Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ANOMAL SOVUQ VA BEQARORLIK

18.1.2023 85

Abdulaziz AHMEDOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

So‘nggi kunlarda ta’lim tizimimizdagi beqarorlikka eʼtibor qiling:

27.12.2022: darslar 11-yanvardan boshlanadi;

05.01.2023: taʼtil 18-yanvargacha uzaytirildi;

10.01.2023: soat 23:00, shoshilinch xabar, ertaga, 11-yanvardan barcha taʼlim muassasalarida oʻqish;

12.01.2023: taʼtil 16-yanvargacha uzaytirildi;

15.01.2023: har xil mish-mishlarga ishonmang, dars 18-yanvardan, tamom!

16.01.2023: noqulay ob-havo sharoiti tufayli barcha taʼlim muassasalarida darslar 23-yanvardan boshlanadi...

Maʼlumotlarga koʻra, taʼlimning bunchalik sarson boʻlishiga 18-yanvargacha choʻzilgan taʼtil kutilmaganda 11-yanvarga koʻchirilgani sabab boʻlgan. Shunda barcha maktablarda issiqlik taʼminoti yoqilgan. Oddiy tushuntirganda, issiqlik tizimi – pechlarga suv haydalgan. Ammo sovuq natijasida quvurlar va isitish qozonlari muzlab, yorilib ketgan. Endi bu isitish tizimlarini toʻliq taʼmirlash uchun maʼlum vaqt kerak boʻlmoqda.

Bizningcha, mamlakatimizda ta’limni rivojlantirishning uzoq yillik strategiyasini tuzish shart. Hukumat zudlik bilan ta’lim tizimini to‘liq reforma qilishi kerak. Chunki:

  • Qachondan beri viloyat hokimliklari ta’lim tizimiga aralashadigan bo‘lib qoldi? Nima, ularning boshqa qiladigan ishi yo‘qmi?
  • Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik deb har doim jar solamiz. 10 kunlik anomal sovuqqa ham bardosh berolmasa, qanaqa tayyorgarlik ko‘rilgan o‘zi? Yaxshiyam bizda oylab qorbo‘ron bo‘lmaydi.
  • Ta’lim vazirliklari. Nega ular hamma ishni viloyat hokimliklari va OTMlar ixtiyoriga tashlab qo‘ydi, vazirlik degan maqomi qayerda qoldi, nega ularning o‘zida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ahvoli haqida ma’lumot yo‘q?
  • Talabalar nima uchun beqaror mutasaddilarning anomal qarorlari qurboni bo‘lishi kerak? Ularda nima ayb?

Shuncha yildan beri infratuzilma uskunalari yangilanmagan, gaz va koʻmir omborlari quvvati oshirilmagan. Bir muddat sovuq koʻpchilik sohalarning asl “yuzi”ni, rahbarlarning “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” islohotlarini yaqqol koʻrsatib berdi.

Prezidentimiz raisligida 16-yanvar kuni aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oʻz faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani bois:

– Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev;

– Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev;

– “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmanov lavozimidan ozod etildi.

Xoʻsh, endi uyimiz issiq boʻladimi? Endi “otapleniya” iliydimi? Endi chiroq oʻchmaydimi? Endi sovqotmaymizmi? Endi gaz yonadimi? Endi...

Bizningcha yoʻq. Chunki gap odamlarda emas, mo‘rtlashib qolgan tizimda. Rahbarlar inqirozli vaziyatlarda qisqa muddatli yechimlar (yotoqxona, tekin osh) bera oldi. Uzoq muddatli samarali yechimlar ildizlari esa ularga bogʻliq emas, nazarimizda...

Bu vaziyatda umidimiz faqat va faqat ta’limdan. Ha, najot faqat ta’limda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish