Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ARSHNI KIM LARZAGA SOLMOQDA?

22.2.2023 477

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

O‘zbek jamiyati haqida gap ketganda, g‘arb bizning oilaviy ana’nalarimizga, qadriyat, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan rishtalarni mustahkamlovchi tushunchalarimizga havas bilan qaraydi, deb mag‘rurlanishga o‘rganib qolganmiz. Biroq an’ana, qadriyat, keksalar-u mahalla bo‘lsa ham ajrimlar borasida ortda qolayotganimiz yo‘q.

Statistika ma’lumotlariga qaraganda, 2022-yilda nikoh qurish holatlari o‘tgan yillarga nisbatan kamaygan bo‘lsa, ajrimlar soni ko‘paygan. 2022-yilda Oʻzbekistonda 296,7 mingta nikoh qayd etilgan. Ko‘rsatkich soʻnggi 5 yilda sezilarli kamaygan:

2018-yilda 311,4 mingta;

2019-yilda 310,9 mingta;

2020-yilda 296,8 mingta;

2021-yilda 305,2 mingta.

Ajrimlar soni joriy yilda 48,7 mingtaga yetib, soʻnggi 5 yilda sezilarli koʻpaygan:

2018-yilda 32,3 mingta;

2019-yilda 31,4 mingta;

2020-yilda 28,2 mingta;

2021-yilda 39,3 mingta.

2022-yilda ajrimlarning 50,5 foizi yosh oilalar hissasiga toʻgʻri kelgan. Yosh oilalarning ajralib ketishiga 41 foiz holatda xarakterlar mos kelmasligi, 13 foiz holatda befarzandlik, 15 foizida moddiy qiyinchiliklar, 34 foizida uchinchi shaxs aralashuvi, 25 foizida zararli odatlar sabab bo‘lgan.

 

“Qaynonam bilan chiqisha olmadim”

“Qaynonam bilan chiqisha olmaganim sababli turmushim buzilgan. Aslida erim yaxshi inson edi, ammo hech qachon yonimni olmas, uyda janjal bo‘lsa, doim meni ayblardi. Qaynonam boshqa qizni kelin qilmoqchi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘im esa meni tanlagan. Shu sababdan qaynonam meni yoqtirmas, qilgan ishlarimdan kir topar edi. Oxiri, ota uyimga ketdim. “Men kerak bo‘lmasam ham, erim bolasi uchun bizni olib ketib, alohida uyda yashaydi”, deb o‘ylagandim. Afsuski, xato qilibman. Birorta jiddiy muammo bo‘lmasa ham, biz ajrashdik. Erim o‘sha onasi aytgan qizga uylandi. Atigi 1,5 yil yashadik, bir o‘g‘lim bor”, – deydi xorazmlik Shalola Karimova.

 

“Maoshim kam edi...”

“Namangan davlat universitetining tarix fakultetini tamomlaganman. Qishlog‘imda yaxshi ish topa olmaganim uchun, uylangach, oilam bilan shaharga ko‘chib keldik. Otam dehqon, onam hech qayerda ishlamaydi, mendan boshqa ikkita ukam ham bor, shu sababdan ulardan yordam so‘ray olmasdim. Shaharga kelgach, ishga kirdim, ikki yarim million so‘m maosh olardim. Bu pul ijara haqi, yo‘l kiradan ortib, yeb-ichishimizga arang yetardi. Xotinim o‘ziga to‘q oilada o‘sgan. Yegisi, kiygisi kelgan narsani olib bera olmadim. Shu sabab “bu ketishda qachon yaxshi kun ko‘ramiz”, deb ko‘p janjallashib qolardik. Ijarama-ijara yurish, moddiy qiyinchiliklardan oilamga dars ketdi, uch yil yashab, ajrashdik”, – deydi ismi sir tutilishini xohlagan qahramonimiz.

Ijtimoiy tarmoqda “Oilaviy ajrashishlarga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?” savoli bilan o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada aksariyat foydalanuvchilar urf-odatlar; qaynonaning kelinga soliq solishi; kuyovning kelin tomondan mulk ta’ma qilishi; kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”; telefon va ijtimoiy tarmoqlar; yoshlarning na fikrlash, na pul topishda mustaqil emasligi; yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning “xo‘p”dan yiroqligi; o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi; besabrlik; aybni tan olmaslik kabilarni sanagan.

Tahlillar ko‘rsatadiki, ajrim yoqasiga kelib qolgan, ajrashgan oilalarning muammolari bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo ajrimlarning katta qismi jiddiy sabablarsiz kelib chiqmoqda.

 

Mas’uliyat faqat ayolda emas

Biz negadir qizlarimizni yoshligidanoq kelinlikka tayyorlaymiz. Tengi chiqsa tekin ber, deb duch kelganda qizimizni qo‘shqo‘llab topshiramiz. Keyin esa xarakteri to‘g‘ri kelmadi, kuyov ichar ekan, qaynona zolim ekan, deya ajratib olib, bolalarni yetim qilamiz. O‘rtada otasi aliment ham to‘lay olmaydigan farzandlarga qiyin bo‘ladi.

Nega er farzandlarimizni qizlarni turmushga tayyorlagandek tayyorlamaymiz? Kelin ham birovning guldek farzandi, uni himoya qilish, boqish, yedirish-ichirish, uy-joy bilan ta’minlash erkakning vazifasi ekanini yoshligidan miyasiga quymaymiz? Nega uni haqiqiy erkak qilib tarbiyalamaymi? Agar biz millat erkaklarini shunday tarbiya qilolganimizda edi, ojizaga qo‘l ko‘targanlar, katta raqamlardagi ajrimlar bo‘lmasdi.

Turmush bir tekis kechmaydi. Hamma oilada ham qiyinchilik, o‘ziga yarasha tashvishlar, baland-past gaplar bo‘ladi. Ana shunday paytda erkagu ayolning donoligi, olgan tarbiyasi qo‘l keladi. Bunda erkak tarozining ikki pallasini teng tuta olishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, ajrimlar sonini “0”ga tushirib bo‘lmaydi. Ammo ularni kamaytirishga erishish mumkin, albatta. Farzandlarimizni mol-dunyoga emas, ilmga muhabbatli qilish, sep-sidirg‘alar qatoriga bir dasta kitobni ham qo‘shish, qiz-u o‘g‘ilga o‘z vazifalarini to‘g‘ri tushuntira olish, uyimizga kelgan kelinga o‘gay ko‘z bilan qaramasdan, yaxshi muomala qilish, bu dunyoda insondan faqat ezgulik qolishini farzandlar ongiga chuqur singdirish orqali buzilayotgan oilalar sonini kamaytirish mumkin, – deydi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Oilaviy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Iskandarova.

Ro‘yi zaminda bir nikoh buzilganda Arshi a’lo larzaga keladi. Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotin tanlagan qarori ham o‘ziga, ham jamiyatga, ayniqsa, uning safiga endi qo‘shilgan kichik yoshdagi farzandining taqdiriga salbiy ta’sir qilishini anglaydi. Ammo anglash boshqa, natija boshqacha tus olmoqda. Oilaviy ajrimlar masalasida yozilmagan gap, uni bosib chiqarmagan gazeta, mavzu yangramagan ko‘rsatuv qolmadi, hisob. Mutasaddilardan so‘rasangiz, “loyihalar amalga oshirilyapti, yarashtirish komissiyalari ishlayapti”dan nariga o‘tishmaydi. Murg‘ak qalblarning tirik yetim bo‘lishi esa zamonaviy jamiyatda odatiy holga aylanib bormoqda...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish