Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BEPUL TUSHLIK: chirigan olma, sichqon yegan shirinliklar uchun kim javobgar?

15.3.2023 719

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlanadi.

Bu amaliyot davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun amalga oshirildi. Mazkur hududlardagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini
bepul ovqat bilan ta’minlash uchun 100 milliard so‘mdan, jami 200 milliard so‘m ajratildi. Barcha maktab oshxonalarida ham sifatli oziq-ovqat mahsulotlari sotilmasligi, hamma o‘quvchining ham moddiy imkoniyati yetishmasligi inobatga olinsa, bu juda yaxshi ish.
Ammo tajriba-sinov o‘zini oqladimi? Bu sohaga ham korrupsiya to‘rini tashlamaydimi? Bolalar sifatli va sog‘ligiga zararsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadimi? Afsuski, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati tajribasini kuzatib, bu savollarimizga javob topganday bo‘ldik...

O‘QUVCHI UCHUN TUSHLIK – CHIRIGAN OLMA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizma­tining xabar berishicha, ayrim maktablarda o‘quvchilarga sani­tariya-epidemiologiya bo‘limi xo­dimlari tomonidan chirib ketgan olma va qo‘ng‘iz bosgan shirinlik kabi sifatsiz oziq-ovqat mahsu­lotlari berilgani aniqlangan. Be­runiy tumanidagi maktablarning birida o‘quvchilarga tushlik sifati­da berilayotgan qattiq shirinliklar surati ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Suratlarga yozilgan “Bolam tosh­day qotgan pechenyesini uyga olib kelibdi. Bu narsalarni bolaga yedirib bo‘larmidi, uvol bo‘lmasin deb tovuqlarga berdik”, “Insofsizlar, bolaga qurtlagan olma, sich­qon yegan shirinliklar berishgan. O‘z bolalariga ham shuni yedirisharmikan-a?” kabi izohlardan ham vaziyat qay darajada ekanini bilib oldik.

Jo‘qorg‘i Kenges raisi topshirig‘i bilan maktablarda “bepul nonush­ta” qanday yo‘lga qo‘yilgani Kegeyli tumani misolida o‘rganilganda ham bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz yoki yaroqsiz ekani, maktablarda oddiy ichimlik suv yoki issiq choy tayyorlashga imkon yo‘qligi aniqlangan.

SIFATSIZ MAHSULOTLAR UCHUN KIM JAVOBGAR?

Vazirlar Mahkamasining 472-qaroriga ilova qilingan nizomda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarda 1-4-sinf o‘quvchilarini keytering usulida sog‘lom ovqatlantirish tizimini tashkil etish tartibi belgilangan.

Keytering tizimi xorij tajribasi bo‘lib, hududlarda ovqatlanishni shartnoma asosida tashkil etish, ovqatlarni tayyorlash, yetkazib berish va tayyor pazandachilik mahsulotlarining chakana savdosini amalga oshirish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Nizomda belgilanganidek, buyurtmachi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi o‘quvchilarni ovqatlantirishni keytering usulida tashkil etishda quyidagilarga rioya qilishi shart: keytering tashkilotini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tanlab olish, ular tomoni­dan amalga oshiriladigan xizmat­lar sifati yuqori darajada saqlab qolinishini talab qilish...

5-bandda esa keytering tashki­loti xodimlari maktabning tegishli hududiga oldindan taqdim etil­gan va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasdiqlagan ro‘yxat asosida belgilangan tartibda kiradi hamda maktab binosida harakatlanadi, deyilgan. Vazirlik keytering tashkiloti faoliyati ustidan doimiy monitoring olib boradi. Keytering tashkiloti taomlarni ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tartibda tasdiqlangan taomnoma asosida tayyorlaydi va o‘quvchilarga yetkazib berish choralarini ko‘radi – tayyor taomlarni qadoqlangan, bir marta ishlatiladigan qutilarda sovitkich moslamasi o‘rnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazadi. Yetkazib berilgan taomlar tarkibi va sifati ustidan doimiy nazoratni ta’minlash maqsadida har bir maktabda 5 nafar (maktab direktori, hamshira va ota-onalar vakillari) a’zodan iborat maxsus komissiya tuziladi. Keytering tashkilotlari ular xarid qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatliligidan tortib, foydalaniladigan texnologik jihozlar sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlariga mosligiga, taom tayyorlash texnologiyasi qoidalariga rioya qilishdan tortib, oshpazlarning har besh yilda malaka oshirishi, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgan holda ishga qo‘yilishi uchun javobgar hisoblanadi.

QOG‘OZLARDA HAMMASI CHIROYLI

Nizomga ko‘ra, yetkazib berilgan taomlar maxsus komissiyadan o‘tib, keyin bolalarga berilishi kerak. Biroq chirigan va qurtlagan olmalar, tosh qotgan va sichqon yegan shirinliklar qayerdan kelib qoldi? Bu vaziyatda 5 nafar max­sus komissiya a’zolari ko‘zini chirt yumib bu mahsulotlarni o‘tkazib yuborishdimi yoki ularning ko‘zlari­da haqiqatan muammo bormi?

So‘rovlarimiz natijasida shuni aniqladikki, maktablarga tarqati­layotgan mazkur oziq-ovqat mah­sulotlari maxsus avtomashinalarda emas, yo‘lovchi tashish transportida yetkazib berilmoqda. Nizomda aytil­gan bir martalik idishlar, issiq ovqat­lardan esa darak yo‘q. Xo‘sh, bunday vaziyatda buyurtmachilar nizom­da ko‘rsatilganidek keytering tizimi shartlaridan xabardor emasmi? Unda savol tug‘iladi, bu yaroqsiz yeguliklar uchun kim javobgar?

Qanday bir xayrli, xalqqa man­faatli ish boshlansa, zum o‘tmay orqasidan, albatta, misi chiqadi. Ke­lasi o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Bolalarga foydali bo‘lgan tajri­balarni ishlab chiqar ekanmiz, bir chekkada o‘tmay qolgan mahsu­lotlarini o‘tkazish tajribalarini o‘ylab qo‘yayotganlar ham yo‘q emas. Shunday ekan, bu qaror haqida chuqurroq o‘ylab, nazoratni yana­da qattiqroq o‘rnatish lozim. Aks holda “bepul nonushta”ga ajratil­gan trillionlarni tamshanib kutib turganlarning ishtahasi yanada ochilib ketishi turgan gap.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish