Zamonaviy iqtisodiyotda ilg‘or kompaniyalar borgan sari ko'p xodimlarni boshqarishning an'anaviy usullaridan voz kechib, yanada ilg'or usullarga murojaat qilmoqdalar. Xo'sh, autstaffing kabi yangi, ammo allaqachon keng tarqalgan tushunchaning mohiyati nimada?
Autstaffing xizmati bu — autstaffer (ish beruvchi) tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa yuridik shaxslarga (qabul qiluvchi tashkilotga) ushbu xodimlar tomonidan autstaffer va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida hamda jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarish uchun vaqtincha yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmat turi xisoblanadi. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-oktabrda 706-son “Autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”qarori e`lon qilingan bo`lib ushbu sohani rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Ushbu xizmatlar bu biznes-jarayonlarni tashqi kompaniyaga topshirish xizmatlaridan biri bo‘lib, tashkilot o‘z xodimlarini yoki muayyan funksiyalarni tashqi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga vaqtinchalik o‘tkazib beradi. Bu xizmat ko‘p hollarda korxonalarga operatsion xarajatlarni kamaytirish, jarayonlarni optimallashtirish va malakali mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi.
Autstaffing xizmatlarining asosiy turlari:
- IT-autstaffing
Axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislarni vaqtinchalik jalb qilish. Bu, asosan, dasturchilar, tizim administratori yoki kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar uchun qo‘llaniladi.
- Moliyaviy va hisob-kitoblar autstaffing
Bu xizmatda buxgalteriya yoki moliya bo‘limining vazifalari tashqi kompaniyaga topshiriladi.
- HR-autstaffing
Kadrlar bilan ishlash funksiyalarini autstaffing orqali tashqi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga topshirish.
- Ishlab chiqarish autstaffingi
Ishlab chiqarish yoki logistika sohasidagi muayyan vazifalarni bajarish uchun malakali ishchilarni vaqtinchalik jalb qilish.
O‘zbekiston sharoitida aholigi bandligini ta`minlash maqsadida Autstaffing xizmatlarining qaysi turlaridan foydalanish zarur?
Mamlakatimizda Autstaffing xizmatlari nafaqat ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalarida, balki turizm, IT, logistika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ham bandlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega. Mahalliy hokimiyat organlari va biznes sektori ushbu xizmatlarni joriy etish uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishi zarur. Bu, ayniqsa, yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan aholining bandligini oshirishda samarali bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, ushbu xizmatlarni milliy iqtisodiyotimizda xizmat ko‘rsatish sohasi ayniqsa bir martalik ish bilan ta`minlashda kenf foydalansa bo‘ladi. Albatta ushbu xizmatlardagi yuboriluvchi xodimning huquq va majburiyatlari Autstaffing shartnomasi bo‘yicha belgilab qo‘yiladi. Mamlakatimizning turistik potensiali hamda aholining asosiy qismi yoshlar ekanligidan kelib chiqib tarixiy shaxarlarimiz Samarqand, Xiva, Buxoro, Qo‘qon shaxarlarida xam yoshlar o‘rtasida bu xizmatlarni yo‘lga qo‘yish milliy iqtisodiyot rivojlantirish va aholi bandligini ta`minlashda kata hissa qo‘shadi. Bu borada yuqorida aytganimizdek, mahalliy hokimyat o‘rganlari va tegishli sektorlar hamda aholi bandligini ta`minlash borasidagi soha mutaxassislaridan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Autstaffing jarayoni quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
- Buyurtmachi, yaʼni qabul qiluvchi tashkilot qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan extiyojini va kerakli ishchi-xodimlar sonini aniqlaydi hamda autstaffing xizmatidan foydalanish bo‘yicha autstaffer tashkilotga taklif (oferta) yuboradi.
- Qabul qiluvchi va autstaffer o‘rtasida autstaffing shartnomasi tuziladi.
- Autstaffer shtatidagi xodimlardan qabul qiluvchi tashkilotga yuboriladigan xodimlarning ro‘yhatini tuzadi va ularning mehnat shartnomasiga ularni qabul qiluvchi tashkilotga yuborish haqida qo‘shimcha kelishuvlar tuzadi.
- Shundan so‘ng, autstaffer tashkilot qabul qiluvchi tashkilotga yuqoridagi xodimlarni yetkazib beradi. Autstaffer tashkilot zaruratga ko‘ra, qabul qiluvchi tashkilotda ish boshlagan xodimlarning mehnat shartnomasi va qo‘shimcha kelishuv shartlariga rioya etishini nazorat qiladi.
- Qabul qiluvchi tashkilot xodimlarni qabul qilib oladi, ularni tegishli ishlarga yo‘naltiradi hamda har oy davomida qabul qilingan har bir xodim uchun ishlangan vaqti va ish haqi to‘g‘risida hisobot tuzadi. Shuningdek, autstafferga xizmatlar uchun autstaffing shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar asosida to‘lov to‘lab boradi.
- O‘z navbatida autstaffer tashkilot qabul qiluvchi tashkilotda ishlayotgan xodimlariga har oyda kamida 2 martadan ish haqi to‘lovlarini to‘lab boradi.
- Autstaffer va qabul qiluvchi tashkilot o‘rtadagi autstaffing shartnomasi ijrosi bo‘yicha bajarilgan ishlarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuzadi. To‘lovlar bo‘yicha xatlar va talabnomalar almashishi mumkin. Hamda shartnomaga muvofiq hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirib boradi.
Xurshidjon ABDULLAYEV
TDYU Davlat boshqaruvi kafedrasi o‘qituvchisi,
Javlon VAFOYEV,
TDYU Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar
bo‘limi bosh mutaxassisi