Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ausbildung” – Germaniyada qonuniy o‘qish va ishlash uchun imkoniyat

8.7.2024 475

Nazira UBAYDULLAYEVA, Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi matbuot kotibi  

O‘qish yoki ishlash uchun rivjlangan davlatlarga ketgan tengdoshlari, do‘stlariga ko‘pchilik havas qiladi. Ammo ular xorijga qonuniy ketganmi? O‘qishi, yashashi yoki ishlashi uchun zarur sharoitlar bormi?

Hozir yurtimizda bir qator loyihalar orqali yoshlarni xorijiy davlatlarga kafolatlangan o‘qish hamda ish o‘rni, qulay mehnat va yashash sharoitlari ta’minlangan holda yuborish yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlarga xorijiy tillarni oʻrgatish, til biladigan, kasb-hunarli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash orqali rivojlangan davlatlarda yuqori maoshli ish bilan taʼminlash va kasbiy taʼlim olishiga qaratilgan “Ausbildung” loyihasi shunday loyihalar sirasiga kiradi. Loyihada nemis tili bo‘yicha kamida B1 sertifikatiga ega bo‘lgan yoshlar Germaniyaga 130 dan ortiq yo‘nalishda o‘qish va kasb o‘rganish uchun yuboriladi.

Yoshlar ishlari agentligi va Germaniyaning “Pappenburg” korxonasi o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lib, o‘qish uchun borgan barcha yoshlar stipendiya, turar joy va o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, yuqori maoshli ish o‘rni bilan ta’minlanadi. Shuningdek, loyihada qatnashayotgan yoshlarni nemis tiliga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan, unda yoshlarning o‘quv kursi xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi hamda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Andijon viloyatida “Ausbildung” kasbiy taʼlim pilot loyihasi 2023-yilda “Andijon tajribasi” sifatida ishga tushirilgan. Loyiha doirasida viloyatda 2024-yil I choragida o‘quv markazlarida nemis tili oʻquv kurslarida o‘qiyotgan 135 nafar yoshlarning kurs xarajatlarini to‘lab berish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 254 million so‘m ajratildi.

“Yoshlar oyligi” doirasida “Ausbildung” bo‘yicha nemis tilini o‘rganayotgan 97 nafar yoshlarning o‘quv kursi xarajatlari uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 419 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi belgilangan. 37 nafar yoshning Germaniyada kasbiy ta’lim olishi uchun shartnomalar imzolandi.

Viloyatdagi 2 ta tibbiyot texnikumida tashkil etilgan nemis tili o‘quv kurslarida 30 nafar o‘quvchi (hamshira) tahsil olayotgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 8 nafari A1 darajadagi, 12 nafari A2 darajadagi va 10 nafari B1 darajadagi darslarni o‘zlashtirishgan. Bu yoshlarning o‘qishi, til o‘rganishi bilan bog‘liq xarajatlarni Yoshlar ishlari agentligi qoplab bermoqda.

Minglab yoshlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan “Ausbildung” loyihasi Germaniyada qonuniy o‘qish va ishlash uchun imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Bugungi kunda Andijon viloyatida ushbu loyiha doirasida 2000 ga yaqin yoshlar nemis tilini o‘rganib kelmoqda.

2024-yilda jami 1000 nafar yoshning nemis tili o‘quv kursi xarajatlarini qoplab berish hamda yil yakuniga qadar 200 nafar yoshni Germaniyada kasbiy taʼlim olish uchun yuborish rejalashtirilgan.

Bu kabi loyihalar yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, xalqaro darajadagi diplom bilan ta’minlanishi va rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish imkoniga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish