Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ADABIYOT QACHON RIVOJLANADI?

10.8.2023 2797

Bahodir QOBUL. Foto: Xolida MUSULMON

O‘zbek yosh shoirlari bugungi kunda o‘z yo‘llarini topib olganmi, o‘z otalari, onalari ko‘targan qalamlarni munosib ko‘tarib, shunga munosib asarlar, izlar qoldirmoqdami, degan savol o‘zbekman, o‘zbek tilining fidoiysiman, shu elning fidoyisiman degan har yosh o‘g‘il-qizning  xayolidan o‘tishi kerak. Va bu tuyg‘u, bu dard ham hammaga berilmasligini ich-ichidan, ko‘ngil-ko‘ngillaridan ilg‘ashlari lozim.

So‘nggi ikki-uch yilda adabiyotimiz bo‘stonida bo‘y ko‘rsatayotgan yoshlarning ovozlarining o‘zlariga xosligi, boshqalarni takrorlamasligi, eng muhimi ular sheʼr yozishni emas, o‘qish va izlanishni  birinchi o‘ringa qo‘yishi meni quvontiradi.  Adabiyot qachon rivojlanadi, qachonki unga to‘g‘ri munosabatda bo‘linsa, yalt etgan yosh ijodkorning yaxshisi yaxshi deb baralla aytilsa, rivojlanadi. To‘g‘riso‘z va ilmli ustozlarning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishidan rivojlanadi.

O‘zbek tilida sheʼr yozaman deb qo‘liga qalam olgan yoshlarimiz bu tilda necha bir daholar so‘z aytganlarini fikri-yodida tutsalar yomon bo‘lmaydi. Ayniqsa, sheʼriyat atalmish davlatning mutlaq va abadiy sultoni bo‘lmish Alisher Navoiyning bu baytini:

Turk nazmida chu tortib men alam,

Ayladim ul mamalakatni yakqalam.

Bugungi kunda o‘zbek sheʼriyatida yangi ovoz, yangicha uslubga ega bo‘lib borayotgan, o‘zini ko‘rsatayotgan yoshlarimiz bor. Ularning eng katta yutug‘i – SO‘Zning jonli yaratiq ekanini his etishi. Bu do‘stlarimiz – Jontemir, Tillaniso Xurshid Abdurashid, Feruza Xayrullayeva, Muhammad Siddiq, Najmiddin Ermatov, Mirzohid Muzaffar. Har birining o‘z ovozi borki, bu ovozlar tabiiy ravishda quvvat olib, barquvvat chinorlar bo‘lishini istaymiz, ot-o‘rnini toy bosganidek.

Jontemirning so‘zlariga eʼtibor bering: “Nurdan bezgan ko‘zlarim ozod, garangsirab qibla izlaymay to‘rt tarafga sajda qilaman”. Yoki Tillaniso yozadi: “Yo‘q, nolimaslik kerak! Taqiqda bari. Jimm. Nolima. Tishshsh!!! Ovqatmi? O‘lmaysan ochdan, Ruhingga suyan. Ruhmi? Xarob. Topin xudoga. Najot yo‘llaydi”.

Muhammad Siddiqning yoziqlariyam qadim va mangu dardga yo‘ldosh, topishgan: “Kun keladi hali shundoq – Mushtoq, intizorlarimning, Bir koriga yaragayman, Diydoriga to‘yib-to‘yib Asragayman, Bor mehrim-La quchoqlab jim”. Bu satrlar to‘kilgan satrlardir...

Yosh shoirlarimizning  bu satrlari dunyo tillariga dardu dunyosi bilan qo‘shib o‘grilsa hech bir istiholasiz ayta olamizki, dunyo adabiyoti darajasida ekanligi yaqqol ko‘rinadi. Shunday shoirlarimiz safi kengaysin. Ijodkorlarga yaratilayotgan sharoitlar kechagi sharoitlardan butkul farq qiladi. Farq qilgandayam yaxshi tomonga farq qiladi. Yoshlarimizga nima derdik, yaratilgan sharoitning, vaqtning qadriga yetinglar, adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shinglar deymiz. Adabiyot tirik ekan millat tili tirik ekan, demak millat tirikdir!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish