Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

71 MILLION SO‘MGA BAYROQ(?)

25.4.2023 842

Shahruza SA’DULLO qizi

Navoiy viloyatida obodonlashtirish boshqarmasi 71,6 million so‘mga bayroq sotib olgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

UzEx Tenderda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani obodonlashtirish boshqarmasi 71,6 million so‘mga 4 ta O‘zbekiston bayrog‘ini sotib olgan. Shunda 16 metrga 8 metr hajmdagi bitta bayroqning narxi 16 million so‘mga baholangan. Tender g‘olibi sifatida “Qiziltepa Elga Servis” kompaniyasi, zaxira ijrochisi sifatida “Cho‘lpon Savdo Servis” tan olingan.

Bu xabar jamoatchilik noroziligiga uchrashi tabiiy hol, albatta. Negaki davlat budjetining bu tarzda sarflanishi bilan bog’liq korrupsion holatlarga birinchi marta duch kelmayapmiz. Bir necha yil avval Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududiga balandligi tutqichi va ustuni bilan birgalikda 62,5 metr, og‘irligi 20 tonnalik ulkan bayroq ilingan. O‘rnatish ishlariga oz emas, ko‘p emas, jami 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shundan so‘ng milliardlarni bayroqbozlik uchun sarflashga raqobat boshlandi. Toshkent shahrida 65 metr, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida 50 metr, Farg‘onada 67 metr, Andijonda 64 metr, Buxoroda 65 metr, Samarqandda 60 metr va Urgutda 62 metr balandlikda bayroq o‘rnatilgan.

Bayrog‘imiz g‘urur va faxrimiz timsoli, Vatanimizning beqiyos ramzi ekani haqiqat. Lekin masalaning yana bir tomoni – atigi 62 metr balandlikda bayroq o‘rnatish uchun shuncha mablag‘ sarflanishi to‘g‘rimi? 62 metr ustun tilladan bo‘larmikan? Bu haqda jamoatchilikka hisob beradigan birorta mas’ul bormi? Donasi 16 millionlik bayroqlarning qiymati nega bunchalik baland? Buning uchun mablag‘ qayerdan olinadi?

Davlat byudjetidan, albatta, bu esa xalqning pulidir. Ochig‘i, budjetning daromad qismi olis qishloqdagi odamlar hayotini yaxshilash, qancha bemorga, miskinga yordam berish qolib, bunday ishlarga sarflanishi ham kulgili, ham achinarli. Davlat byudjetini o‘g‘irliklardan asrash va maqsadli sarflanishi, o‘z o‘rniga yetib borishi ustidan nazorat olib borish shunchalik imkonsizmi? Qolaversa, hokimlarimiz ham bunday pullarni haqiqatan muammoli sanalgan masalalarga sarflashni qachon o‘rganadi? Bu borada davlat monitoringi tizimli va qat’iy bo‘lishi, jamaotchilik nazorati kuchaytirilishi haqida kimdir o‘ylayaptimi?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish