O‘zbekistonda erkinlik g‘oyalari jamiyat taraqqiyotining barcha sohalarida bo‘lgani singari, ta’lim sohasida ham amalga oshirilayotgani yangi qabul qilingan Konstitutsiyada ham amaliy ifodasini topmoqda. Jumladan, yangilangan Konstitutsiyamizning 51-moddasida “Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega” degan norma belgilandi.
Xo‘sh, Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan “akademik erkinlik” o‘zi nima? Ushbu tushunchaning qonun hujjatlarida belgilangan ta’rifi mavjudmi? Shu va boshqa savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi Umidjon Sobirovga murojaat qildik.
— Umidjon aka, Konstitutsiyada nazarda tutilgan tushuncha — akademik erkinlik deganda nima tushuniladi va uning umumiy qoidalari nimalarda aks etadi?
— O‘z fikrini erkin bildirish huquqining tarkibiy qismi sifatida ta’kidlanadigan akademik erkinlikning ta’rifi biron-bir normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topmagan. Ammo Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti (UNESCO) mazkur tushunchani quyidagicha ta’riflaydi: pedagog-o‘qituvchilar va talabalarning qonun, institutsional qoidalar yoki jamoatchilik bosimidan, yoki ma’muriy organlarning asossiz aralashuvi hamda ularning cheklovlarisiz o‘qitish, bilim va tadqiqot olib borish erkinligi hisoblanadi.
— Ushbu erkinlik nimalarda namoyon bo‘ladi?
Akademik erkinlik, asosan, o‘qitish va muhomaka qilish, tadqiqot qilish va tadqiqot natijalarini tarqatish, ta’lim tizimi haqida jamoatchilik oldida o‘z fikrini bildirish erkinligi yoki universitet (yoki davlat) tomonidan senzuraga uchramaslikda namoyon bo‘lishi mumkin.
— Demak, mazkur huquqni faqatgina oliy ta’lim tashkilotlari uchun emas, balki barcha ta’lim muassasalariga tegishli huquq deb hisoblash mumkinmi?
— Albatta, akademik erkinlik o‘quv jarayonini mustaqil shakllantirishda, professor-o‘qituvchilarning dars o‘tish erkinligida, ilmiy-tadqiqot mavzularini mustaqil tanlash va tadqiq etishda, uning natijalarini nashr etish va tarqatishda, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy xodimlar akademik erkinligini cheklanmasligida o‘z ifodasini topishi mumkin ekan, ya’ni ta’kidlaganingizdek, mazkur huquq subyekti sifatida oliy ta’lim tashkilotlaridan tashqari, pedagog-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar yoki boshqa ta’lim tashkilotlarini ham kiritish mumkin. Umuman olganda, akademik erkinlik sifatli oliy ta’lim olishning zaruriy shartidir. Har qanday savolni, hatto eng noqulay savollarni ham berish qobiliyati fanni oldinga siljitadi.
— Mazkur huquqning Konstitutsiya darajasida mustahkamlashning ahamiyati qanday?
— Akademik mustaqillikning qonuniy kafolatlarini mustahkamlash va fuqarolar uchun sifatli ta’lim olish muhitini yaratishi orqali O‘zbekistondagi ilmiy izlanishlar tizimini jahon darajasiga yaqinlashtirish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, xorijiy tajriba o‘rganilgan holda zamon talablariga javob bera oladigan ta’lim bilan bog‘liq raqamlashtirilgan va innovatsion o‘zgarishlar ham qomusimizdan o‘z o‘rnini olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosh mutaxassisi
Javlon Vafoyev suhbatlashdi