2023-yilning olti oyida Chirchiq shahrida yoshlar ishtirokida 49 ta jinoyat sodir etilgan. Ko‘rsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 taga yoki 32 foizga oshgan.
Sodir etilgan jinoyatlarning turlari boʻyicha oʻrganilganda qotillikdan boshqa barcha jinoyat turlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan koʻpayganini koʻrish mumkin. Jumladan:
– nomusga tegish 1 ta (oʻtgan yili – 0);
– bosqinchilik 4 ta (oʻtgan yili – 3);
– talonchilik 4 ta (oʻtgan yili – 3);
– firibgarlik 57 ta (oʻtgan yili – 44);
– oʻgʻirlik 14 ta (oʻtgan yili – 10);
– bezorilik 3 ta (oʻtgan yili – 1);
– transport vositasini olib qochish 3 ta (oʻtgan yili – 1);
– oʻrta tan jarohati yetkazish 1 ta (oʻtgan yili – 0);
– boshqa jinoyatlar 19 ta (oʻtgan yili – 17).
Oʻrganishlar natijasiga koʻra, hududdagi 44 ta mahallaning 36 tasida jinoiyatchilik kuzatilgan, ularning 20 tasini shu mahallalarda yashovchi yoshlar sodir etgan. Eng koʻpi “Yoshlik” mahallasiga toʻgʻri keladi – 3 ta.
Respublika miqyosida yoshlarni jinoyat yoʻlidan qaytarish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay bu raqamlar kamayish oʻrniga ortib borayotganining boisi nimada? Qaysi jihatlar e’tibordan chetda qolmoqda?
“QIZIL” TOIFADAN CHIQA OLMAYAPMIZ
Hilola IRISMATOVA, “Yoshlik” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Garchi hududimizda 3 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa-da, ularning hech birida mahallamiz yoshlari ishtirok etmagan. Mahallamiz hududida shaharning eng gavjum bozori joylashgan. Tabiiyki bu joyga turli mahallalardan yoshlar ishlash uchun keladi. Ular orasida esa tez-tez tortishuvlar boʻlib turadi. Baʼzan tortishuvlar janjallarga aylanib ketadi.
Qachon boʻsh vaqt topsam mahalladagi profilaktika inspektori bilan reydlarga birga chiqaman. Uyma-uy kirib, yoshlarni ogohlantiraman. Shunga qaramay, mahallamiz eng koʻp jinoyat sodir etilgan hudud sifatida “qizil” toifaga aylanib qolgan. Bu vaziyatdan chiqib ketolmayapmiz.
Shu oʻrinda bir taklifim bor: mahalladagi jinoyatlar soni shakllantirilayotganda faqat hududni emas, balki jinoyat sodir etgan yosh qaysi mahalladan ekani inobatga olinsa yaxshi bo‘lardi.
Chirchiq shahri nafaqat yoshlar orasidagi jinoyatchilik, balki ishsizlik boʻyicha ham yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Mahallalardagi oʻrganishlar natijasida 400 nafardan ortiq yoshlar bandligini taʼminlash zarurati borligi maʼlum boʻldi. Ishsiz yoshlarning eng koʻp ulishi esa hududning “Baxt” mahallasiga toʻgʻri keladi. Yoshlar bandligini taʼminlashda yetakchilar qanday toʻsiqlarga duch kelmoqda? Ayni savol bilan mahallaning yoshlar yetakchisi Rasim Guseynovga yuzlandik.
HAMMA ISH HAM YOSHLARGA YOQAVERMAYDI
Rasim GUSEYNOV, “Baxt” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Mahallamizda 11 nafar yosh ishsizlar roʻyxatiga olingan. Ularning koʻpchiligi norasmiy boʻlsa-da, daromad manbayiga ega. Shu bois ishsiz yoshlar koʻpincha biz taklif etadigan ishlarni rad etadi. Aslida ularning ham fikrlari toʻgʻri. Sababi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan taklif etilayotgan koʻplab boʻsh ish oʻrinlarining aksariyatida juda kam ish haqi vaʼda qilinadi. Yaxshi maoshli ish oʻrinlariga borsangiz, “yaqindagina odam olib boʻlganini” aytishadi.
ENG QUYI POG‘ONADAN BOSHLASH KERAK
Mahallalardagi yoshlar bandligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, hududlardagi barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal etish sector rahbarlarining ham asosiy vazifasidir. “Baxt” mahallasi biriktirilgan 4 sektor ham ishsiz yoshlar soni boʻyicha eng oldingi pogʻonada. Ammo mazkur mahalladagi birorta ishsiz yoshning ish topishida sektor rahbari ko‘maklashmagani, ishsiz yoshlar holidan xabar olish uchun ham yaqin o‘rtada kelmagani ma’lum bo‘ldi.
Sektor rahbari ishsizlik bilan kurashish bo‘yicha qandaydir tajribaga egami, degan savol bilan sektor rahbarining idorasi tomon yoʻl oldik.
Abduvali MAXAMMATOV, Chirchiq shahar soliq inspeksiyasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi, 4-sektor rahbari:
– Bu lavozimga kelganimga koʻp boʻlmadi. Hozir, asosan, “qizil” toifadagi yoshlar bilan ishlayapmiz. Qolaversa, yoshlar hozir taklif etilayotdan rasmiy ishlarni unchalik maʼqul koʻravermaydi. Ular asosan ish haqining kamligidan nolishadi. Toʻgʻri, men yoshlarni oʻzlari xohlayotgan ish oʻrinlariga joylashtirib qoʻyishim mumkin, ammo hamma ishni eng quyi pogʻonadan boshlash kerak deb hisoblayman. Shu bois ular kam ish haqi bilan bo‘lsa ham, sabr bilan sohaning sir-asrorini o‘rganishi, bosqichma-bosqich oʻsib borishi kerak deb hisoblayman. Yil boshidan buyon sektorimizda 168 nafar ishsiz yosh roʻyxatga olingan boʻlsa, hozir ularning 81 nafari rasmiy ish oʻrniga ega boʻldi. 13 nafariga esa shaxsan oʻzim ish topib berdim.
Yaqinda chirchiqlik ishsiz yoshlar uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 30 dan ortiq tashkilot va korxona uch yarim mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Natijada 100 nafardan ortiq yoshlar bilan ish beruvchilar oʻrtasida mehnat shartnomalari imzolandi. Biroq ayrim yetakchilarning ta’killashicha, o‘z hududidagi yoshlar mazkur mehnat yarmarkasida o‘zlariga munosib ish o‘rnini topolmagan.
Ammo “Haydar Maqsudov” mahallasi yoshlari uchun ushbu mehnat yarmarkasi yaxshi imkoniyat boʻldi. Mahallada ishsiz sifatida roʻyxatga olingan 8 nafar yoshning 6 nafari yarmarka orqali doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Mahalla yoshlar yetakchisi Nuriddin Mirzayevning yoshlarni ish bilan taʼminlashda yaxshigina tajribasi borligiga ham guvoh boʻldik.
“Men Prezident vakiliman”
Nuriddin MIRZAYEV, “Haydar Maqsudov” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Mahallamiz yoshlarini qayerda boʻsh ish oʻrni boʻlsa, oʻsha yerga emas, balki ular xohlagan joyga ishga joylashga harakat qilaman. Buning uchun, avvalo, yoshlar qaysi tashkilotga ishga kirishni istasa oʻsha tashkilot yoki korxona rahbarining yoniga borib, oʻzimni “Prezident vakili”man deb tanishtiraman. Kechagi yarmarkada ham deyarli barcha yoshlarimiz ish bilan taʼminlandi. Bir nafar qizimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, yana bir qizimiz esa bolalar bogʻchasiga ishga joylashdi. Har birining ish joyi va yaratilgan sharoitlari bilan tanishib chiqdim. Ular bundan juda xursand.
“Orzu qilgan ish joyimga ega boʻldim”
Muzaffar OʻSKANOV, “Maxam Chirchiq” OAJ qurilish va taʼmirlash xoʻjaligi texnik xodimi:
– Maktabni tamomlaganimdan keyin bir yil ishsiz yurdim. “Maxam Chirchiq” korxonasida ishlashni orzu qilardim. Buni yoshlar yetakchisi Nuriddin akaga aytsam, bunga erishish mumkinligini qat’iy ta’kidladi. Keyin korxona rahbari yoniga kirib, meni ishga joylashtirish masalasida gaplashib chiqdi. Ustoz-shogird an’anasi asosida 3 oy ish oʻrgandim, keyin ishga kirdim. Bir yildan buyon bu yerda 3 millionlik maosh asosida ishlab kelyapman.
Aslida har qanday ishni amalga oshirish mumkin deb hisoblaydigan “Haydar Maqsudov” mahallasi yoshlar yetakchisining tajribasini hamma mahallaning yoshlar yetakchisi oʻrganib olsa, ishsiz yoshlarning soni keskin kamaygan boʻlardi. Biz esa shunday tashabbuskor yetakchilar tajribasini sizlarga ulashishda davom etamiz.