Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi Azatliq mahallasi yoshlar yetakchisi Saxibjamal Bazarbayeva faoliyatida asosiy e’tiborni mahalladagi imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlashga qaratgan. U nogironligi bor insonlarga qulay sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va iste’dodini kashf etish hamda rag‘batlantirishni o‘zining burchi deb biladi.
Saxibjamal xatlov yakunlanganidan so‘ng, olti nafar nogiron yoshni adaptiv sportga jalb qilish maqsadida mahalladagi uch nafar tadbirkorga biriktirdi. Adaptiv sport nogironlarni faol hayot tarziga undaydi, ular uchun sportni yanada qulay va xavfsiz qilishga qaratilgan. Bu harakat nogiron insonlarga o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish, maqsadga erishish va jamiyat bilan integratsiyalashishga yordam beradi.
– Mahalla balansini shakllantirish jarayonida sportga qiziqishi bor, lekin shug‘ullanish imkoniyati cheklangan yoshlarni aniqladim, – deydi Azatliq mahallasi yoshlar yetakchisi Saxibjamal Bazarbayeva. – Nogiron, sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yo‘q va oilaviy holati og‘ir bo‘lgan yoshlarga tadbirkorlar yordam qo‘lini cho‘zdi. Ularga moddiy yordam berish orqali sportga qiziqishini ro‘yobga chiqarish imkonini yaratdik. Tadbirkorlar biriktirilgan yoshlarni oziq-ovqat, sport kiyimlari, sport anjomlari, yo‘l haqi bilan ta’minlamoqda. Bu yordam orqali yoshlar nafaqat sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lmoqda, balki o‘zlarining imkoniyatlarini yanada kengaytirish va jamiyatda faol qatnashish uchun rag‘batlanmoqda.
Azatliq mahallasi balansi:
Aholi soni: 4056 nafar;
Yoshlar: 708 nafar;
Ayol-qizlar: 383 nafar.
“Yashil” toifa: 531 nafar;
“Sariq” toifa: 167 nafar;
“Qizil” toifa: 17 nafar.
Mahalla drayveri: xizmat ko‘rsatish.
Maqsadga ishonch bilan yondashing!
Ozoda Azatova 25 yoshda, II guruh nogironi. Otasi vaqtincha ishsiz, onasi esa qorovul. Oilaviy sharoiti sababli u o‘zi qiziqqan sohalar bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Ozodani sevimli mashg‘ulotiga jalb etish va unga qulay imkoniyat yaratish maqsadida yosh tadbirkor Polat Erejepov unga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ozodaning sevimli mashg‘ulotlaridan biri stol tennisi edi. Mahalla yoshlar yetakchisi va yosh tadbirkorning harakati natijasida u para stol tennisi bilan professional mashg‘ulotlarni boshladi. Unga malakali murabbiy ham jalb qilindi. Natijada, 2024-yilda Ozoda para stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Hozir Ozoda yadro uloqtirish hamda armrestling bilan ham shug‘ullanmoqda.
– Oldin hayotim ancha murakkab edi, – deydi II guruh nogironi Ozoda Azatova. – Sharoitim og‘irligi uchun o‘zim qiziqqan sohalar bilan shug‘ullanish imkoniyatim bo‘lmagan. Mahallamiz yoshlar yetakchisi va tadbirkorning qo‘llab-quvvatlashi natijasida orzularimga erisha olyapman. Mahallada va mahalla yoshlari orasida o‘z o‘rnimni topa boshladim. Respublika chempionligini qo‘lga kiritganim menga katta ilhom berdi. Endi men o‘z maqsadlarimga erishish yo‘lida yanada faol harakat qilaman. 2025-yilda ham chempionlikni maqsad qilganman. Tengdoshlarimga aytadiganim: o‘z maqsadlariga ishonch bilan yondashsinlar. Hayotda qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin ularni yengish uchun kuchli iroda va sabr kerak. Agar sizni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar bo‘lsa, ular bilan hamkorlik qilishdan qo‘rqmaslik kerak.
Musa stol tennis bilan mashg‘ul
Musa Sharapov 21 yoshda, II guruh nogironi. Ijtimoiy holati og‘ir, otasi vafot etgan, onasi oddiy ishchi. Nogironligi sabab ko‘chaga chiqmagan. Musa qiziqishlaridan kelib chiqib, para stol tennisiga jalb qilindi hamda unga mahalladagi yosh tadbirkor Abbaz Kengesbayev biriktirildi.
Natijada hozir para stol tennisi Musa Sharapovning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Musaning barcha ehtiyojlari tadbirkor tomonidan qoplanib, u malakali murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Hozir Musa “Besh tashabbus paralimpiadasi”ga tayyorgarlik ko‘ryapti.
– Sport bilan shug‘ullanishni juda xohlasam ham, sharoitim bunga imkon bermasdi, – deydi Musa Sharapov. – Sport bilan shug‘ullanishni boshlagach o‘zimni erkin va baxtliroq his qila boshladim. Endi men har kuni mashg‘ulotlarga qatnashaman. Professional murabbiy bilan ishlaganim ko‘nikmalarimni rivojlantirishda katta yordam beryapti. Para stol tennisida yuksak natijalarga erishishni, O‘zbekiston nomini xalqaro maydonda yanada yuqori darajalarga ko‘tarishni orzu qilaman.
“Azatliq tajribasi” yaratiladi
Saxibjamal Bazarbayeva 2025-yilda nogiron yoshlar bilan ishlashni yanada samarali tashkil etish maqsadida yangi tashabbusni ilgari surmoqda. Bu tashabbus 2024-yilda boshlangan va bugungi kunda o‘zining dastlabki natijalarini ko‘rsatayotgan harakatlar asosiga quriladi. Maqsad nogiron yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning jamiyatga integratsiyasi va ular uchun qulay sharoitlarni yaratishdir. Buning uchun quyidagi yo‘nalishlarda ish olib borish ko‘zda tutilgan:
Nogiron yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil etish. Bu tashabbus yo‘lidagi birinchi qadam nogiron yoshlar uchun ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatadigan maxsus markaz tashkil etishdir. Markazda ma’naviy va psixologik maslahatlar, treninglar, kasbiy yo‘naltirish, nogironlikning turli shakllariga mos ravishda moslashtirilgan mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish dasturlari. Markazda ta’lim olish uchun imkoniyatlar yaratish ham rejalashtirilgan. Yoshlarining imkoniyatlariga qarab malakali mutaxassislar yordamida kasb-hunar o‘rgatish kurslari, maxsus o‘quv mashg‘ulotlari, onlayn ta’lim tashkil etiladi. Yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda ularning individual ehtiyojlariga e’tibor qaratiladi.
Sport va madaniyat sohasidagi imkoniyatlar. Yoshlarni sport va madaniyat sohalarida ham qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor beriladi. Nogiron yoshlar uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar, ijodiy ustaxonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu yoshlarning jismoniy salomatligini yaxshilash, ular orasida jamoaviy ruhni kuchaytirish va ular uchun yangi ijtimoiy muhit yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Yoshlarni adaptiv sportga jalb qilish harakati davom ettiriladi.
Jamiyat bilan integratsiya. “Azatliq tajribasi”ni amalga oshirish jarayonida nogironlar uchun jamiyat bilan bog‘lanish imkoniyatlarini yaratish, ijtimoiy tadbirlarda ishtirok etish, ko‘ngillilar orqali jamiyatning bir qismi bo‘lishiga yordam berish ko‘zda tutilgan.
Qaror qabul qilishda yoshlarning faolligi. Bunday yoshlarning o‘z hayotiga oid qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etishi uchun platformalar yaratish, ularni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish va o‘z fikrlarini bildirishga imkoniyat yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, ularga turli ijtimoiy loyiha va tashabbuslar bo‘yicha seminar, trening va konferensiyalarga tashrif buyurish imkoniyati taqdim etiladi.
Ota-onalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash. Yoshlar bilan ishlashda ota-onalar va oilaning roli katta. Saxibjamal Bazarbayeva nogiron yoshlarning oilalarini ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z rejasiga kiritgan. Ota-onalar uchun maxsus treninglar, maslahatlar va ma’lumotlar taqdim etish orqali ularning o‘z farzandlariga yaxshiroq yordam berish imkoniyatlari yaratiladi.
Ijtimoiy huquq va himoya sohasidagi ishlar. Davlat organlari bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan yoshlarning huquqlari himoyasini kuchaytirish, ular uchun ijtimoiy yordamni samarali tashkil etish ham rejaning ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar doirasida huquqiy maslahatlar, qonunlar va me’yoriy hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar o‘tkaziladi.
Saxibjamal Bazarbayeva ishlab chiqq
Saxibjamal Bazarbayeva ishlab chiqgan “Azatliq tajribasi” loyihasi nogiron yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga katta yordam beradi.
an “Azatliq tajribasi” loyihasi nogiron yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga katta yordam beradi.
Yetakchi – yoshlarning do‘sti
– Yoshlarga qiziqqan mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratishimiz kerak, – deydi Azatliq mahallasi raisi Qundiz Ibrashova. – Saxibjamal yoshlar bilan do‘stona aloqa o‘rnatgan. Har bir yoshning muammolarini o‘rganib, qiziqishlarini qo‘llab keladi. Yetakchining sa’y-harakati bilan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘zi qiziqqan mashg‘ulotlar bilan mashg‘ul. Saxibjamal yoshlar bilan muloqotni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Har bir yoshdan mahalla taraqqiyoti va mahalla yoshlari kelajagi uchun foydalanishga intiladi.