Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ABADIYAT QUCHOG‘IDAGI SO‘NMAS UMR

10.5.2023 1966

Normurod Sharipov, Toshkent Davlat Yuridik universiteti talabasi

Toshkentning so‘lim ko‘chalaridan biriga Xadicha Sulaymonova nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sud-ekspertizasi markazi ham Xadicha Sulaymonova nomi bilan ataladi. Toshkent davlat Yuridik universitetida uning nomiga atalgan muzey bor. Haqli bir savol tug‘iladiki nega bu ayol bunchalik izzat-u hurmatda ? Nega mehnatkash o‘zbek halqi bu ayolni bunchalik ko‘klarga ko‘tarib, qadrlaydi ? Bu ayol o‘zbek xalqidan yetishib chiqqan oliy ma’lumotli birinchi ayol yurist. Barchamizga ma’lumki Sovet davrida mehnatkash o‘zbek xalqi ilm-fandan uzoq tutilgan va sizlarning o‘rningiz paxta dalasida deya barchani yoppasiga paxta terishga jo‘natayotgan davrda o‘zbek xotin-qizlari ichida yosh bir huquqshunos ayolning yetishib chiqishi bu bir katta jasorat edi.

1913-yilning 3-iyulida Sulaymon Kelginboyev oilasida bir qiz tug‘ildi. Ko‘p bolali o‘zbek oilasida bu qiz o‘sha davrda yurtda tug‘ilgan oddiy qizlar kabi qarshi olindi. Hali uning dunyolarga mashhur yurist bo‘lib yetishishi va jahon minbarlarida o‘z so‘ziga ega bo‘lishi hech kimning yeti uxlab tushiga ham kirmagandi. Xadichaning bolalik yillari jahon urushi davrlariga to‘g‘ri kelganligi sababli uning oilasiga hayot turli og‘ir sinovlarni “hadya qildi”. Otasi Sulaymon Kelginboyev o‘z davrining ziyoli va ko‘p tilni biladigan kishisi edi. Balki Xadichaning zukkoligining sababi ham shundandir. Sulaymon Kelginboyev Andijondagi karvonsaroylarning birida tarjimon bo‘lib ishlardi va o‘sha paytda rus mansabdorlari bilan ishlay oladigan yagona inson edi. Lekin uning umri uzoqqa cho‘zilmadi. 1919-yilda Andijon shahriga bostirib kirgan bosqinchilar o‘qidan halok bo‘ldi. Xadichaning oilasi esa yo‘qchiliklar girdobida qoldi.

Xadichaning volidasi Otincha ona o‘qimishli va irodali o‘zbek ayollaridan biri edi. Qiyinchiliklarga qaramay tun-u kun ishlab farzandlarining bilim olishi uchun sharoit topishga harakat qilar, pilla zavodida ishlab ham o‘qtuvchilar tayyorlash kursida o‘qidi. O‘qtuvchilar tayyorlash kursini tamomlab savodsizlikni tugatish kursida o‘qtuvchilik qilish bilan birga pilla zavodidagi ishini ham davom ettirdi. Otincha bir o‘zbek onasining farzandlari kelajagi uchun qilishi  mumkin bo‘lgan barcha ishlarni qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu mehnatlarining barchasi farzandlarining ilm olishi uchun edi va u topgan puliga 5 ta farzandlarining barini rus maktabida o‘qishini ta’minladi.

         Xadichaning huquqshunoslik sohasiga qiziqishi uyg‘onishi ham o‘zgacha bo‘ldi. Nurxon ismli qiz Marg‘ilonda o‘z akasi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Uning aybi esa ilmli va savodli bo‘lishga harakat qilganligi hamda erkinlikka erishmoqchi ekanligi edi. Xadicha aynan mana shu holat yuzasidan Marg‘ilondagi ochiq sudda qatnashdi. Bu ham bir taqdirning inoyatiki Andijonda istiqomat qiladigan qiz xolasining uyiga mehmonga Marg‘ilonga kelganida ushbu voqeaning ustidan chiqib qolishi tasodif edi. Ochiq sud majlisida Tojixon ismli ayol jamoat ayblovchisi bo‘lib ishtirok etdi. Tojixonning ayollar huquqini himoya qilishga qaratilgan zabardast nutqi hamda stolda zalvor ila o‘tirgan sudyalarning kiygan mantiyasi Xadichaning qalbida huquqshunos bo‘lish istagini vujudga keltirdi.

         1931-yilda Xadicha Sulaymonova huquqshunos bo‘lish istagi ila ilm-u urfon o‘chog‘i bo‘lmish Toshkentga yo‘l oldi. Aynan o‘sha yili Toshkentda Jahon Obidova nomidagi Sovet qurilishi va huquq-ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilgandi va Xadicha ushbu institutning huquq yo‘nalishiga qabul qilingan ilk o‘zbek qizi edi. Keyingi yili ushbu huquqshunoslik tayyorlov bosqichini bitirgan Xadicha huquq fakultetiga 2 kursdan qabul qilindi. Uning nozik yelkasida o‘zbek xotin-qizlari ichida birinchi oliy ma’lumotli huquqshunos bo‘lishni ma’suliyatli yuki bilan birga faxr ham bor edi. Shu sababli ham Xadicha institutning yetakchi talabaridan biri bo‘ldi, jamoat ishlarida faol ishtirok etdi hamda institutni a’lo baholarga bitirib o‘sha paytda davlat rahbari darajasidagi lavozimda o‘tirgan Yo‘ldosh Oxunboboyevning shaxsan o‘zidan diplomni olishga muyassar bo‘ldi.

         Xadicha Sulaymonova bu bilan to‘xtab qolmadi. Uning ibratli hayot yo‘li hali endigina boshlangan edi. 30- yillarning boshida u xalq sudyaligiga tayinlandi. Xalq sudyaligidagi salmoqli xizmatlari evaziga 1935- yilda Oliy sud sudyaligiga saylandi. Xadicha o‘sha yili bor yo‘g‘i 22 yoshda edi !!! Uning sudyalik davri qatag‘on yillariga to‘g‘ri kelib qoldi. Shu sababdan ham Xadicha aybi yo‘q insonlarni nohaq surgun qilish yoki otuv hukmini o‘qishdan “qochishning” ajoyib yo‘lini topdi. 1938-yilda Moskva Yuridik institutining Jinoyat huquqi kafedrasi aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Ham ilm bilan shug‘ullandi ham nohaq jazo berib ona xalqi oldida yuzi shuvut bo‘lishini oldini oldi. Xadicha ushbu dargohda a’lo baholarga o‘qishi bilan tezda professor o‘qtuvchilar e’tiboriga tushdi va hattoki Yuridik fanlar doktori A.Trayninning tahsiniga sazovor bo‘ldi.

         Aspiranturada o‘qishi davrida ilmiy ishini oxriga yetkaza olmaydi. Buning sababi esa minglab oilalar yostig‘ini quritgan Ikkinchi Jahon urushi edi. Birinchi jahon urushidan aziyat chekkan olimaga ikkinchi jahon urushi ham o‘z tasirini o‘tkazmay qolmadi. Lekin har bir ishdan ezgulikni izlagan olima bu jarayonda ham o‘z yo‘lini topdi. Rahbariyatdan Toshkentda ochilgan Yuridik institutga ishga jo‘natishlarini iltimos qildi va 1941-1945- yillarda o‘z faoliyatini pedagog sifatida davom ettirib yillar davomida o‘rgangan tajriba va ilmlarini o‘zbek talabalariga sidqidildan o‘rgatdi. Shu bilan birga ilmiy dissertatsiyasini ham to‘xtatmadi. 1945 – yilda dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilish orqali huquqshunoslik fanlari nomzodi darajasini oldi. Huquqshunoslik sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan birinchi o‘zbek ayoli sifatida tarixga kirgan Xadicha o‘zbek xotin-qizlari uchun namunaga aylandi va maqsadlari yo‘lida har qanday qiyinchiliklardan qo‘rqmaslikka da’vat qildi.

         Xadicha Sulaymonova endi yetishib chiqayotgan yosh yurist kadrlarning ilm olishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishga ahd qildi. Uning tashabbusi bilan Falsafa va huquq ilmiy-tadqiqot markazi ochildi. U o‘zidan ilmiy meros qoldirishga harakat qildi va aynan mana shu ilmiy-tadqiqot markazida o‘tirib O‘zSSR Jinoyat kodeksiga sharh yozdi. Bu sharhda jinoyat qonunchiligiga mukammal tavsif berilgan bo‘lib, amaliyotda qo‘llashning harakterlari batafsil yoritib berildi. Uning ilm-fan yo‘lidagi jonbozligi hisobga olinib 1954-yilda Toshkent Yuridik institutiga direktor etib tayinlandi hamda “O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Uning rektorligi davrida yurist olimlar ilmiy meroslarni rivojlantirish bilan shug‘ullanishdi. Aynan Xadichaning rahbarligi ostida 4  jilddan ortiq ilmiy asarlar yozildi.

         Xadicha Sulaymonova bu bilan to‘xtab qolmadi. Qatag‘on yillarida nohaq qoralangan o‘zbek xalqining ziyoli insolarini nomini poklash yo‘lida ham jonbozlik ko‘rsatdi. U 40 mingga yaqin nohaq qoralangan o‘zbeklar nomini oqlashda o‘z hissasini qo‘shdi. Oqlanganlar orasida Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovlar ham bor edi. Bu Xadichaning xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri hisoblanadi. Shu davr mobaynida uning o‘z ishining ustasi ekanligi sababli Ministrlar Sovetining rahbarlari e’tiboriga tushdi hamda 1956-yilda Adliya vaziri etib tayinlandi.  Ushbu lavozimda ham tinib-tinchimas o‘zbek qizi ko‘pgina ishlar qildi. U birinci marta kolegiallik tushunchasini sohaga kiritdi ya’ni byurokrat rahbar sifatida buyruqbozlik bilan emas balki har bir masalani kollegial tarzda hal qilishga harakat qildi. U Adliya vaziri sifatida o‘zbek mahallalarida yuridik targ‘ibotni kuchaytirdi. Bu ishi orqali o‘zbek xalqining o‘z huquqlarini anglab olishi yo‘lida katta jonbozlik ko‘rsatdi. Uning bu harakatlari samarasini bermasdan qolmasdi, albatta. 1956-yilda Xadicha Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. Endi u oddiygina Xadicha emas balki, Yuridik fanlar doktori Akademik Xadicha Sulaymonova edi. Uning rahbarligi ostida 16 dan ortiq yoshlar doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashdi. Bu uning ilm-fan yo‘lidagi fidoiyligining isboti hisoblanadi.

         1956-yildan boshlab o‘zbek qizining ovozi xalqaro minbarlarda jaranglay boshladi. Sulaymonova Gollandiyaning Amsterdam shahridagi kongressda ishtirok etib oila huquqi mavzusida ma’ruza qildi  va endi u o‘zbek ayollarining huquqlarini jahon minbarlarida turib himoya qila boshladi. Xadicha Sulaymonova bu kongressdagi nutqi bilan jahon e’tiboriga tushdi va endi ko‘plab kongresslarda ishtirok etish uchun takliflar tusha boshladi. Xadicha London, Kolombo, Tokioda, Dehli, Praga, Sofiya, Qohira va boshqa ko‘plab mashhur shaharlarda turli xil anjumanlarda ishtirok etib O‘zbekiston fani va uning rivoji haqida faxr bilan so‘zladi.

         Xadicha Sulaymonova qonunchilikka o‘z hissasini qo‘shishda davom etdi. O‘zSSR fuqarolik va fuqarolik protsessual kodekslarining ishlab chiqishida bosh-qosh bo‘ldi hamda huquq sohasiga jahon tajribasining ijobiy jihatlarini olib kirdi. 1964-yilda Xadicha Sulaymonova O‘zbekiston Oliy sudi raisi lavozimiga saylandi. Xadicha Sulaymonova Respublika Oliy sudini boshqargan birinchi ayol sudya edi. Ha adashmadingiz. Dunyoning hech bir nuqtasida hattoki demokratiya, gender tengligi deb bong urayotgan davlatlarning birortasida ayol sudya Respublikaning Oliy sudini boshqarmagan edi. Sulaymonova sud-huquq tizimini isloh qilish uchun tun- u kun mehnat qildi. Shogirdlari bu davrni eslab uning raisligi davrida O‘zbek sud tizimi yangi bosqichga ko‘tarilgan davr edi deb aytishadi.

         Xadicha ish bilan birga oilasini ham unutib qo‘ymaydi. Uning turmush o‘rtog‘i “ Xadicha taqdirning menga bergan eng katta “sovg‘asi” edi. Men undan minnatdorman” deb bejizga aytmagan edi. Zero, atoqli shoira Zulfiya aytganidek “ayol bir qo‘li bilan beshikni tebratsa bir qo‘li bilan dunyoni tebrata oladi. Aynan shu naqlning jonli isboti bo‘lgan Xadichaning hayoti abadiyat quchog‘idagi so‘nmas umrdir”.

         Yuridik sohaga yaqin insonlar uchun Xadicha Sulaymonova juda ham katta nom hisoblanadi. Hech bir yurist yo‘qki Adliya vaziri bo‘lishni xohlamasa, hech bir yurist yo‘qki Oliy sud raisi bo‘lishni xohlamasa. Oddiy oiladan chiqqan Xadicha Sulaymonova har bir yurist o‘tirishni xohlaydigan “kursilar”ning barchasida   o‘tirgan. Lekin hech bir zamon yo‘qki u ona xalqining tashvishi bilan yashamagan bo‘lsa…

Xadicha Sulaymonova 1965-yilda kasallik sababli hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘limi barchani og‘ir qayg‘uga cho‘mdirdi. Qisqagina umri davomida juda katta ilmiy meros qoldirgan Xadichaning hayoti ko‘plab insonlar uchun hayot maktabi bo‘la oladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda Xadicha Sulaymonovaning xotirasini abadiylashtirish uchun juda ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. U haqida bir necha maqolalar va kitoblar chop etildi. Malik Hakimov, Xolmo‘min Yodgorov va boshqalarning Xadicha Sulaymonova haqidagi kitoblari shular jumlasidandir. Bundan tashqari 2023- yilda Xadicha Sulaymonovaning 110 yilligi tantanali nishonlanishi belgilangan. Shu munosabat bilan Yuiridik universitetda Xadicha Sulaymonova nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Xadicha Sulaymonovaning ezgu xizmatlari uning xalqi xotirasida abadiy saqlanadi…

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish