Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

582 YILLIK HAYRAT

7.2.2023 889

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

Shams ul-millat, yaʼni millat quyoshi deya ulugʻlangan alloma, davlat arbobi, shoir, oʻzbek adabiy tili asoschisi Hazrat Alisher Navoiy tavalludiga 582 yil toʻldi. Tariximizda nomi zarhal harflar bilan bitiladigan alloma va buyuk ulamolar juda koʻp. Ammo bu bilan faxrlanishning oʻzigina yetarli emas. Ularga munosib avlod boʻlish, faqat ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosini oʻrganish, boshqalarga “maqtanish” emas, kelajak avlod uchun ham shunday tuganmas xazinani qoldirish zimmamizdagi eng katta masʼuliyatlardandir.

Aksariyat yoshlarimiz Hazrat Navoiyni gʻazal mulkining sultoni, katta ilmiy meros qoldirgan alloma sifatida taniydi. Biroq buyuk bobomiz ilmga chanqoq yoshlarni moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlagan amaldor sifatida ham xalqning hurmatiga sazovor boʻlgan. U oʻzi barpo etgan madrasalarning mudarrislari, talabalari, hatto oshpaz va farroshiga ham sersaxovatlik bilan maosh toʻlagani bir qancha yozma manbalar orqali maʼlum.

Eng ilmli talabalarga shaxsan Navoiyning oʻzi oyiga 24 oltin pul va yiliga besh qop oshlik bergan. Oʻsha vaqtda talabaning bir oylik nafaqasiga 5 ta semiz qoʻy olish mumkin boʻlgan. Hukmdor Husayn Boyqaroning davlat xazinasida xarajatlar koʻpayib ketgan paytda soliqlar xalqdan yigʻilsa, oddiy aholi va talabalarga jabr boʻlishini oʻylab, oʻz hisobidan 25 000 dinorni toʻlab yuborgani ham rivoyatlarda koʻp uchraydi.

Ibratli hayot yoʻli bilan birga, koʻplab ilmiy ish, tadqiqot, ekspeditsiyalarga mavzu boʻlib kelgan shoir ijodi tuganmas buloqdek hanuz dunyo ahlini hayratga soladi. Shu kabi hayratlardan bir chimdimini siz bilan bo‘lishamiz!

“Xamsa” asarining yakunlovchi – beshinchi dostoni – “Saddi Iskandariy”dagi  hukmdor Iskandar qurdirgan mahobatli devorni eslaysizmi? Bu inshootni odil shoh yaʼjuj-maʼjujlarning hujumiga qarshi barpo ettiradi. Asardagi devor tasvirlangan sahnaga eʼtibor bering-a! Xuddi Shimoliy Xitoydagi tarixiy yodgorlik – Buyuk Xitoy devorini esga soladi!

Dostonda “Saddi Chin” devori nomi bilan tilga olingan bu inshootni Navoiy oʻz koʻzi bilan koʻrgani hech bir manbada qayd etilmagan boʻlsa-da, haqiqatga yaqin. Ulugʻ daho qalamiga mansub asarlarning birida “Cotton” soʻzi “qalin chopon”, “paxtalik chopon” maʼnosida qoʻllanadi.   Inglizchadan tarjimasi “paxta” degan maʼnoni anglatadigan bu soʻz Navoiyning xorijiy tillar, qisman ingliz tilidan ham xabardor boʻlganiga kichik belgi deyish mumkin.

“Farhod va Shirin” dostonidagi ramziy maʼnoda insonning nafsoniy istaklari etib tasvirlangan, Farhod olishib, magʻlub etadigan “Temirdan boʻlgan ulkan, ichida erta-yu kech olov lovullab turuvchi” maxluq bir qarashda bugungi kun texnikasi yutuqlaridan biri – robotni yodimizga soladi.

Yana shu dostonda uchrovchi kichik, ammo ikki yoshning hayotida katta oʻrin tutuvchi oyinayi jahon, yaʼni sehrli koʻzguga eʼtibor qaratamiz. Farhod ilk bor sevikli yorining jamolini tomosha qilgan uskuna bugun har birimizning uyimizda bir nechtadan topiladi. XIX asrning eng katta texnik ixtirosi boʻlgan televizorlar va Navoiy asarlaridagi uskuna tasviri deyarli bir xil. Bu ham “Xamsa”dagi hayratlarimizga asos boʻla oladi.

Boy ijodini ikki tilda teng olib borgan zullisonayn shoir qalamiga mansub gʻazallardan birini oʻqib, ranglar oʻxshashligidan yanada hayratlanishimiz aniq:

Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,

Shuʼlai ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

Gulshan etdim ishq sahrosin samumi ohdin,

Kim esar ul dasht aro har yon qizil, sorigʻ, yashil.

Bugun chorrahalar tepasida porlayotgan svetoforlarning 3 xil rangdagi chiroqlari tasvirlangan gʻazal bugunimiz bilan aloqadordek. Navoiy ijodiga chuqur kirib borilgani sari yangi kashfiyotlar, topilmalarga har qadamda guvoh boʻlish mumkin.

 

Qiziq faktlar:

 – “Muqarrabi hazrati sultoniy” (“Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.

– Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” toʻqima obraz boʻlib, faqat xalq ogʻzaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda tez-tez uchrasa-da, shoirning hayoti haqida maʼlumot beruvchi yozma manbalarning hech birida mavjud emas.

– Yurtimizda viloyat va shahar, qator markaziy koʻcha, oʻrta maktab, universitet, teatr, kutubxona, davlat mukofoti va stipendiyalarga alloma nomi berilgan.

– Dunyoda Alisher Navoiyga qoʻyilgan bir nechta yodgorlik mavjud: Moskva, Navoiy, Oʻsh, Toshkent, Samarqand, Boku, Tokio, Shanxay. Vashingtonda ham Navoiyga yodgorlik oʻrnatish rejalashtirilgan.

– Xalqaro Astronomiya Ittifoqi tomonidan 2009-yilda Merkuriydagi krater (yassi koʻrinishdagi katta botiq) Alisher Navoiy sharafiga nomlangan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish