Yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyatda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaydi, ijtimoiy muammolarni kamaytiradi. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va kerakli resurslar bilan ta’minlashda mahalladagi yoshlar yetakchilarininh o‘rni katta bo‘lmoqda. Bu borada namunali faoliyat olib borayotgan samarqandlik Diyorbek Akbarov tajribasiga ko‘z tashlaymiz.
Diyorbek Akbarov 2024-yildan beri Urgut tumani “O‘zbekiston” mahallasi yoshlar yetakchisi. U “Yosh maslahatchilar kengashi” raisining o‘rinbosari va Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, u “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovida “Yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishda va bandligini ta’minlashda samarali ko‘maklashgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishi g‘olibi bo‘ldi. Yetakchi ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, iqtidorini rivojlantirish va ehtiyojlarini yuqori tashkilot rahbarlariga yetkazish uchun takliflar kiritadi.
O‘zbekiston mahallasi balansi:
Aholi soni: 6865 nafar;
Yoshlar: 1932 nafar;
Xotin-qizlar: 954 nafar.
“Yashil” toifa: 1253 nafar;
“Sariq” toifa: 676 nafar;
“Qizil” toifa: 12 nafar.
Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish va dehqonchilik.
Ishsiz yoshlar ko‘p edi
– Yetakchi sifatida ish boshlagan paytimda mahallada ishsiz yoshlar juda ko‘p edi, – deydi O‘zbekiston mahallasi yoshlar yetakchisi Diyorbek Akbarov. – Shuning uchun ishni ular sonini aniqlash, qiziqishlari, malakasi va imkoniyatlarini o‘rganishdan boshlanganman. Aniq ma’lumotlarni to‘plab, yoshlarni ish bilan ta’minlashdagi muammolarni tahlil qildim. Amaliy ishlarimiz natijasida yil yakunida yoshlar orasida bandlik darajasi 60-70 foizga oshdi, bu men belgilagan maqsadga yaqinlashganimni anglatadi. Yangi ish joylari tashkil etildi, kasb-hunar kurslari va o‘quv dasturlari orqali ko‘plab yoshlar yangi malakaga ega bo‘ldi, natijada ular nafaqat o‘zlari uchun, balki jamiyatga naf keltira boshladi.
Xatlov natijalari va tahlillarga ko‘ra, yoshlarning eng katta muammosi ta’lim va malaka yetishmasligi edi. Yetakchi yoshlarni kasb-hunar o‘rganishga, qisqa muddatli kurslarga yo‘naltirish, malaka oshirish va ish o‘rinlari yaratishga kirishdi.
Xususan, 89 nafar maktab va kasb-hunar maktabi bitiruvchilarining 42 nafari o‘qish bilan qo‘shimcha ravishda kasb-hunar o‘rganishi uchun mahalladagi tadbirkor, hunarmand va fermerlarga biriktirildi. Natijada o‘quv yili oxirida 42 nafar yosh rasmiy ish topib, doimiy daromad manbayiga ega bo‘ldi.
Tadbirkorlar bilan hamkorlik
2024-2025-o‘quv yilida ham 65 nafar yosh tadbirkorlarga biriktirilgan. O‘quvchilar o‘qish bilan bir vaqtda doimiy daromad topib, tadbirkorlik faoliyatida o‘z o‘rinini topishga intilmoqda. Yoshlar o‘z bilim va malakasini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Jahongir Ravshanov, Muhammadali Hasanov va Akobir Bo‘ronov tumandagi yetakchi tadbirkorlardan ish o‘rganib, o‘zlarining kelajakdagi biznesini quryapti. Ular Urgut savdo kompleksida o‘z savdo do‘konlarini tashkil qilgan. Bu yoshlar o‘z do‘konida 2 tadan ish o‘rni yaratdi.
45 nafar yoshga kredit ajratildi
Hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 2024-yilning o‘zida jami 45 nafar yoshga kredit mablag‘lari olib berilishida ko‘maklashildi. Shundan 16 nafariga “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 80 million so‘m, 3 nafariga “Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish” dasturi orqali 260 million so‘m, 26 nafariga esa “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi orqali 295 million so‘m kredit ajratilganShu vaqt davomida yoshlar 10 ta yangi tadbirkorlik subyektini tashkil etdi, 2 ta biznes subyekti faoliyati qayta tiklandi. 2024-yildagi “Bandlik dasturi”ga jami 140 nafar yosh kiritilgan edi. Shundan 50 nafari ishsiz, 90 nafari bitiruvchi yoshlar. Ulardan 47 nafari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbikorlik oliy maktabi Samarqand viloyati filialida o‘qishga yo‘naltirildi.
O‘quv kurslari yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatib, o‘z biznesini boshlash va rivojlantirish uchun zarur bilim, ko‘nikmani shakllantirdi. Yana 25 nafar yosh Savdo-sanoat palatasi yordamida tadbirkorlikka oid o‘quv dasturlarini tamomladi. Maktab bitiruvchilaridan 27 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilib, o‘zini moddiy ta’minlashiga yordam berildi. 4 nafar bitiruvchiga o‘zini o‘zi band qilishi uchun zarur yordam ko‘rsatilgan. 10 nafar ishsiz yoshga kredit ajratildi, 40 nafari boshqa taqmoqlarda ishli bo‘ldi.
– Yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida ayni paytda Urgut tumanidagi qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi yoshlar yetakchisi. – Davlat soliq inspeksiyasi, Ichki ishlar boshqarmasi, Prokuratura, Adliya bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi, Majburiy ijro byurosi, Milliy gvardiya bo‘limi, Mudofaa ishlari bo‘limi, Madaniyat bo‘limi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bizning eng yaqin hamkorlarimiz. Soha rahbarlari boshchiligida doimo yoshlar bilan davra suhbatlari, rahbar va yoshlar uchrashuvlari tashkil qilinib, yoshlarning muammolari tegishliligi bo‘yicha hal qilinadi. Yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanadi.
Mahalla “Ibrat farzandlari” jamoasi
O‘zbekiston mahallasida 10 nafar yosh “Ibrat academy” ilovasi orqali chet tilini o‘rganib, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bu yoshlarning ta’lim va ishdagi imkoniyatlari kengayishiga yordam berdi.
Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlar ishtirokida “Ibrat farzandlari” jamoasi tuzildi. Jamoaning asosiy vazifasi yoshlar o‘rtasida til o‘rganishni targ‘ib qilish va o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
Ayni paytda jamoada faoliyat ko‘rsatayotgan 11-sinf o‘quvchilari Islombek Jamolov va Umidjon G‘ulomov mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli va til o‘rganishga qiziqqan 48 nafar yoshga ingliz tilini bepul o‘rgatmoqda. Bu nafaqat yoshlarning til o‘rganish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki yoshlarga ham yordam berishi bilan ahamiyatli.
10-sinf o‘quvchisi Xislatbek Umarov yoshlar uchun ingliz tili bo‘yicha darslar o‘tib, o‘z bilimini boshqalarga ulashmoqda. Xislatbek shu orqali doimiy daromad manbayiga ega bo‘ldi.
2025-yil uchun vazifalar
Yoshlar yetakchisi 2025-yil uchun aniq va maqsadli rejalar ishlab chiqqan. Yil davomida bir qancha muhim tashabbuslarni ko‘zlagan. Masalan:
“Besh tashabbus olimpiadasi”. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida kamida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin uchun tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilgan. Bu yoshlar uchun katta imkoniyat yaratib, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
O‘quvchi va talabalar bandligini ta’minlash. Bu yil mahalladan 115 nafar yosh maktab va OTMni tamomlaydi. Bu yoshlarni ish o‘rinlari bilan ta’minlan dasturi ishlab chiqilmoqda.
“Ibrat academy” ilovasi orqali chet tillarni o‘rganish. Yoshlar yetakchisi “Ibrat academy” orqali til o‘rganayotgan 28 nafar yoshning sertifikat olishiga amaliy ko‘mak berishni reja qilgan.
“Ustoz AI” ilovasini targ‘ib qilish. “Ustoz AI” ilovasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali mahallada zamonaviy kasblarni bepul o‘rganish tizimini ommalashtirish rejalashtirilgan. Bu yoshlarning yangi kasblar va raqamli texnologiyalar sohasida o‘z bilimlarini kengaytirishiga yordam beradi.
Migratsiyadagi yoshlar bilan ishlash. Migratsiyaga ketgan 178 nafar yosh bilan tizimli ish tashkil etish orqali yil oxirigacha 83 nafar yoshni yurtga qaytarish va ularni shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlash belgilangan.