Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Adolat ramzi bo‘lgan o‘zbek ayoli

25.5.2023 1287

Feruza Ibrohimova, TDYU talabasi

Bugungi kunda ayollarga karyera va oilaga e'tibor berishga vaqt topish juda qiyin vazifa bo‘lib bormoqda, O‘zbekistondagi har beshinchi ayol o‘z hayotidan noliydi. Shu sababdan ham jamiyatda ajralishlar yoki oila uchun orzularidan voz kechayotgan ayollar ko‘plab topiladi. Ayollarning juda kam qismi ham ish, ham oila uchun vaqt topa oladilar. Ular o‘zlarining omadsizligida oilasini, jamiyatni, odamlarni, mentalitetni, ba'zan esa davlatni ayblashadi.

Qahramonimiz Hadicha Sulaymonova yashagan asrga nazar tashlaymiz: “Hujm” davri, “Birinchi jahon urushi”, “Ikkinchi jahon urushi”, “Ayolni mulk deb bilgan jamiyat”, “Ayolni qadrsiz deb bilgan odamlar” bularning barchasini qahramonimiz Hadicha Sulaymonova boshidan kechirdi, u nafaqat omon qoldi, balki o‘ziga xos hayot yo‘lida g‘alaba qozondi.

Akademik Hadicha Sulaymonova – yaxshi inson, mehribon farzand, jonkuyar ayol, ona, adolatli huquqshunos, sudya, adliya vaziri. Va savol tug‘iladi, u bularning barchasini qanday bajara oldi?! U o‘zining mavjud bo‘lgan davriga qaramay, tarixda erkak yuristlar qoldirgan izdan kam bo‘lmagan iz qoldirdi.

Qahramonimiz 1913-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Sulaymon Kelginboyev mard inson bo‘lib, doimo adolat uchun kurashgan va adolat uchun qurbon bo‘lgan. Hadichaning onasi Otinchaxonim dono, mehnatkash ayol edi. Otinchaxonimning o‘zi farzandlari uchun ham ota, ham ona bo‘ldi.

Hadicha Sulaymonovna bolaligidanoq o‘z vakolatlarini o‘z manfaati yo‘lida foydalanadigan, xotin-qizlarni kamsituvchi, odamlarni boy-kambag‘alga ajratuvchi odamlardan nafratlanar edi.

1929-yilda yani endi 17 yoshni qarshilaganida u birinchi marta sud majlisida tomoshabin sifatida ishtirok etdi. Sud majlisida akasi tomonidan o‘ldirilgan ayolning ishi ko‘rib chiqilayotgandi. Bu ayolning ismi Nurxon bo‘lib  juda chiroyli ovozga ega edi. U akasiga erkin va baxtli bo‘lishni, qo‘shiq kuylashni hamda o‘ziga yoqqan ish bilan shug‘ullanishni xohlashini aytganida akasi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Bu voqea butun Farg‘ona vodiysiga tarqaldi va ochiq sud bo‘lib, unda Hadichamiz ishtirok etdi.

Sudda Tojixon Shodiyeva ismli ayol davlat ayblovchisi sifatida qatnashdi, u paranjisini birinсhi yechgan ayollardan hisoblanadi. Tojixon ayblov xulosasini shunday ishonch va jasorat bilan gapirdi-ki, jinoyatchi otib o‘ldirishga hukm qilingan. Hadicha Tojixon Shodiyevaning shijoatidan ruhlandi va odamlarni yomon ishlari uchun hamda adolat o‘rnatish bu uning hayoti mazmuni ekanligini angladi. Aynan shu voqea Hadichaning huquq sohasiga kirib kelishiga turtki bo‘lgan. Onasi Otinchaxonim esa uning bu qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

1932-yilda Hadicha Toshkentga o‘qishga kirdi. Juda tirishqoq va zukko talaba edi. U guruhdagi yagona qiz bola edi-yu lekin bunga qaramay u darslarda yigitlardan ortda qolmagan, balki kursdoshlarini ortda qoldirgan. Hadicha Sulaymonova o‘z mutaxassisligi sifatida “Jinoyat huquqi”ni tanladi. O‘sha paytda jamiyat prokuror, advokat, tergovchi, sudya ayollarni qabul qilmasdi, lekin baribir Hadicha Sulaymonova odamlarning gapiga qaramay, o‘z orzusini tanladi.

1935-yilda Hadicha Sulaymonova Xalq sudyasi bo‘ldi. Institutni yaqinda bitirgan qiz uchun bu katta sharaf edi. Uning ilmiy izlanishlarining asosiy g‘oyasi chuqur vatanparvarlik – o‘zbek huquqshunosligini jahon darajasiga ko‘tarish, o‘zbek zaminida chinakam huquqiy maydonni shakllantirish, o‘zbeklar turmushini yaxshilashga, qonun va normalarni takomillashtirishga qaratilgan edi. Hadicha Sulaymonovaning rahbarligida jinoyat huquqi bo‘yicha o‘zbek tilida birinchi darslik yaratilgan. U butun sud tizimi uchun yangi qonunlarni ishlab chiqdi.

Hadicha Sulaymonova noziklik va adolat ramzidir. U qanday katta lavozimlarda ishlagan bo‘lsa ham hech qachon manmanlikka berilmadi. Hamisha o‘zining ayollik nazokatini saqlab qoldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish