Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Adolatli davlat – xalq xizmatida

3.11.2023 371

Hasan Norbotayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti mas’ul xodimi

Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandan so‘ng keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Mazkur Farmon bilan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida davlat boshqaruvi organlarining “Davlat — inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, e’lon qilib borilishi hamda davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida muntazam e’lon qilib borish tizimi yaratilishi ham belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini ta’minlash maqsadida 2022-yilda:
fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;
“Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinishi;
keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi ham belgilab berildi.
Shuningdek, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash;
qonun ustuvorligi va konstitusiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish;
jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya etishga xizmat qilishga yo‘naltirish;
sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash;
advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish;
faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish kabi bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, har bir vazifa halqimizni bugungi kunda qiynab kelayotgan masalalar, qonunlarning amaliyotda qo‘llanishi, Konstitusiya va qonunlarning ustunligi prinsipi, korrupsiyaga qarshi kurash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, barcha davlat organlari kabi huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy faoliyatlari xalq manfaatini himoya qilishga qaratish, bajarilishi majburiy bo‘lgan sud hujjatlari ijrosini to‘liq ta’minlash, inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashda sud va advokatura institutining rolini yanada kuchaytirish, qonun ustuvorligiga erishish uchun xizmat qiladi.
Xullas Yangi O‘zbekistoning Taraqqiyot strategiyasida respublikamizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi belgilanganini ta’kidlash lozim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish