Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“ASSALOMU ALAYKUM, ZAFAR AKA” Mahallada bu yetakchini tanimaydigan yosh yo‘q

10.5.2023 1863

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Quyichirchiq tumanidagi “Tinchlik” mahallasi yoshlar yetakchisi Zafar Akbarov bilan hududni kezar ekanmiz, har bir yoshning “Assalomu alaykum, Zafar aka”, deb qoʻlini koʻksiga qoʻyib soʻrashishidan bildikki, mahalla yoshlar yetakchisi ular bilan ancha yaqin.

Zafar AKBAROV, Quyichirchiq tumanidagi “Tinchlik” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Oʻzim jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlganim, yoshligimdan basketbol bilan muntazam shugʻullanganim uchun yoshlarni ham sport bilan band qilishga harakat qilaman. Biroq yoshlarning ochiq havoda sport bilan shug‘ullanishi uchun sgaroit yo‘q. Shu bois qoʻshni mahalladagi sport maydonchalaridan foydalanamiz.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi bilan uchrashuvda mahallamiz uchun sport kompleksi va kutubxona kerak boʻlayotganini bildirdim. Natijada yaqin kunlarda mahallamizdagi 32-maktab hududida mini futbol maydonchasi, 1000 dona turli badiiy kitoblarga ega moʻjaz kutubxona va kibersport bilan shugʻullanish uchun 10 ta kompyuter jamlanmasi taqdim etiladigan boʻldi. Bu xushxabardan mahallamiz yoshlari va maktab jamoasi juda xursand bo‘ldi.

Mahallaga yetakchi boʻlib kelganimda hududimizda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish u yoqda tursin, uyali aloqa sifati ham yaxshi emasdi. Shu sabab ilk tashabbusim mahallaga Wi-Fi tarmogʻini olib kelish boʻldi. “Uztelekom” aloqa operatori rahbariga ariza bilan chiqib, mahallamiz hududiga aloqa kompaniyasining linyasini olib keldik. Hozir deyarli hamma xonadon bu tizimdan foydalanmoqda. Bundan unumli foydalanayotgan bir nechta yoshlarimiz xorijiy tillarni mustaqil oʻrganmoqda. Ulardan biri Mushtariy Mirzajonova ingliz tili fan olimpiadasining viloyat bosqichida birinchi oʻrinni olib, hozir ixtisoslashtirilgan maxsus maktabda taʼlim olmoqda. Ayrim nogiron yoshlarimiz internet orqali turli buyumlar yasashni oʻrganib, uyda daromad topmoqda.

Mahallamiz hududida bogʻcha yo‘q, 200 nafarga yaqin bola qoʻshni mahallalardagi bogʻchalarga qatnaydi. Bu muammoni ham hal etish harakatidamiz. Ularning ota-onalari ham, qoʻyingki barcha mahallamiz ahli yoʻllar buzuqligidan aziyat chekadi. Taʼmirtalab yo‘llarimizni asfaltlash uchun “Open budget” loyihasida yoshlarimiz bilan faol ishtirok etyapmiz.

Aholimizga uch ming soʻmlik xarajat evaziga 50 kilometrgacha masofani bosib oʻtish quvvatiga ega, muhimi tabiatga hech qanday zarar keltirmaydigan transport vositasi – muraveylardan foydalanishni ham tavsiya etyapmiz. Hozir 60 dan ortiq kishi shunday transport vositasiga ega. Ulardan ikki nafar yoshga tavsiyam bilan imtiyozli kredit mablagʻi asosida olib berildi. Ular turli yuklarni tashib, daromad olmoqda.

Mahalladagi jami (16-30 yoshdagi) 580 nafar yoshning 34 nafari “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olinib, ularga quyidagi yoʻnalishlarda yordam berildi:

4 nafar yoshga 30 sotixdan 30 yilga yer ajratildi;

4 nafari “Kelajak kasblari”da taʼlim olishga yoʻnaltirildi;

3 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervi pullari qoplab berildi;

7 nafar talabaning kontrakt puli toʻlab berildi;

3 nafariga tibbiy xizmatdan foydalanish uchun bir martalik yordam puli ajratildi;

4 nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi;

3 nafari doimiy ishga joylashtirildi;

6 nafarining muammosi hal etilish jarayonida.

 

Nargiza YOʻDOSHEVA, issiqxonachi Sardor Qodirovning onasi:

Oʻgʻlim anchadan buyon nima ish bilan shugʻullanishni bilmay yurardi. Bir kuni mahallamiz yoshlar yetakchisi Zafarjon xonadonimizga kelib, Sardorga oʻz hovlimizda issiqxona qurishni maslahat berdi. Buning uchun 15 million soʻm imtiyozli kredit ajratish taklifini bildirdi. Bu taklif hammamizga maʼqul kelib, oʻgʻlim kredit oldi. Issiqxonani qurib bu yil qishda koʻkat va rediska ekib koʻrdik. Qishdan 6 million soʻmlik sof daromad bilan chiqdik. Mart oyi boshida koʻkatdan boʻshagan yerga pomidor ekdik. Ekinimiz hosilga kirgan. Yaqin kunlarda bozorga olib chiqamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish