Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Attraksionlardagi fojialar qachongacha davom etadi?

23.5.2023 651

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bahor-yoz oylari istirohat bog‘larida mavsum qiziydi. Sinfdoshlar, kursdoshlar yoki oila a’zolaringiz bilan salqin xiyobonlarda sayr qilgingiz, attraksionlarda uchgingiz keladi. Ammo so‘nggi paytlardagi turli ko‘ngilsiz voqealarni eshitib, attraksionlarning xavfsizligiga shubha uyg‘onyapti. 2019–2021-yillar mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq 7 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan, shundan 3 tasi o‘lim bilan yakunlangan. 2022-yilda bir kishi, 2023-yilda yana bir kishi halok bo‘ldi.

12 yoshli bola vafot etdi...

2023-yil 14-may. 12 yoshli bola Namangan shahridagi istirohat bog‘idagi attraksionda aylangan vaqtida bosh qismidan tan jarohati olib, vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanidagi 8-maktab o‘quvchilari sayohatga chiqqan.

2023-yil 26-mart. Buxoro shahridagi “Somoniylar” nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘idagi “Tvister” attraksionining oq-qizil rangdagi arg‘imchog‘i o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib tushgan. Natijada er-xotin va ularning kichkina farzandi og‘ir jarohat olgan. Go‘dakning boshi yorilgan, erkakning qo‘li singan, ayolda esa ichki gematoma qayd etilgan. Bundan tashqari, uchovlonning miyasi chayqalgan, turli darajadagi boshqa jarohatlar ham olgan...

Afsuski, bunday misollar talaygina.

Attraksionlarning yarmidan ko‘pi muddatini o‘tab bo‘lgan

Yuqoridagi voqealar tafsiloti o‘rganilar ekan, ko‘pincha attraksion statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, ulardan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani, oddiy texnik xavfsizliklarga rioya qilinmagani yoki jabrlanuvchining o‘zi ehtiyotsizlik qilgani sabab bo‘ladi.

 Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomovning ta’kidlashicha O‘zbekistondagi attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilgan.

“Attraksionlarning texnik holati har mavsum boshida, ya’ni yilda bir marta dinamik va statik sinovdan o‘tkaziladi. 100 nafardan iborat 16 ta ishchi guruh respublika bo‘yicha attraksionlardagi vaziyatni o‘rganadi. Respublikadagi birorta istirohat bog‘i haqida ijobiy xulosa berib bo‘lmaydi. Attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilgan va muddatini o‘tab bo‘lgan”, degan G‘ulomov OAV vakillari bilan uchrashuvda.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev hokimliklar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi nosoz attraksionlarni foydalanishdan chiqarish borasidagi murojaatlarni e’tiborsiz qoldirayotganini ta’kidlaydi.

2022-yil respublikada mavjud 1879 ta har xil attraksionlarning 574 tasi texnik nosoz deb topilgan. Ularning faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rilgan.

“Toshkent shahri eng namunali hudud bo‘lsa-da, shahardagi 17 ta istirohat bog‘idan 11 tasining faoliyatiga ruxsat berilgan. Qolgan bog‘larda joylashgan attraksionlarning kamchiliklari bo‘lgani sabab ularning faoliyat yuritishiga ruxsat berilmagan. Ammo hududlardagi bog‘larda joylashgan attraksionlarni nazoratdan o‘tkazish masalasi juda og‘ir. Biz tadbirkor ishlatayotgan attraksionning nosoz ekanini aytsak-da, xulosa bersak-da, buni taqiqlab qo‘yishga vakolatimiz yo‘q. Xususan, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi nosoz attraksionlar ham faoliyat yuritishi uchun xavfli deb topilgan. Biroq tadbirkorlar o‘zboshimchalik qilib, tartibga bo‘ysunmagan. Oqibatda ko‘ngilsiz voqealar ro‘y berdi”, deydi Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining istirohat bog‘larini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdufotih Rashidov.

Fojialarga kim javobgar?

Mas’ullarning aytishicha, tadbirkorlar attraksionlarida kamchilik bo‘lsa-da, o‘zboshimchalik bilan ularni ishlatib, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Ularning nosoz attraksionlarni taqiqlab qo‘yishga ham vakolati yo‘q ekan. Tekshiruvda nosoz deb topilgan attraksion ham yana har doimgidek faoliyat ko‘rsataveradi.

Xo‘sh, unda bu muammoga yechim topish uchun nima qilish kerak? Foyda olishni odamlarning hayotidan ham ustun qo‘yadigan tadbirkorlarni tiyib turadigan biror qonun yo‘qmi? Nosozliklar tufayli yuz berayotgan baxtsiz hodisalar dars bo‘lmayotganiga, bu kabi fojialar to‘xtamayotganiga kim aybdor? Attraksionni taqiqlab qo‘yishga vakolati bo‘lmagan mutasaddilarmi, xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ymagan tadbirkorlarmi yoki hordiq chiqarish uchun kelib, shunchaki o‘lib ketayotgan qurbonlarmi?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish