Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Alisher Qodirov: ta’limga ajratilayotgan mablag‘ kutilayotgan natijani bermayapti

8.11.2023 416

Muhtarama Komilova, O‘zA

Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida Davlat dasturining 2023-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi hamda “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Muhokamalarda deputatlar daromadlarni oshirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiy faoliyatni mumkin qadar qisqartirishga qaratilgan choralar hamda kelgusi yilda ko‘zda tutilgan byudjet mablag‘laridan foydalanishda samaradorlik va natijadorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.  

Muhokamalarda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari Davlat dasturi ijrosi hamda 2024 yilgi Byudjetnoma loyihasi yuzasidan fraksiyalarning munosabatini bildirdi.    

Jumladan, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ta’lim-tarbiya sohasiga alohida to‘xtalib, bu tizimga ajratilayotgan mablag‘lar kutilayotgan natijalarni bermayotganini ta’kidladi:  

— Ta’lim-tarbiya tizimiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar qariyb 3 barobar oshirilgani quvonarli hol. Ammo ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish lozim.    

Kelgusi yilgi Byudjetnomada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilayotgan mablag‘larning 80 foizi o‘qituvchilarning oyligi uchun yo‘naltirilyapti. Haqiqatan o‘qituvchi yuqori maosh olishi kerak. Chunki ular kelajakni yaratadi. Biz yaqinda pedagoglarning maqomi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildik va unda o‘qituvchilarning maqomi, huquqiy himoyasi belgilab berildi.    

Soha uchun byudjet mablag‘lari kamaymayapti. Ammo yaratilayotgan sharoit kelajakka yangi umidlarni uyg‘otmayapti. Ya’ni, ta’limga berilayotgan mablag‘ kutilayotgan natijalarni bermayapti. O‘tgan yili OTMlarga topshirgan abituriyentlarning 50 foizga yaqini hatto 2 bahoga loyiq natijani ko‘rsatmadi.    

Bugun 500 mingga yaqin o‘qituvchi bor. Ularning oyligi uchun 35 trillion so‘m mablag‘ ajratilayapti. Tahlillarga qaraganda, maktablarda 10-15 foiz ortiqcha, ya’ni zarurat bo‘lmagan o‘qituvchi ishlayapti.  

Zamon shunchalar tezlashdiki, bugun o‘quvchilar o‘qituvchi bir necha kun tayyorlanib beradigan biror ma’lumotini o‘quvchi internetdan bir pasda olyapti. Shuning uchun pedagog ham zamonga moslashishi, zamonaviy bo‘lishi kerak. Taklifimiz ta’limga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligi haqida vazirlik jiddiy bosh qotirishi lozim. Pedagoglarning malakasini oshirish bilan birga, zamon talablari asosida ularning ishini to‘g‘ri baholash tizimini yaratish zarur.    

35 trillion pulning ma’lum bir qismini MTTga ham yo‘naltirishimiz kerak. Bog‘chalarda ham ahvol yaxshi emas. 30-35 ta bolaga 1 ta tarbiyachi to‘g‘ri kelyapti. Tizimdagi oliy ma’lumotga ega tarbiyachilar bor-yo‘g‘i 25-30 foizni tashkil qilayapti. Bog‘cha tarbiyachilarining oyliklarini ham oshirish lozim. Jahon standartlariga mos ravishda 10-15 ta bolaga bitta tarbiyachini biriktirish haqida o‘ylashimiz kerak, — dedi Alisher Qodirov.  

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish