Abituriyent o‘qishga kirish uchun qalbaki hujjatlardan foydalansa nima bo‘ladi? Mazkur holatda abituriyentga nisbatan ko‘riladigan choralar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarorida belgilangan.
Jumladan:
– abituriyentlar hujjatlarining qalbakiligi aniqlansa, abituriyent kirish imtihonlaridan chetlashtiriladi;
– hujjatlarning qalbakiligi abituriyent o‘qishga kirganidan keyin aniqlansa, o‘qishdan haydaladi;
– qalbaki hujjat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilinadi.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga ko‘ra, muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, ularni sotish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish esa BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.