Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BAQLAJONDAN 40 MILLION DAROMAD

19.7.2023 4062

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Toshkent viloyatida 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning soni qariyb 700 ming nafarni tashkil etadi. Yil boshidan buyon 8 ming 14 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 8 533 nafariga yordam koʻrsatildi. Ayni yoshlarning 1 346 nafari dehqonchilik qilish istagini bildirgan va ularga 403,8 gektar yer maydonlari ajratilgan.

Bekobod tumanida ham 1 435 nafar ishsiz yoshga oʻrtacha 0,50 sotixdan jami 749,5 gektar ekin maydoni ajratilgan. Hozir yosh dehqonlar hosilini yigʻib-terish bilan band.

Tumandagi “Guliston” mahallasida yashovchi Abdumuxtor Zokirov “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 10 sotix yerni 10 yil muddatga ijaraga oldi. Yosh dehqonning yaxshigina tajribasi bor.

Abdumuxtor ZOKIROV, yosh dehqon, “Guliston” mahallasi:

Menga 10 yil muddatga 10 sotix yer berilgach, baqlajon ekdim. Hozirgacha hosilni uch marta uzib oldik. Jami toʻrt marta hosil olishni reja qilganmiz. Sof daromadim 40 million so‘mga yetdi...

Birinchi navbatda, baqlajon ekiladigan maydon ekin qoldiqlari va begona oʻtlardan tozalanadi. 1 sotix yerga 150-200 kg (10 sotixga 1,5-2 t) mahalliy o‘g‘it solinadi. Yer 20-25 sm chuqurlikda ag‘dariladi, yirik kesaklar maydalanib, tekislanib, sugʻorish egatlari olinadi. Baqlajon koʻchatlarini janubiy viloyatlarda martning uchinchi oʻn kunligida, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda aprelning ikkinchi-uchinchi oʻn kunligida va shimoliy mintaqalarda aprelning uchinchi va mayning birinchi oʻn kunligida ekish tavsiya etiladi. Ekinga birinchi ishlov berish koʻchatlar toʻliq tutib olgach boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi koʻchatlar orasining tuprogʻi yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun oʻtgach ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgach yana bir bora chopiq qilinadi. Bunda yer begona oʻtlardan tozalanib, yumshatiladi, tuproq koʻchatning atrofiga bosiladi. Baqlajon yaxshi rivojlanib, moʻl hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qoʻyilgani maʼqul.

 

Dehqonchilikning hadisini olgan yoshlar bir ekindan toʻrt-besh martagacha hosil olishga erishmoqda. Bunday malakali dehqonlar safi kengaygan sari xalqimiz dasturxoni ham toʻkinlashib boraveradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish