Taraqqiyot va globallashuv fonida kitoblar hayotimizdan chiqib borayotgandek, ammo shunday koʻringani bilan audiokitoblar hamda ulardan foydalanish keng ommalashib bormoqda. Bunday kitoblar dastlab koʻzi ojiz yoki imkoniyati cheklangan kishilar uchun paydo boʻlgan, ammo vaqt oʻtgan sayin, ayniqsa, gadjetlar rivojlanishi bilan audiokitoblardan foydalanish keng tarqala boshladi. Insonlar vaqtdan yutish, ortiqcha yuk sifatida kitob koʻtarib yurishdan qochish va eng muhimi, koʻz salomatligi nuqtayi nazaridan audiokitoblarni qulay yechim sifatida koʻrishadi. Yaʼni kun davomida telefon, kompyuter va shunga oʻxshash turli qurilmalarga qarash oqibatida koʻzi charchaydigan kishi uchun tagʻin kitob oʻqish ortiqcha yuklama boʻlishi mumkin, shu sabab, audiokitob tinglash qulay boʻlib qolmoqda.
Jamiyatda audiokitob tinglash anʼanaviy tarzda kitob oʻqish kabi taʼsirchan va foydali emas, degan iddaolar ham bor, bu borada doimiy bahslar boʻlib turadi. Toʻgʻri, rostdan ham audiokitoblarning kamchiliklari mavjud, masalan, kitob oʻqish orqali insonning toʻgʻri yozish koʻnikmasi rivojlanadi, audiokitobda esa bu xususiyat yoʻqoladi. Bundan tashqari, tajribalarga koʻra, tinglovchi audiokitoblardagi ikkinchi darajali qahramonlarni eslab qolishi qiyinroq ekan.
Ammo shu bilan birga yutuqli tomonlari ham yetarli. Audiokitob tinglashda vaqtdan unumli foydalanish mumkin, biror bir yumush bajarish asnosida parallel ravishda audiokitob eshitib yursa boʻladi. Qolaversa, bunday kitoblar anʼanaviy kitoblardan arzon yoki tekin, ortiqcha koʻz toliqishi yoʻq, eshitish orqali maʼlumot qabul qilish esa oson, ekologik foydali, yaʼni qogʻoz uchun yogʻoch ishlatilmaydi, yaxshi audiolashtirilgan kitob esa anʼanaviy shaklidan koʻra koʻproq zavq berishi mumkin, hali oʻqishni bilmaydigan bolalar uchun ham moʻljallangan turlari mavjud.
Umuman, jahonda audiokitoblarning rivojlanish tendensiyasi oshib bormoqda, kitobchilik sanoatida ulushi ham kundan kunga ortyapti. Oʻzbekistonda ham bu borada soʻnggi yillarda sezilarli oʻsish kuzatildi, bu haqda quyiroqda toʻxtalamiz. Ungacha tarixiga va umumiy rivojlanishiga nazar tashlasak.
Audiokitoblar tarixi qanday?
Yuqorida aytilganidek, audiokitoblar birinchi marta koʻzi ojiz insonlar uchun ishlab chiqilgan. 1932-yilda Amerika Koʻzi ojizlar jamgʻarmasi tomonidan plastinkalarga audio kitoblar yozish studiyasi tashkil etilishi bilan ushbu yoʻnalish tarixi boshlanadi. Dastlabki yozuvlarga Uilyam Shekspirning pyesalari, AQSh Konstitutsiyasi va Gledis Hasti Kerrollning “Yer aylanayotganda” romani kiritilgan.
Yangi texnologiyalar paydo boʻlib borishi bilan audiokitoblar ham bosqichma-bosqich rivojlana boshladi. 1960-yillarda kassetalar, 1980-yillarda esa kompakt disklar ixtiro qilinishi audiokitoblarning yana bir qadar oʻsishiga turtki boʻldi. 1994-yilda Amazon kompaniyasining tarmoq kompaniyasi boʻlgan Audible oʻzining birinchi audiokitoblar uchun audio pleyerini taqdim etdi, bir yil oʻtib audiokitoblarni kompyuterlarga yuklab olish imkoni paydo boʻldi va bu bilan yangi bosqichga qadam qoʻyildi.
Yaqin kelajakda audiokitoblar bozori qanday rivojlanadi?
Jahon audiokitoblar bozori hajmi 2023-yilda 6,83 milliard dollarga baholangan va 2024-yildan 2030-yilgacha 26,2 foizga oʻsishi kutilmoqda. Smartfonlarning rivojlanib borishi audiokitoblarning ommaviyligini oshirdi. Bundan tashqari, sunʼiy idrok integratsiyasi audiokitoblar sohasiga ham kirib keldi. AI algoritmlari asosida baʼzi audiokitob platformalarida foydalanuvchiga mos kitob tavsiya qilish imkoniyatlari ham qoʻshildi. Bu boʻyicha ishlovchi kompaniyalar kelajakda sohaga texnologik yangiliklarni jalb etish tendensiyasini yanada oshirib borishi prognoz qilinyapti.
