O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida 1-kurs va o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilganlar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 25-dekabrga qadar uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan, ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining murojaatlarini inobatga olib, 2023/2024-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga to‘lov-kontrakt, jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2023-yilning 25-dekabri (shu kuni ham) etib belgilandi.
Ma’lumot uchun,amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.