Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Abituriyentlarni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

15.5.2024 1086

Yoshlar ovozi

2024-2025-o‘quv yilidan oliy taʼlimda o‘qishga qabul va davlat grantini belgilash tartibida bir qancha o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Quyida abituriyentlar uchun kerakli bo‘lgan eng asosiy yangiliklarni keltirib o‘tamiz.

Avval test, so‘ng tanlov

Yangi o‘quv yilidan oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkaziladi.

Yangi tartibga ko‘ra, abituriyentlar testni bir marotaba topshiradi va to‘plagan bali bilan dastlab OTMga, bali yetmagan taqdirda professional taʼlim tashkilotiga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. OTMga qabul jarayoni ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich ro‘yxatdan o‘tish va test fanlarini tanlash bo‘lsa, ikkinchisi test natijasi eʼlon qilingandan so‘ng taʼlim yo‘nalishi va shaklini tanlashdan iborat.

Oldinlari kvotalar OTMlar kesimida shakllangan bo‘lsa, bu yildan boshlab taʼlim yo‘nalishlari kesimida eʼlon qilinadi.

O‘qishga kirishning minimal bali oshadi

O‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali ikki bosqichda belgilandi.

Amalda o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali barcha yo‘nalishlar uchun 56,7 ball edi. Kelasi o‘quv yildan bu ball ikki bosqichda oshiriladi. Sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun o‘qishga kirish 94,5 baldan, boshqa yo‘nalishlar uchun 75,6 baldan boshlanadi.

Til sertifikati darajasi pasaytiriladi

Magistratura va doktoranturaga qabul jarayonida xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikat talabi yengillashtirildi. Xususan, endilikda taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi.

Soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, sanʼat, sport, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikat talabi bir pog‘ona — B1 darajasiga tushiriladi.

Sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanadi.

Taʼlim granti har yili qayta taqsimlanadi

Joriy o‘quv yilidan davlat granti talabalar uchun taʼlim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi. Taʼlim granti esa endilikda har yili qaytadan taqsimlanadi.

“Taʼlim granti 2024-yildan boshlab bir yilga beriladi. Bu grantda o‘qiyotgan talabadan o‘qishning ikkinchi yilida imtiyoz olib qo‘yiladi, degani emas. O‘qishning ikkinchi yilida u olgan grantini himoya qilishi kerak bo‘ladi. Yaʼni qattiq o‘qishi lozim. Agar baholari pasayib ketsa, uning granti yaxshi o‘qiyotgan yoshlarga beriladi. Bu ham grantda, ham kontraktda o‘qiyotgan yoshlarga yaxshi o‘qish uchun motivatsiya bo‘ladi”, – deb tushuntirish berdi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

Maʼlum qilinishicha, grantni qayta taqsimlash bo‘yicha tartib o‘qishga yangi qabul qilinadigan talabalarga taalluqli bo‘ladi. Yaʼni ayni paytda grantda o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini tamomlaguncha bu qoida tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish