10 yoshli o‘quvchi B2 oldi
Endilikda maktab o‘quvchilari, hatto, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham chet tilini o‘rganish bo‘yicha e’tirofga arzigulik ko‘rsatgichga ega bo‘lishmoqda.
Gazetamizning o‘tgan sonlaridan Saidaxon Hamroyeva haqida yozgan edik. U atigi 12 yoshda edi, endi esa 10 yoshli yurtdoshimiz xuddi shunday natijaga erishdi.
Yana bir qahramonimiz – 14 yoshli Asilaxon Turg‘unboyevaning natijasini ba’zi ingliz tili o‘qituvchilari orzu qiladi.
Aql yoshda emas
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida yashovchi 4-sinf o‘quvchisi Kamronbek Musoyev CEFR imtihonida B2 sertifikatiga ega bo‘ldi. Bundan nafaqat o‘zi, ota-onasi ham juda hayajonda.
O‘qituvchilarining qiziqtirishi tufayli ikki yildan beri ingliz tilini o‘rganayotgan Kamronbek shu tumandagi “Camelot” o‘quv markazida qo‘shimcha saboq olgan. Uning maqsadlari juda katta.
“Kelajakda ko‘p davlatlarga sayohat qilishni xohlayman. Ingliz tilini shu maqsadda o‘rgandim. Endi rus va xitoy tillarini o‘rganaman. Ustozlarim “Til bilgan – el biladi” deydi. Albatta, chet davlatlarga borish uchun o‘sha mamlakatning tilini o‘rganish lozim. Men kelajakda Avstraliya, Amerika va Yevropa davlatlariga borishni orzu qilaman”.
U xorijda faqat sayohat qilish emas, balki o‘qishni davom ettirish va Xitoyda shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish istagi borligini ham aytdi. Bu yoshda shunday katta maqsadlar sari intilayotgan Kamronbekka omad tilaymiz.
14 yoshda IELTS 8 natija
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 145-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Asilaxon Turg‘unboyeva IELTS imtihonidan 8 balni qo‘lga kiritdi. U test bosqichlari: o‘qib tushunish (reading) va tinglab tushunish (listening)dan maksimal 9 ballik natijani qo‘lga kiritgan.
Asilaxon 3-sinfligidan shu tilni mukammal o‘rganishga harakat qilib kelmoqda. O‘quv markazlari, maktablarda ingliz tilidan dars berayotgan o‘qituvchilar ham bunday natija uchun intilmoqda. Qahramonimiz bu oson bo‘lmaganini aytadi:
– Ha, boshida qiyinchiliklar bo‘lgan. Ingliz tili darslari ko‘p kuch talab qildi va uy vazifalariga ko‘p vaqt sarflanadi, shu bilan birga maktab darslariga vaqt ajratish kerak edi. Men bo‘sh vaqtimni ham ingliz tiliga bag‘ishlashim kerak edi. O‘rganishimni har doim rag‘batlantiradigan oilam bu qiyinchiliklarni yengishimga katta yordam berdi.
Darhaqiqat, hech bir muvaffaqiyatga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Kimningdir sizga ishonchi jarayonni yelgillashtiradi. Asilaxon kelajakda neyroxirurg bo‘lishni orzu qiladi.