Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sun’iy idrok: axloqiy muammolar

27.3.2025 977

Rahmiddin MUXTOROV, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Shubhasiz, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish turli ishlab chiqarish va boshqaruv muammolarini bir necha barobar samaraliroq hal qilish imkonini beradi. Biroq bu texnologiyalarning rivojlanishi bir qator huquqiy va axloqiy muammolarni keltirib chiqaradi. Iste’molchilarning katta qismi sun’iy intellektning shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi va xavfsizligi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan shikoyat qilgan. Shu o‘rinda dolzarb axloqiy va huquqiy muammo – shaxsiy hayot daxlsizligini buzish masalasi kelib chiqadi.

Foydalanuvchilar, xaridorlar va iste’molchilarning ma’lumotlarini yig‘ish oddiy ma’lumotlarni qayta ishlash chegarasidan ancha oshib ketadi. Ushbu ma’lumotlar keyinchalik odamlarning xatti-harakatlarini manipulyatsiya qilish va ularni chalg‘itish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlatilishi mumkin. Endilikda insonlarning shaxsiy axboroti sun’iy intellektning qo‘lida bo‘ladi. Shu vaqtgacha esa bu turdagi ma’lumotlar hukumatlarning bazalarida saqlanardi. Shuningdek, xususiy kompaniyalar – sun’iy yo‘ldosh operatorlari, telekommunikatsiya firmalari, kommunal xizmatlar va raqamli platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va qidiruv tizimlari kabi texnologik kompaniyalar tomonidan katta hajmdagi ma’lumotlar yig‘ar edi. Endilikda sun’iy intellekt bu ishni osonlikcha qiladi.

Sun’iy intellekt o‘zini anglash qobiliyatiga ega emas va “empatiya”, ya’ni axloqiy asoslar unga begona. Insonning axloqiy “kompasi” asosan uning tarbiyasi, atrof-muhiti, axloqiy tamoyillari va diniy e’tiqodiga bog‘liq. Shu tamoyillarga asoslanib kompaniyalar o‘z etikasini quradi, to‘g‘ri va noto‘g‘rini aniqlaydi hamda shunga ko‘ra qoidalar belgilaydi. Sun’iy intellektda bunday “kompas” – axloqiy yo‘nalish mavjud emas. Sun’iy intellekt to‘g‘ri va noto‘g‘rini faqat unga “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri” yorliqlari biriktirilgan ma’lumotlarga asoslanib ajrata oladi.

SI masalasida yagona axloqiy yo‘nalish uning yaratuvchisi tomonidan belgilanadi. Yaratuvchi to‘g‘ri va noto‘g‘rining me’yorini belgilaydi. Bu sun’iy intellektning insoniyatga qarshi chiqishi kabi nazariyalarning asosi borligini ko‘rsatadi. Bugungi kunda ba’zi dasturchilar o‘zlari yaratgan sun’iy intellektning qanday ishlashini to‘liq tushuntirib bera olmasligi bunga misol bo‘la oladi. Biz kitob va kinolarda tasvirlanadigan tipdagi urushlarni emas, balki ataylab yolg‘on yoki targ‘ibot mazmunidagi kontentni tarqatish, odamlarni manipulyatsiya qilish yoki genotsidga undash kabi xavf-xatarlar real bo‘lishi mumkinligini nazarda tutyapmiz.

Zamonaviy SI texnologiyalari ommaviy axborot vositalarida qo‘llanilganda, zo‘ravonlik va vahimani osonlik bilan qo‘zg‘atishi mumkin. Yolg‘on yangiliklar bugungi kunning real muammosi bo‘lib, ular tarqalishining salbiy oqibatlarini biz allaqachon ko‘rib turibmiz. Bunday texnologiyalar hozir ham internet tarmoqlarida hech qanday to‘lovlarsiz ochiq bo‘lib, undan foydalanib turli muammolar keltirib chiqarish qiyin bo‘lmay qoldi.

Kelib chiqayotgan ijtimoiy muammolarni yechish ayni vaqtda dolzarb masala bo‘lib, bularni sun’iy intellektni cheklash orqali yechib bo‘lmaydi. Bizning fikrimizcha, axloqiy tamoyillar sun’iy intellektni loyihalashtirish va ishlab chiqish jarayonining boshidanoq integratsiyalashgan bo‘lishi kerak edi. Shu orqali har qanday sun’iy intellekt texnologiyasi inson tomonidan nazorat qilinishi, tekshirilishi va monitoring qilinishi imkoniyati vujudga keladi. Bu orqali uning tabiatini to‘liq tushunish va insonning axloqiy kompasiga zid kelmasligi vazifalarini qo‘shish mumkin bo‘ladi.

Sun’iy intellektdan keladigan quyidagi to‘rtta asosiy xavf toifasi dolzarb bo‘lib, axloqiy tartibga solishni talab qiladi:

  • adolat;
  • maxfiylik;
  • xavfsiz foydalanish va xavfsizlik;
  • “tushuntirish” (aniq qaror yoki bashoratga olib keladigan funksiyani yoki ma’lumotlar to‘plamini aniqlash qobiliyati).

Google, IBM, Accenture, Microsoft va Atomium-EISMD sun’iy intellekt rivojlanishini boshqaradigan axloqiy tamoyillarni yaratish ustida ish boshlagan.

Yangi algoritmlar ijtimoiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish va turli xalqlarga moslashtirish asosida bo‘lishi kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish