Taxtakoʻpir tumanidagi Beltau ovulida istiqomat qiluvchi fuqarolar koʻp yillardan buyon ichimlik suvi yo‘qligidan aziyat chekib kelardi. Odamlar qishning sovuq, yozning issiq kunlarida arava tortib, ichimlik suvini ikki-uch chaqirim naridan tashirdi. Suvsizlik mahallada dehqonchilik va chorvachilikka ham o‘z taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Odamlar dehqonchilikni unutayozgandi.
Biroq mahalla “Obod qishloq” dasturiga kiritilgach, barchasi o‘zgardi. Avvalo, hudud ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu esa qator muammolarga yechim boʻldi.
Qurmangazi NURGABULOV, Taxtakoʻpir tumanidagi Beltau ovuli yoshlar yetakchisi:
– Prezidentimizning tashrifidan soʻng, mahallamizda tub burilish boʻldi. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, ish oʻrinlarini yaratish, dehqonchilik qilish uchun suv muammosini yechish, maktab va bogʻchalarni rekonstruksiya qilish va internet bilan taʼminlash borasida yangi qadamlar qo‘yilib, yangi davr boshlandi. Qisqa vaqt ichida mahallamiz ichimlik suvi bilan 100 foiz taʼminlandi. Endilikda suvni aravada tashish yoʻq.
Ovulda futbol va “Street Workout” maydonchalari qurib berildi. Natijada yoshlar boʻsh vaqtlarida sport bilan shugʻullanish imkoniga ega boʻldi. Yoshlar uchun bepul sport toʻgaraklari faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Qoʻshni mahalladan jalb etilgan futbol treneri yoshlarimizga haftasiga uch marotaba dars oʻtmoqda. Hozir 210 nafar yosh ushbu toʻgarakka aʼzo boʻlgan. Shu kunga qadar “Besh tashabbus olimpiadasi”dan birorta ham yutuqqa erishmagan edik. Joriy yilgi mavsumda tumandagi 17 ta mahalla orasida ikkinchi oʻringa loyiq koʻrildik. Biz uchun yaxshi natija.
Oʻzim dutor chalishni yaxshi bilganim uchun mahallada bu sanʼatga qiziqadigan yoshlarga dutorchilik toʻgaragini tashkil etganman. 17 nafar yoshga dutor chalishni oʻrgatyapman.
Yangi texnologiya asosida yerlarni sugʻorish uskunalari olib kelinib, suv quduqlari qazildi. Natijada dehqonchilik bilan shugʻullanish imkoniyati qayta tiklandi. Mahallamiz yoshlari orasida dehqonchilikka qiziqadigan 5 nafar yoshga 2 gektardan yer ajratib berdik. Ulardan 3 nafari migratsiyadan qaytib, dehqonchilik qilish istagini bildirgan yoshlar. Ular kam suv talab qiladigan kunjut oʻsimligini ekishdi. Hozir dehqon yigitlarimiz hosil parvarishi bilan shugʻullanmoqda.
Suv muammosini bartaraf etish maqsadida ovul yonidagi qurib qolgan soy qazilib, kengaytirildi. Bu esa 2 ming gektar yerni kafolatli sugʻorish imkonini berdi. Soyga piyodalar uchun koʻprik qurildi, atrofi obodonlashtirilib, piyodalar uchun va velo yoʻlakchalar qurildi. Qishloq shifokorlik punkti, ovul fuqarolar yigʻini binosi, 15-maktab, 13-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti va tashlandiq ahvolga kelib qolgan madaniyat saroyi taʼmirlandi. Shuningdek, ovuldagi 100 ta xonadon taʼmirlandi. 11 ming 200 tup manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi. Hududdagi 20 nafar xotin-qiz tikuvchilik kasbi boʻyicha oʻqitilib, tikuv fabrikasi ishga tushirildi. “Uzmobile” aloqa antennasi oʻrnatilishi natijasida aholi internet tarmogʻidan foydalanish imkoniga ega boʻldi.
Beltau ovulida amalga oshirilgan ishlarga qarab, suv haqiqatdan hayot manbayi ekaniga amin boʻlasiz. Mahallaga suv qaytishi bilan hayot ham, aholining yashashga boʻlgan ishtiyoqi ham qaytdi.