O‘zbekistonda ayollarni himoya qilishi kerak bo‘lgan qonun ularni jazolash uchun ham xizmat qilmoqda. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) tadqiqotchilari O‘tkirbek Xolmirzayev va Zayniddin Shamsidinov tayyorlangan O‘zbekistonda ayollarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik huquqbuzarliklarining sud amaliyotiga doir tadqiqotda aytib o‘tilgan.
Sudlar oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklarda jabrlangan ayollarning o‘zini ham MJtKning 59−2-moddasi – oilaviy zo‘ravonlikda ayblab, javobgarlikka tortayotganini ko‘rsatdi. Bunda jazo choralari odatda ruhiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning zo‘ravonga qarshi javob harakatlari — masalan, haqorat qilish, unga javoban kuch ishlatish orqali jismoniy zarar yetkazish kabi holatlar uchun qo‘llanilmoqda.
Masalan, Andijon viloyatidagi ayrim tumanlarning sud qarorlari o‘rganilganda, tasodifiy tanlab olingan 10 ta ma’muriy ishning 6 tasida jabrlanuvchi ayolning o‘zi ham javobgarlikka tortilgani yoki zo‘ravonlikda ayblangani ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotga ko‘ra, bunday amaliyot asosan Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari sudlari tomonidan qo‘llanilayotgani oydinlashgan.
Misol uchun bir holatda (3−1702−2301/1596-sonli ish) huquqbuzar o‘z xotinini urishi oqibatida xotini javob qaytaradi, ular bir-biriga tan jarohati yetkazadi, sud har ikkisiga ham jarima jazosi tayinlaydi.
Yana bir holatda (3−1702−2302/1627-sonli ish) er alohida yashayotgan xotinining yashash uyiga borib, u bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazadi, xotini esa bunday zo‘ravonlikka qarshi so‘kish bilan javob qaytaradi va erining mashinasi oynasini sindiradi. Sud erni oilaviy zo‘ravonlikda, xotinni bo‘lsa haqorat va mulkka shikast yetkazishda aybdor deb topib, har ikkisini javobgarlikdan ozod qiladi. Aslida, har ikki tomonga zarar yetgani haqida ariza bo‘lgan taqdirda ham, sud zaruriy mudofaa va boshqa tushunchalar nuqtayi nazaridan ishni qo‘shimcha o‘rganishi mumkin edi, lekin tadqiqotchilar ko‘rib chiqqan ma’muriy va jinoiy ishlarda sudyalar bunga e’tibor qaratmagan.
E’tiborga molik yana bir jihat shuki, oilaviy zo‘ravonlikka doir o‘rganilgan 10462 ta ishning 96 foizini erkak, 4 foizini ayol sudyalar ko‘rib chiqqan.
Ayollarni himoya qilish uchun ishlab chiqilgan qonunlar ular jabrlangan holatlarda ham ularning o‘zini javobgarlikka tortilishiga olib kelmoqda. Bu esa zo‘ravon erkakning yarashuvga erishish, jabrlanuvchi ayol ustidan ariza yozish orqali kelishuvga majburlash usullaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar bu paradoks hali dunyoning hech bir huquqiy tizimi amaliyotida uchramaganini ta’kidlagan.