi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda qo‘shma qaror qabul qilingani harakatlarning tizimli kechishiga turtki berdi.
– Qo‘shma qarorga asosan, shaxmat bo‘yicha “Talabalar ligasi”, “Akademik litsey ligasi” va “Professional ta’lim muassasalari ligasi” musobaqalarini o‘tkazish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlanib, o‘tgan davr mobaynida o‘nlab musobaqalar o‘tkazildi, – deydi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Abdukarimov.
Joriy yil 4-sentabridan 20-oktabrga qadar yurtimizdagi 131 ta professional ta’lim muassasalarida 176 ta shaxmat musobaqalari o‘tkazilib, ularda umumiy hisobda 5 818 nafar o‘quvchi-yoshlar, talabalar “aql janglari” bilan qamrab olingani iste’dodlar kashf etilishiga xizmat qildi deyish mumkin. Bu esa pirovardida 2026-yili mamlakatimizda o‘tkazilishi kutilayotgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoalarida har jihatdan salohiyatga ega bo‘lgan shaxmatchilar jamlanishiga zamin bo‘ladi.