Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Asabiylashgan abituriyentlar yoxud imtihon kunidagi sarguzashtlar

24.7.2024 269

Behruz RAJABOV tayyorladi.

Har yili yuz minglab abituriyentlar o‘z kelajagini belgilab beruvchi imtihonlar ko‘prigidan o‘tadi. Albatta, bu jarayonlar abituriyentlar hayotida eng esda qolarli va hayajonli daqiqalarni o‘z ichiga oladi. Imtihon kuni ertalabdan uyqudan turish, so‘nggi marotaba kitoblarni varaqlash, ota-ona duosini olish va test bo‘lib o‘tadigan manzilga yo‘l olish…

Haqiqatan ham har bir jarayon ich-ichingizni muzdek qiladigan darajada hayajonli. Imtihon zallariga qadam qo‘ygan har bir abituriyentning yuragida ming bir hissiyot, umid, tashvish va qo‘rquv mavjud. Test savollari diqqat bilan o‘qiladi, javoblar belgilanadi… Har bir belgilangan javob kelajak uchun muhim ahamiyatga ega. Albatta, bu yilda abituriyentlar duch kelayotgan qiyinchiliklar va imtihon kuni yuz bergan qiziqarli voqealar siz uchun ham qiziq bo‘lishi aniq. Bu sahifa orqali aynan shu mavzudagi bir-biridan qiziqarli hikoyalarni ulashmoqdamiz.


CHALKASHLIKDA CHALKASHIB KETDIM

Nargiza TAUBAYEVA,

abituriyent (Qoraqalpog‘iston):

10-iyul kuni kechqurun telegram titkilab yotsam, universitet telegram kanalidan xabar keldi. 12-iyul kuni bo‘lishi kerak bo‘lgan ijodiy imtihon ertaga bo‘lar emish?! Nima qilishni bilmay qoldim.

Tongda soat 4:00 da turib, abituriyent ruxsatnomasini qog‘ozga chiqarmaganimni esladim va yig‘lab yubordim. Uydagilar bilan ham nimadir sabab janjallashib qoldim. Shoshilib taksi chaqirdim, aksiga olib taksi ham kech keldi. Universitetgacha yo‘l haqi 7 000 so‘m bo‘ldi. Haydovchiga 100 000 so‘mlik uzatsam “maydam yo‘q” desa bo‘ladimi?!

Soat allaqachon 7 bo‘ldi, men esa abituriyent ruxsatnomasini qog‘ozga chiqarish uchun poligrafiya qidirib yuribman. Erta tong bo‘lgani uchun hamma joy yopiq. Keyin universitet orqasida bir poligrafiya ochiq ekanini kimdir aytib qoldi, uzundan-uzun navbatda turdim. Shundan so‘ng imtihonga kirish uchun navbatimni kuta boshladim va tushlik vaqti bo‘lganda hamma tarqalishni boshladi. Shu yerdagi kimdir bizning imtihonimiz ertaga bo‘lishini aytdi...

O‘zimni bosdim, bir tomondan bu men uchun tayyorgarlik ko‘rishimga imkon edi. Shu kuni ota-onamning qabriga borib ular bilan suhbatlashdim. Ertasi kuni hayajonlarim kamaygan edi va imtihonni muvaffaqiyatli topshirdim. Natijalar e’lon qilinganida esa men ham oila a’zolarim ham juda xursand bo‘lishdi.

 

FAQAT MEN EMAS, HAMMA NOROZI

Adhambek EGAMBERGANOV,

abituriyent (Xorazm):

Ertalab uyqudan turishim bilan birinchi qilgan ishim telegramdagi guruhdan kelgan xabarlarni ko‘rish bo‘ldi. Guruhda abituriyentlar huquqshunoslik fanidan testda tushgan savollar haqida suhbatlashishgan va men o‘sha mavzularni yana bir varaqlab chiqishga harakat qildim.

Hamma qiyin savollar tushganidan, savollar darslikdan tuzilmaganidan asabiylashardi. Albatta, buni eshitib men ham halovatomni yo‘qotdim. Imtihonga kirganimni eslar ekanman, men hayajonlandimmi yo‘qmi eslay olmayman. Juda qattiq asabiylashganimdan o‘ta jiddiy edim. Testlarni o‘qishni boshlaganimda sezdimki, ular haqiqatan ham darslikdan tuzilmagan...

Test savollari shunaqa uzun, oxirigacha o‘qishga harakat qilsangiz savolning boshi esdan chiqib ketadi. Birgina huquqshunoslik fani savollarining hajmi 12 varaq qog‘oz bo‘lgan. Taxminimcha 11 savolga to‘g‘ri javob berdim, qolgani Xudoga tavakkal.

Testdan so‘ng imtihondan chiqqanlardan so‘rab ko‘rdim. Barchaning fikri shunday, bu bizni darajamizdagi savollar emas. Bu savollarga javob berish uchun biz universitetni tugatgan bo‘lishimiz kerak, maktabnimas. Ko‘pchilik savollar sanksiyalar to‘g‘risida edi. Ustozimdan so‘rasam u ham juda qattiq asabiylashib, bunday savol hatto sudyalar attestatsiyasida ham tushmasligini aytdi. Faqat men emas, deyarli hamma bu testlardan norozi!

 

REKLAMALAR ASABNI YEDI

Sevinch Umurzaqova, Toshkent shahri:

Ertalab telegramdan kelgan xabarlarni ko‘rib chiqdim. Imtihon men uchun hayot-mamot masalasidek muhimligini o‘ylab, hayajonlandim. Lekin dugonam bilan imtihonimiz bir kunda, bir vaqtda va bir joyda ekani ozroq taskin berardi.

Imtihondan bir kun oldin dugonam bilan qoldim, biz ertangi kun uchun juda qattiq tayyorlandik. Ertalab O‘zekspomarkaz tomon yo‘l oldik va endi meni har bir mayda ko‘ngilsizliklar ham juda qattiq asabiylashtira boshladi. Eng birinchi metroda poyezdning 10 daqiqada kelishi asabiylashtirdi. Odamlar juda ko‘p edi, hamma testni qayerda va qaysi pavilonda topshirishi kerakligini aniqlash bilan band edi. Biz ham asta-sekin tekshiruvlardan o‘tdik va o‘z guruhlarimizni topib, joyimizni egalladik.

Odamlarning yuzidan sezish mumkin ediki, deyarli hamma stressda edi. Qaysi tomonga qarasangiz, xavotirga to‘la yuzlar. Test boshlanishida nazoratchining bir ayol bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani va u xatosini tushuntirishi ham g‘ashimni keltirdi. Asabiylashmaslikka harakat qildim. O‘zimni qo‘lga olib, atrofdagi har qanday holatga e’tibor bermasdan test yechishga harakat qildim. O‘tgan yili ham imtihon topshirganim uchun hayajonni yengishga kuch topa oldim.

Testdan chiqganimizdan so‘ng bizga xususiy universitetlarni reklama flayerlarini tarqatishdi. Endi bunisi oshib tushdi. Buni har qanaqasiga hazm qilib bo‘lmasdi. Bu baribir imtihondan yiqilasan, degandek edi-da! Shundan so‘ng mazam bo‘lmay qoldi. Uyga zo‘rg‘a yetib oldim.

Hammasidan ham test javoblarini kutish qiyin bo‘ldi. Sabrsizlik bilan kutdim va natijani ko‘rganimda xursand bo‘ldim. Xudoga shukr, bu yil yaxshi ball to‘plabman!

 

PASPORTIMNI YO‘QOTIB QO‘YDIM

Javohir Kengboyev,

abituriyent (Qashqadaryo):

Men uchun eng alamlisi imtihondan bir kun oldin pasportimni yo‘qotib qo‘yganim bo‘ldi. Buni hatto uydagilarga aytishga qo‘rqardim. Talaba bo‘lish eng katta orzum edi. Ikki yil davomida tinmay tayyorlanganim, pasportim yo‘qligi tufayli barbod bo‘lishi mumkin edi. Juda qattiq asabiylashardim

 Bilim va malakalarni baholash agentligiga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib, muammoga yechim izlardim. Ular esa pasportsiz kirish mumkin emasligini aytishdan charchamadi. Qidirmagan joyim qolmadi. Juda qattiq asabiylashgandan har xil xayollar kelardi. Endi men imtihonga kirolmayman, talaba ham bo‘lolmayman. Ota-onamning ishonchini oqlolmadim...

Hamma imtihondagi savollarni o‘ylab siqilsa, men pasportim yo‘qligi uchun qiynalardim. Kun kech bo‘ldi, pasportimdan ham imtihondan ham umidimni uzdim. Imtihonga borganimdan foyda yo‘q edi. Juda qattiq tushkunlikka tushdim. Keyin tasodifan bir yaqin do‘stim bilan ko‘rishib qoldim. U nimadir sezdi shekilli, yuzimga qarab nega kayfiyatim yo‘qligini so‘radi. Barchasini aytib berdim. Shunda u, "Pasporting mening mashinamda turibdi. Kecha ko‘rishganimizda, cho‘ntagingdan tushib qolibdi”, dedi. Birdaniga yuzimga tabassum yugurdi.

Pasportimni olishim bilan uni o‘pib, boshqa yo‘qotmaslik uchun sumkamga solib qo‘ydim. Ertasi kuni imtihonga ham kirib chiqdim, natijalarim yaxshi. Endi yaxshi niyat qilib, mandatni kutyapman.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish