Amerika... Bu nomni eshitgan insonning ko‘z oldiga juda chiroyli, juda katta bir orzular shahri keladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonning 60%ni tashkil etib turgan yoshlarning ko‘p qismi dunyoning eng rivojlangan, eng gegemon davlati bo‘lmish Amerikaga ketishni, u yerda ishlashni, o‘qishni istashadi. Xususan, bu ish shaxsan o‘z maqsadlarimda ham bor. Xo‘sh tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, AQSH ham o‘z iqtisodiyotidan juda ko‘p iqtisodiy qiyinchiliklarni, krizislarni, fitnalarni, siyosiy o‘yinlarni boshdan kechirdi. Lekin, hali ham yuksalishni davom ettirmoqda. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
Men kichinaligimda juda ko‘p odamlarning (qarindoshlar, qo‘shnilar) Amerikaga ketganini, ketib qaytib kelmaganini, keyinroq kelganida oilasini ham olib ketganini ko‘p ko‘rganman. Bola hayolimda men ham Amerikani “Orzular mamlakati” deb ta’savvur qilib, shu yerga boraman degan fikrmi yoki orzu deymizmi, miyamga o‘rnashib qolgan. Nega odamlar Amerikaga borishadi, bunga pul sababmi yoki qishloq hayotidan qochishmi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 120 ming O‘zbekiston aholisi “Green card” o‘yinlarida qatnashadi. Ana o‘sha paytda hayotda yutuq chiqqan odamdan baxtli odam bo‘lmaydi. Qo‘y so‘yib, yurtga osh beradi. Qarindoshlari yig‘ilib kelib, tabriklashadi. Qiziqarli holat: agar yutuq chiqqan qiz bola bo‘lsa, “sovchi xaridori” ko‘payadi. Har yili nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki dunyo bo‘ylab kelgan yuzlab migrantlar Meksika chegaralarida halok bo‘lmoqda. Amerikada esa har yili yuzlab aholi ko‘cha janglarida halok bo‘ladi. Shunday bo‘lsada, dunyo bo‘yicha odamlarning Amerika intilishiga sabab nimada ekan?
Amerika juda ko‘plab sohalarda: fan, texnologiya, san’at, madaniyat, sport, tibbiyot, ta’lim, IT kabi sohalarda bizdan 40-50 yil oldinda. Biz esa Munavvarqori Abdurashidxov aytganidek: “Bugungacha Ovrupo xalqi osmongʻa uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jugʻrofiya va tabiyot oʻqitish, oʻqitmaslik ixtiloflari davom etadi”.
Mening nazdimcha, biz hali millatimizni uyg‘ota olmayapmiz, harakatga keltirmayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda “Mehrobdan chayon” romanini kim yozganini topa olmagan yoshlarni, Alisher Navoiy, Amir Temurni taniy olmagan, ular haqidagi eng oddiy savollarga javob bera olmagan, na bugunidan, na kechasidan xabari bo‘lmagan, kun bo‘yi qo‘lidan telefon tushmaydigan, juda foydali narsalarni o‘rgata oladigan internetdan eng keraksiz videolar ko‘rib vaqtini o‘tkazadigan yoshlar bilan yashayapmizmikan?!
Yurtimizda ta’lim tizimimizning ahvoli juda og‘ir. Men buni atrofimga yig‘ilgan do‘stlarimdan, ko‘rgan bilganlarimdan kelib chiqib aytyapman. Bir bola o‘n bir yil maktabda o‘qisa-yu, uni oliy ta’limga "repititor" kirgizsa, shuncha vaqt davomida rus tili faninini o‘tgan o‘quvchi oliy ta’limga kelib, rus tilidan harf tanimasa, ingliz tilini hatto eng boshlang‘ich darajada bilmasa…
Bu jarayonlarda aybni kimdan izlash kerak, o‘quvchidanmi, yoki o‘zida yetarli bilim bo‘lmagan pedagogdan? Men bir yosh talaba sifatida shuni ayta olamanki, mamlakatimizning eng chekka hududlarida hali ham ta’lim sifati juda yomon. Biz eng yaxshi kadrlarimizni yo‘qotyapmiz. Eng zo‘r, ilmli odamlar Amerika yoki boshqa Yevropa davlatlariga ketishyapti. Eng oddiy misol, qo‘lidan juda yaxshi o‘qituvchilik qilish keladigan qobiliyatli bir akam Amerika davlatiga Green Card yutib, ketti. Amerikada og‘ir mashina haydab, bu yerda bir oyda topadigan pulini bir haftada topyapti. Endi u yerdan qaytib kelish niyati yo‘q. Oilasini ham olib ketmoqchi. Bunday misollar juda ko‘p, nafaqat Amerikada, dunyoning har bir burchagida o‘qish, ish sabablari bilan ketgan yurdoshlarimiz minglab topiladi.
Arab shoiri Mahmud Darvesh juda yaxshi bir gapni aytgan: “Yaqinda Yevropaga ko‘chasiz. Qonunlariga amal qilasiz. Sigareta qoldig‘ini yerga tashlamaydigan bo‘lasiz. Jamoat joylarida chekmaysiz. O‘tish uchun maxsus belgilab qo‘yilgan joylardangina o‘tasiz. Sizda xavfsizlik tushunchasi shakllanadi. Derazangiz oldidan mushuk o‘g‘irlansa, politsiyaga xabar beradigan bo‘lasiz. Mashina haydasangiz, xavfsizlik kamarini taqib olasiz. Bolalarni orqa o‘rindiqda o‘tirg‘izasiz. Navbatning uzunligi kilometrga yetsada, navbatda turadigan bo‘lasiz. Yevropa fuqaroligini olganingizdan so‘ng, o‘zingizga yoqqan kishini saylaysiz. Ana shunda saylaydigan kishingizning o‘tmishiga, qilgan ishiga qiziqasiz. Agar shu ishlarning barchasini yurtingizda qilganingizda, Yevropaga ko‘chishga qaror qilmagan bo‘lar edingiz!”.