“Yoshlar ovozi” gazetasi shonli 100 yoshga kirdi.
Mamlakatimizda bunday uzoq va boy tarixga ega matbuot nashrlari barmoq bilan sanarli. Ayniqsa, o‘tgan asrning 80-yillarida boshlangan qayta qurish davrida gazeta haqqoniy so‘zni barilla aytish, mamlakat mustaqilligining asoslarini mustahkamlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish, ko‘psonli tiraj borasida o‘zining eng yuksak cho‘qqilariga ko‘tarildi. Shu yillarda Jabbor Razzoqov, Qulman Ochilov, Safar Ostonov, Norqobil Jalilov kabi jonkuyar va dovyurak ustoz jurnalistlarning zahmatli mehnatlari bilan tahririyatda o‘ziga xos jurnalistika maktabi vujudga keldi.
O‘tgan 100 yil davomida nashr yuzini ko‘rgan minglab dolzarb mavzudagi maqola va chiqishlar hayotimizni yangilashga, o‘tkir muammolarni hal etishga, yosh avlod tafakkurini yuksaltirishga, demakki, asrni o‘zgartirishga munosib hissa qo‘shdi. “Yoshlar ovozi”ning 100 yilligi munosabati bilan “Asrni o‘zgartirgan maqolalar” umumiy sarlavhasi ostida o‘tgan yillarda nashr etilgan salmoqli maqolalarni eslashga, e’tiboringizga havola etib borishga qaror qildik.
Harbiy buyruq jarangdor bo‘ladi
Qizil imperiyaning ichki talvasasi endigina boshlangan bir paytlarda Ittifoq matbuotida til, tillar haqida maqolalar ko‘p chiqar edi. Shunday maqolalarning birida Ch. Aytmatov achinib, dildan kuyinib “Литературная газета”da “Frunze pravdasi” degan gazeta nomini misol keltirib, “…nahotki katta bir tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan qirg‘izlarda “правда”ning ma’nosi shu tilda topilmasa” deb yozgandi.
Ha, u paytlarda hatto Aytmatovday jahonga tanilgan inson ham, poytaxt ham, bosqinchining nomi bilan atalgan, deb aytolmas edi.
Shunga qaramasdan ham bu paytlar qizil imperiyaning changal sirtmog‘i ancha-muncha bo‘shashgan davr edi. Bu misolni keltirishdan maqsad hozirgi kunda O‘zbekistonimizda o‘z tilimiz taqdirini dildan o‘ylashimdadir. Bu o‘ylarimni qog‘ozra tushirishga majbur qilgan oxirgi turtki faqatgina nomi o‘zbekcha bo‘lgan “Vatanparvar” gazetasining 17/XI–92-yil 246-soni bo‘ldi.
Zamonaning zaharxanda kulgisini qarangki, yuqoridagi gazetaning nomi o‘rischa bo‘lgan va mazmunan qirg‘izcha chiqqan. Pastdagisi esa endigina faqat nominigina tarjima qilibdi. Loqayd harbiylarimiz onda-sonda bir-ikkita uchrab turadigan umarolarimizning mana shu sa’y-harakatlariga ham rahmat-e!
Turonda eng jangari bo‘lgan xalqlardan biri bo‘lmish o‘zbeklar o‘z harbiy tilini nahot shunchalar unutib bo‘lgan bo‘lsa! Nahot o‘zbektar o‘z tarixini shunchalar unutib, bolalarini qizil imperiya armiyasidan qochirganday milliy qo‘shinda xizmat qilishdan hali ham qochirib yurishsa. O‘ylaymanki, bunday emas. Biz, albatta, o‘z milliy Vatanimiz harbiy mudofaasiga loyiq harbiy qo‘shinga ega bo‘lamiz. Buning uchun yetarli darajada askarlarimiz, sipohlarimiz va umarolarimiz bo‘ladi.
Ammo bu o‘rnida ham qiyinchiligimiz jiddiyga o‘xshaydi, vaholanki, biz salkam bir yarim asrlik qullik davrimizda milliy harbiy tilni unutib bo‘lganga o‘xshaymiz. Ustimizdan kulmoqchi bo‘lganlar va ba’zi o‘zimizdan chiqqan nodonlar o‘ris tilidagi harbiy atamalarni aynan so‘zma-so‘z tarjima qilib “вольно” buyrug‘ini “shalpay” deb tirjayishadi. Bu o‘rinda 1989-yilda chiqqan, (tuzuvchilar: Panasenko E.D., Madaliyev A. P.) “Ruscha-o‘zbekcha harbiy terminlar lug‘ati”ni ko‘rsatish mumkin. Faqatgina muhit talabiga “gah” deb javob berib bozorni o‘ylab qilingan bu lug‘at bugungi kun emas, hatto kechagi kun talabiga ham javob bera olmaydi.
Lug‘atda nihoyatda tarjimasiz tarjimalar ko‘p, misol uchun: “Башня танка – tank bashnyasi”, yarim tarjimalar: “Боевая линия – jangorav liniya”.
Nahotki o‘zini, tilini hurmat qilgan o‘zbek “tank bashnyasi, jangovar liniya” va boshqa shunga o‘xshash iboralarni ishlatar ekan. Axir tank ingliz tilidan, bu so‘z ko‘pchilik xalqlarda ishlatiladi. Xo‘p, “tank qubbasi” desak bo‘lmaydimi yoki “jangovar qatori” tilimizga sig‘maydimi?
Qarabsizki, bu mo‘jazgina lug‘atga va uning tuzuvchilariga e’tirozim ko‘p.
Harbiy atamalar, buyruq va iboralar tilshunoslikda katta bir yo‘nalish bo‘lib, alohida o‘rin tutadi. Aytaylik, mana shu o‘ris tilida ham harbiy buyruq shaklida hech kim “Равняйся” yoki “Равняйтесь” demaydi. Bularning o‘ringa oddiygina va shu bilan jarangdor qilib, noaniq shaxsga qaratib “Равнясы” deyiladi.
Demak, bizning jarangdor, jangari tilimizda bu buyruqlar yana ham chiroyli chiqishi kerak. Bu o‘rinda sharqshunos, tarixchi, tilchi, harbiy va boshqa olimlarimizdan umidvormiz. Ular boy o‘tmishimizda bo‘lgan bobolarimizning bu boradagi bisotlarini bizga topib berishlariga shubha yo‘q.
O‘zbekiston o‘zining tilini tiklayapti. Shunday ekan, olimlardan tariximizni ochishni kutish bilan bir paytda tinchgina o‘tirmasdan sa’y-harakatni tezlatish lozim. Harbiylarimizning kundalik hayotida balki bizning bugungi chalasavod tarjimalarimiz qolar, balki osori atiqalarimiz topilganda ularni tiklarmiz. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatadi.
Shuning uchun jarangdor O‘zbek harbiy buyruq va boshqa atamalarni qo‘shinimiz kundalik hayotiga joriy qilib borishimiz lozim. Ammo bu yo‘lda Panasenko E.D., Madvaliyev A.P., “Vatanparvar” yoki boshqa chalasavod lug‘atlar yo‘lidan emas, Prezidentimiz I.A.Karimov aytganiday, “O‘zbekistonning o‘z yo‘lidan” borishimiz kerak. Harbiy buyruqlar yuqorida keltirilgan manbalardagidek, misol uchun, “Вольно – erkin holatda turing” shaklida jarangsiz, ko‘pso‘zli bo‘lmaydi. Harbiy buyruqlarning o‘z ichki qonun-qoidalari bor. Xuddi shu “Вольно”ni o‘zbek tiliga “Bo‘shsan” deb tarjima qilsa bo‘ladi. O‘rislar ham “Вольно” buyrug‘ini eshitib, har kim xohlagan tomonga tarqab ketmagan.
Harbiy va tilimiz jonkuyari bo‘lganligim uchun “Vatanparvar”da chiqqan tarjimaga muqobil sifatida mana bu tarjimalarni takrorlayman, hozircha tarjimalarni bermoqchiman. Chunki kelgusida milliy qo‘shinimizda tarjima emas, o‘ziga xos o‘zbekcha buyruqlarimiz hayot yuzasiga keladi.
Ba’zi tarjimalar bir necha shaklda berildi. Bu ataylab shunday qilindi, chunki amalda qaysi qulayroq bo‘lsa, o‘shanisi muomalada qoladi. Bizga qulayi va dilimizga yoqqani bu qatorda birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Misol uchun:
Автомат на груд! – Avtomat ko‘krakka!
Бегом! – Yugur! Chop!
Бегом-марш! – Yugurishni boshla!
В колонну по два становись! – Ikkitadan bo‘yqator saflan!
В одну шеренгу становис! – Enqatorga saflan!
В две шеренги – становись! – Ikki enqatorga saflan!
Вольно! – Bo‘shsan! Tin ol! Bo‘sh hol!
Вперёд! – Olg‘a!
Встать – Смирно! – Tur – Rostlan!
Выйти из строя! – Safdan chiq!
Газы! – Gazniqob!
Головные уборы надеть! – Bosh kiyimlar kiyilsin!
Два шага вперёд шагом марш! – Ikki qadam olg‘a yur!
Есть! – Xo‘p bo‘ladi!
За мной марш! – Orqamdan yur!
Заправиться! – Tartiblan!
Заряжай! – O‘qla!
За спину! – Oqala! Orqaga ol!
Идти не в ногу! – Tekis yurma!
Караул в ружё! – Qorovul – qurollan!
К бою! – Jangga!
Ко мне! – Beri kel! Menga!
Короче шаг! – Qadamni qisqart!
Кругом марш! – Ortga yur!
Левое плечо вперёд! – Chap yelka oldinga!
Ложис! – Yot!
Назад! – Orqaga tislan!
На лево! – Chapga!
На лево – равнясь! – Chapga rostlan!
На месте, шагом – марш! – Joyingda yur! Joyingda!
На первый – второй – расчитайсь! – Bir – ikki deb sana!
На плечо! – Yelkaga!
На право! – O‘ngga!
На ремены! – Qayishga ol!
На руку! – Qo‘lga ol!
Никак нет! – Aslo yo‘q!
Огонь! – O‘t och!
Отбой! – Uyquga!
Отставить! – To‘xtang!
Под знамя, смирно На караул! – Qurol “Qorovul” holda bayroqqa rastlan
Польный шаг! – To‘la qadam!
Пол – оборота на лево! – Chapga yarim aylana!
По местам! – Joy-joyingga!
По порядку – расчитайсь! – Qatorasiga sana!
Приинять вправо! – O‘ngga ol!
Приступить к проверке! – Yo‘qlamaga kirish!
Противогази снять! – Gazniqob yechilsin!
Прямо! – To‘g‘riga!
Равняйсы! – Tekislan!
Разойдисы! – Tarqal!
Розомкнись! – Siyraklash!
Разряжай! – O‘qni chiqar! O‘qsizlantir!
Слушай мою команду! – Buyrug‘imga quloq sol!
Смирно! – Rostlan!
Сомкнис! – Jipslan!
Становись! – Saflan!
Стать в строй! – Safga tur!
Стой! – To‘xta!
Стой, кто идёт? – To‘xta, kim kelayapti?
Стой, назад! – To‘xta, orqaga!
Стой, обходи влево! – To‘xta, chapdan aylan!
Стой, стрелять буду! – To‘xta, otaman!
Строевим шагом – марш! – Shahdam yur!
Так точно! – Xuddi shunday!
Шире шаг! – Qadamni uzayt, qadamni keng qil!
Mana, qarabsizki, harbiy buyruqlar o‘zbek tilida ham jarangdor chiqmoqda!
Harbiy atamalar xususida taklif va mulohazalaringizga muhtojmiz.
M.YO‘LDOSHEV
(Gazetaning 1993-yil 9-yanvardagi sonidan olindi)
Saralovchi:
Sug‘diyona SOBIROVA
Nashrga tayyorlovchilar:
Muhammadshukr MUHAMMADJONOV,
Shahobiddin LUQMON