- Butun dunyo boʻylab audiokitoblar bozoridagi daromad 2024-yilga borib 7,93 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
- Tahlillarga koʻra, daromad surʼati yillik (2024-2029) 10,44 foizga oʻsib, 2029-yilga borib 13,03 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
- Butun dunyo boʻylab audiokitoblar bozorida kitobxonlar soni 2029-yilda 1,8 milliardga yetadi.
- Global miqyosda taqqoslanadigan boʻlsa, bu soha eng koʻp AQShda daromad keltiradi — 2024-yilda 3,4 milliard AQSh dollari.
Jahon media bozorida audiokitoblarga talab ortib borayotgani sabab, butun dunyo boʻylab isteʼmolchilar uchun qulay va qiziqarli audiolashtirishga oʻtish jarayoni boshlangan.
Oʻzbekistonda soha qanday rivojlanyapti, qanchalik foyda keltiryapti?
Yaqin-yaqingacha Oʻzbekistonda bu borada aytarli katta loyihalar koʻzga tashlanmayotgan, Telegram, Youtube kabi platformalarda asosan koʻngillilar tomonidan kitoblar audiolashtirilib kelinayotgan edi. Bundan tashqari, televideniye orqali ham kitob oʻqib beruvchi dasturlar, kitoblar asosidagi radiospektakllar yoʻlga qoʻyilgan, ammo bular boshqa masala.
2024-yil boshida Yoshlar ishlari agentligi Xalq banki hamkorligida “Mutolaa” loyihasini eʼlon qildi. Loyihaning “Mutolaa” ilovasi boʻlib, unda hozirgacha 2 mingga yaqin kitob elektron va audio shaklda joylangan. Ushbu loyiha doirasida tayyorlangan audiokitoblar Oʻzbekistonda bu sohada keskin koʻtarilish hosil qildi, deyish mumkin.
Eng muhim jihati shundaki, bu kitoblar mutlaqo bepul, bor-yoʻgʻi ilovada roʻyxatdan oʻtish orqali foydalanish mumkin. Bundan tashqari, audiolashtirilgan kitoblar professional dublyaj aktyorlari tomonidan oʻqilmoqda va bu ish ustida katta jamoa ishlayapti. Bularning barchasi yoshlarni kitobxonlikka jalb etish uchun amalga oshirilmoqda, aytganimizdek, moddiy manfaat yoʻq.
“Bu jarayon joʻngina emas. Ijrochi oʻqiyotganida xato oʻqib yubormasligi hamda yozib olish sifatini nazorat qilish uchun u bilan birga yana bir masʼul kishi boʻladi. Shundan keyin ikki bosqichli montaj ishlari boʻladi. Soʻng audioni ekspert eshitadi, u aniqlagan kamchiliklar bartaraf etiladi, xatolik o‘tgan joylari qayta oʻqitilib, yana ishga ulab yuboriladi. Ekspertning vazifasi ham audioni eshitib, ham koʻz bilan matnni kuzatib qaysi xatolikni oʻtkazib yuborish mumkin yo mumkinmasligi boʻyicha xulosa berish.
Rivojlangan davlatlarda har bir kitobni bir nechta suxandon oʻqigan variantlari mavjud. Bizda esa juda kam kitoblar ovozlashtirilgan. Shunday darajaga yetishimiz lozimki, kerak boʻlsa, bitta kitobning bir nechta ovozda oʻqilgan variantlari boʻlsin va kitobxon oʻziga maʼqulini tanlash imkoniyatidan foydalansin”, – deydi “Mutolaa” loyihasining audiokitoblar boʻyicha eksperti Shirin Oʻlmasova.
Yuqorida audiokitoblar sanoati, uning ulushi oʻsib borishi haqida gapirdik. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: Oʻzbekistonda bu borada bepul loyihalar boʻlyapti ekan, audiokitob sanoatini yoʻlga qoʻyib boʻladimi?
“Mutolaa” loyihasi barcha kitoblarni ovozlashtirishni qamrab ololmaydi, chunki hamma nashriyotlar bunga ruxsat beravermaydi, mualliflik huquqi masalasi bor, albatta. Qolaversa, yildan yilga yangi kitoblar yoziladi, tarjima qilinadi, badiiy kitoblardan tashqari ham turli rivojlantiruvchi darsliklar, qoʻllanmalar va shu kabilar ham bor. Demakki, Oʻzbekistonda ham katta audiokitoblar bozorini shakllantirish mumkin va bu istiqbolli soha boʻlib qolaveradi.