Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

550 MING ABITURIYENT 56,7 BALL HAM TO‘PLAY OLMAGAN. BUNGA KIM AYBDOR?

27.8.2022 1084

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

So‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan mavzu 51 foiz abituriyent o‘tish balini yig‘a olmagani bo‘ldi. Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda 1 million 73 ming 821 nafar abituriyent testga kirgan. Ularning 550 ming nafari (51,2%) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni ham to‘play olmagan. O‘tgan yili bunday salbiy ko‘rsatkich 36 foiz edi. Bu yil esa jami abituriyentlarning yarmidan ko‘pi! Foizlar o‘sishiga abituriyentlar soni o‘tgan yilgidan 180 mingga ko‘pligi, majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ball kamaytirilib, mutaxassislik faniga ko‘proq ball berilgani ham sabab bo‘lgan.

 

56,7 BALL TO‘PLASH SHUNCHALIK QIYINMI?

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikricha, 56,7 ball to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori – 189 balning 30 foizi degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30 foiz bilimga ega bo‘lsa, bu balni yig‘a oladi. 30 foizlik bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, “2” baho ham emas! “1” baho desak to‘g‘ri bo‘lar, balki. Ya’ni 2 bahoga o‘qiganlar ham taxminan 35-55 foiz natija ko‘rsata olishi kerak. Tasavvur qilyapsizmi, yaqin yillarda maktablarni

tugatgan yoshlarning 36 foizi, aniqrog‘i 319 ming nafari fanlarni “2” bahoga ham bilmaydi. Yetarli balni olish uchun majburiy blokdagi 10 ta savoldan 5 tasiga, mutaxassislik blogidagi 30 ta savoldan 8 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya edi. Shunda 58,1 ball to‘planardi. Nahotki 550 ming abituriyent shuni ham eplay olmagan? Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, abituriyentlarning umumiy bilim darajasi ancha past. Sizningcha, nega bilim darajamiz xavotirli darajaga kelib qoldi? O‘quvchilarning katta qismi eng elementar va sodda bilimlarni ham bilmasligiga sabab nima?

 

VAZIRLIKMI, O‘QITUVCHIMI, OTA-ONAMI YOKI...

Biror muammoning yechimidan ko‘ra aybdorini topish osonroq. Bu xabar tarqalgach atrofimizda “aybdorlar” ko‘payib ketdi. Kimdir korrupsiya sabab ballar doim oshirib ko‘rsatilgan, tizim shaffoflangan sayin asl ahvolimiz ko‘rinyapti desa, boshqasi yoshlarning ko‘p qismi vaqtini behuda narsalarga sovurayotganini aytadi. Hukumatni, tizimni, maktab direktorlarini, o‘qituvchilarni, ota-onalarni, xullas, hamma bir-birini qoralash bilan band. Aslida ayb kimda o‘zi? Ta’lim sifatidan ko‘ra o‘quvchilar davomati, formasi yoki uning soch-soqoli-yu ro‘moli, qog‘ozbozlikka ko‘proq vaqt va kuch sarflayotgan vazirlikdami ayb? Yoki maoshi kamligini ro‘kach qilib, ishiga yuzaki yondashayotgan o‘qituvchidami? Bola tarbiyalash deganda faqat ularni yaxshi yedirish, kiyintirishni tushunadigan, erta-yu kech tirikchilik dardida yurib, bolasiga vaqt ajrata olmaydigan ota-onalardami? Balki, ayb o‘qishga kira olmaganida o‘zidan boshqa hammani gunohkor qilayotgan abituriyentning o‘zidadir?

 

HAMMASI YAXSHI, LEKIN…

Gap milliy ta’lim tizimimiz haqida ketar ekan,hazil tariqa aytilgan bir gap yodga tushadi: O‘zbekiston ta’lim tizimida ikki narsa yo‘q, biri ta’lim, ikkinchisi esa tizim. Xo‘sh, bu gap haqiqatmi, ahvol shu darajaga yetishi ta’lim tizimiga bog‘liqmi? Xalq ta’lim vazirligining rasmiy munosabatiga quloq tutsak:

Muhokama qilinayotgan korsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 million nafardan ortiq abituriyentlarning natijalari ekaniga ham etiborni qaratish lozim deb hisoblaymiz. 2022-yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafari yoki 24 foizi joriy yilgi maktab bitiruvchilarini tashkil etadi. 810 ming nafardan ortigi yoki 76 foiz abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi, oldingi yillar davomida oliy talim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat. 2021-yilda bitiruvchilarning ortacha bali (samaradorlik korsatkichi) 2020-yilga nisbatan 69,8 baldan 74,9 balga, yani 5,1 balga oshgan. Shuningdek, past natija korsatgan (56,7 baldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021-yilda 2020-yilga nisbatan qariyb 13 foiz yoki 35 232 nafarga kamaygan. Jumladan, 2020-yilda 56,7 baldan past natija korsatgan bitiruvchi-oquvchilar 138 780 nafar (yoki 46 foiz)ni tashkil qilgan bolsa, 2021-yilda bu korsatkich 103 548 nafar (yoki 33 foiz)ni tashkil

etgan. Albatta, hozirgi kundagi maktab bitiruvchilarining bilimi va ko‘nikmalari past ekanligini qayd etish kerak. Maktab ta’limida ta’lim mazmunini yangilash hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha boshlangan qadamlar, sekin-astalik bilan bitiruvchilarning darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi deb o‘ylaymiz”.

 

“KRESLO”SINI BERGISI KELMAYDI

Reytingda o‘tish balini ham yig‘a olmagan abituriyentlarning eng ko‘p qismi Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelgan. Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov holatdan juda tashvishda ekanini aytdi. Azamat Kamolovning aytishicha, Davlat test markazining ballar bo‘yicha dastlabki natijalariga ko‘ra, viloyatdagi umumiy abituriyentlar soniga nisbatan 55,9 foiz abituriyent 51,2 ball ham ololmagan. 101 ming 239 nafar abituriyentning 23 ming yoki 24 mingi joriy yilda maktablarni tamomlagan abituriyentlar. Mayli, qolganlari uch yil oldin, besh yil oldin, boringki, 10 yil oldin bitirgan bo‘lishi mumkin, lekin ular ham Toshkent viloyati maktablarini bitirgan. Shu o‘quvchilarga dars bergan o‘qituvchilarimiz haliyam maktabda dars beryapti, direktorlar ishlayapti. 10-15, 20-25 yil ishlagan direktorlar ishining, ko‘rsatkichining tayini yo‘q, lekin “ko‘p yillik direktorman”, deb ko‘kragini kerib, joyini bo‘shatgisi kelmaydi... Bugungi natijalar hammamizning faoliyatimizga berilgan yaqqol baholar.

 

HAMMA O‘ZICHA HAQ

Holat yuzasidan o‘qituvchilar fikrini tinglaganimizda aksariyati o‘quvchilarning o‘qishga ishtiyoqi yo‘qligi, ota-onasining ularga bee’tiborligi haqida arzi hol qilmoqda. Darhaqiqat, bolani o‘qitishda ustozlar sal qattiqqo‘llik qilishsa, yugurib borib ustozlarga do‘q-po‘pisa qiladigan, farzandining dars qilish-qilmasligini ikkinchi darajaga qo‘ygan ota-onalar ham talaygina. Yana bir toifa borki, ular hatto farzandining nechanchi sinfda o‘qishini bilmaydi, maktabdagi majlislarga borish tugul, farzandining sinf rahbarini tanimaydi. Bunday oilalar farzandlarining yarmi chetga ishlash uchun ketadi, qizlari esa turmushga chiqadi. O‘ziga to‘qroq oila farzandlari davlat oliy o‘quv yurtlariga kira olmasa, pul ko‘tarib chet eldagi bilim yurtlariga kirgizib, “perevod”dan najot kutadi. Yoki qo‘shimcha pul to‘lab, “super” kontraktga ilashtiradi. Endi ayting-chi, “super” kontrakt va “perevod”ni ko‘rib turgan o‘quvchining jon achitib o‘qigisi keladimi?

Maktablar kamligi bois bir sinfda 35-40 bolani o‘qitishga, ikki smenada dars berishga majbur bo‘layotgan, ota-onasi telefoniga mukkasidan ketgan bolalarni kitobga qiziqtirishga harakat qilayotgan o‘qituvchilar ham bu “bilimsizlik olovida” barobar yonyapti. Ko‘rib turganingizdek, mutasaddilar ta’lim tizimini yaxshilayotganini aytadi, o‘qituvchi ota-onaning, ota-ona ustozlarning yoqasiga yopishgan. Shunday ekan, aybdor kim? Balki, siz bilarsiz?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish