Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BEPUL SAYOHAT VA MUTOLAA

2.8.2023 3799

Marjona QURBONOVA tayorladi. Foto: Xolida MUSULMON

Shoir, yozuvchi, dramaturg va publitsist, o‘zbek adabiyotida roman janri asoschisi, jaded... Gap kim haqida ketayotganini anglagan bo‘lsangiz kerak. Bu galgi muzeylar bo‘ylab sayohatimiz serqirra ijodkor, adib Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga.

Tashkil etilgan yili: 2019-yil.

Ish vaqti:  dushanba-juma, 9:00 dan – 18:00 gacha.

Manzil:  Shayxontohur tumani, Samarqand Darvoza ko‘chasi, 35-uy.

Kirish narxi: bepul.

Tarixiy eksponatlar

Uy-muzey hovlisi maydoni 70 sotixni tashkil etadi. Darvozadan kirishda sizni 1852-yilga oid, odam tashishga mo‘ljallangan arava qarshi oladi. Naqshinkor, baland yog‘och ustunli ayvonlar, hovli o‘rtasidagi uzum daraxti ko‘rkam manzara va o‘zgacha muhit yaratadi. Markazda esa haykaltarosh Bahrom Norboyev adibni bir qo‘lda kitob tutgan holda o‘ychan, mulohazaga berilgan tarzda gavdalantirgan haykal qad rostlagan. Hovli ichida alohida mehmonxona, ikki qavatli 4 xonadan iborat shiypon hamda adibning onasi yashagan xona mavjud. Ular ichida adib foydalangan yozuv mashinasi, temir sandiq va taxmonlar bor.

Sayohat va mutolaa imkoni

Bu yerga nafaqat ekskursiya, balki mutolaa uchun ham kelishingiz mumkin. 2019-yil uy-muzeyiga qo‘shimcha qurilgan kutubxona, konferensiya va ko‘rgazma zallari sizga shunday imkoniyat tuhfa qiladi. Moʻjaz kutubxonada 20 mingga yaqin kitob bor. Uz-muzeyni yanada boyitish va boshqa tashkiliy ishlar bilan adibning nabirasi Xondamir Qodiriy shug‘ullanib kelmoqda.

Yosh avlod tasavvurida maʼrifatparvar insonlarning siymosini jonlantirish, buyuk adiblarimiz va ularning shaxsiyati haqida tushuncha hosil qilish biz uchun sharafli vazifa. Hovlini shunchaki uy-muzey deyish xato, bu yer adibning yaxshi va yomon xotiralari maskani, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” tug‘ilgan dargoh. Bu kabi qutlug‘ joylar har doim eʼtibor markazida bo‘lishi va abadiylashtirilishi kerak, – deydi Xondamir Qodiriy.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish