Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BANDLIK DASTURI ISHLAB CHIQILADI

26.7.2023 3953

Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining o‘quv-seminari o‘tkazildi

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “Beruniy” mahallasida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining birinchi yarim yillik yakunlari va yoshlar bandligini ta’minlash hamda ular o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilikni keskin kamaytirishga bag‘ishlangan respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Prezident maslahatchisi Q.Quronboyev, viloyat hokimi Z.Mirzayev, Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari J.Jo‘rayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari O.Tojiyev va boshqa mutasaddilar, manfaatdor vazirlik, idora vakillari, OTM mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, yetakchilar va faollar ishtirok etdi.

Seminarda Toshkent viloyati hududida joriy yilning birinchi yarmida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi. Mas’ullar tomonidan tayyorlangan “qizil” toifadagi yoshlarning muammolarini hal etish, “og‘ir”, “o‘rta” va “yaxshi” toifadagi yoshlar bilan ishlash, talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, barcha toifadagi yoshlar bilan ishlarni samarali tashkil etish dasturlari taqdimoti namoyish qilindi. Quyichirchiq tumanidagi “Beruniy” mahallasi yoshlar yetakchisining mahalladagi “o‘rta” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tajribalari o‘rganildi.

Seminar ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Zangiota tumanidagi 24-sonli voyaga yetmaganlar koloniyasida bo‘ldi. Jinoyatga qo‘l urib, jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi hamda jinoyatning kelib chiqish sabablarini tahlil qilishdi. Mahkumlar jazoni o‘tab chiqqandan so‘ng, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Chirchiq shahri misolida tayyorlangan taqdimot seminar-trening ishtirokchilari tomonidan muhokama qilinib, takliflar umumlashtirildi. Zangiota tumanidagi “Bog‘zor” mahallasi yoshlar yetakchisining yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bo‘yicha tajribasi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘quv-seminar yakunida har bir hudud kesimida alohida “Yoshlar bandligi dasturi” hamda “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan Harakatlar rejasi” ishlab chiqilishi belgilandi.

Seminar davomida ishtirokchilarning Zangiota yodgorlik majmuasiga ekskursiyasi tashkil etildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish